8-modda. Jamiyatning filiallari va vakolatxonalari Jamiyat filiallar tashkil etishi hamda vakolatxonalar ochishi mumkin. Ular o‘zlarini tashkil etgan jamiyat tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadi va shu jamiyat tasdiqlagan nizomlar asosida ish ko‘radi.
Filial yoki vakolatxonaning rahbari jamiyat tomonidan tayinlanadi va jamiyat bergan ishonchnoma asosida ish ko‘radi.
Filial hamda vakolatxona faoliyati uchun javobgarlik ularni tuzgan jamiyat zimmasida bo‘ladi.
Jamiyat ustavida uning filiallari hamda vakolatxonalari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan bo‘lishi kerak. Jamiyatning filiallari hamda vakolatxonalariga doir ma’lumotlar o‘zgarishi munosabati bilan uning ustaviga kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risidagi axborot yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatiga oluvchi organga ma’lumot tarzida taqdim etiladi. Jamiyat ustavidagi mazkur o‘zgartishlar ma’lum qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang. Jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida filiallar tashkil etish va vakolatxonalar ochish, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, filiallar va vakolatxonalar joylashgan yerdagi mamlakat qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-sonli Qonuniga muvofiq beshinchi qism bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. Sho’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlari Jamiyat yuridik shaxs huquqini olgan sho’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlariga ega bo‘lishi mumkin.
Sho’ba xo‘jalik jamiyati o‘zining asosiy jamiyati qarzlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.
Sho’ba xo‘jalik jamiyatiga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalarni berishga huquqli asosiy jamiyat ana shunday ko‘rsatmalarni bajarish uchun shu’ba xo‘jalik jamiyati tomonidan tuzilgan bitimlar yuzasidan sho’ba xo‘jalik jamiyati bilan solidar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyatning sho’ba xo‘jalik jamiyatiga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalarni berish huquqi sho’ba xo‘jalik jamiyati bilan tuzilgan shartnomada yoki sho’ba xo‘jalik jamiyatining ustavida ko‘zda tutilgan taqdirdagina asosiy jamiyat bunday huquqqa ega deb hisoblanadi.
Sho’ba xo‘jalik jamiyati asosiy jamiyatning aybi bilan nochor (bankrot) bo‘lib qolgan hollarda asosiy jamiyat sho'ba xo‘jalik jamiyatining qarzlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyat sho’ba xo‘jalik jamiyatining muayyan harakatlarni amalga oshirish oqibatida nochor (bankrot) bo‘lib qolishini oldindan bilib, yuqorida aytilgan o‘z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan sho’ba xo‘jalik jamiyatning shunday harakatlarni amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan hollardagina shu’ba xo‘jalik jamiyatining nochorligi (bankrotligi) asosiy jamiyatning aybi bilan yuz bergan deb hisoblanadi.
Sho’ba xo‘jalik jamiyati aksiyadorlari asosiy jamiyatdan uning aybi bilan sho’ba xo‘jalik jamiyatiga keltirilgan ziyonni to‘lashni talab qilishga haqlidir. Asosiy jamiyat sho’ba xo‘jalik jamiyatining muayyan harakatlarni amalga oshirish oqibatida ziyon ko‘rishini oldindan bilib, o‘z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan sho’ba xo‘jalik jamiyatning shunday harakatlarni amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan holdagina ziyon asosiy jamiyatning aybi bilan keltirilgan deb hisoblanadi.
Agar jamiyatga qarashli ovoz beruvchi aksiyalarning yigirma foizidan ziyodrog‘i boshqa ishtirokchi jamiyatga qarashli bo‘lsa, bu jamiyat tobe xo‘jalik jamiyati deb tan olinadi.
Ishtirok etuvchi va tobe xo‘jalik jamiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
LexUZ sharhi
Shuningdek qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 67-68-moddalari.
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)