Akkreditivlar bilan hisob – kitoblar
Hisob – kitoblarning akkreditiv shaklida mijozning (to’lovchining) topshirig’iga ko’ra mablag’larni oluvchi foydasiga to’lovni amalga oshirish uchun mablag’ ma’lum muddatga deponentlanadi.
Akkreditiv qoplangan va qoplanmagan turlarga bo’linadi.
Qoplangan akkreditivda sotib oluvchi shartnomada ko’rsatilgan mablag’ni mijozning bankida ochilgan 22602 – “Mijozlarning akkreditivlar buyicha depozitlari” hisobvarag’ida deponentlanadi.
Qoplanmagan akkreditivda esa sotib oluvchi shartnomada ko’rsatilgan summani o’zining hisobvarag’idan alohida hisobvaraqga deponentlamaydi, balki mijozning banki uning hisobvarag’ida mablag’ bo’lmagan taqdirda to’lov kafolatini oladi.
Qoplangan va qoplanmagan akkreditivlar chaqirib olinadigan yoki chaqirib olinmaydigan bo’lishi mumkin. Uning matnida ushbu belgi mavjud bo’lmagan holda, akkreditiv chaqirib olinadigan hisoblanadi.
Chaqirib olinadigan akkreditiv bank – emitent tomonidan mablag’larni oluvchi bilan oldindan xabardor qilmagan holda, o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Akkreditivni chaqirib olish bank – emitent zimmasiga mablag’larni oluvchi oldida biron – bir majburiyat yuklamaydi. To’lovchi chaqirib olinadigan akkreditivning shartlarini o’zgartirish yoki bekor qilinishi to’g’risidagi barcha ko’rsatmalarni mablag’lar oluvchiga, faqat bank – emitent orqali berishi mumkin, ushbu bank mablag’larni oluvchining banki (ijrochi bank)ni, u esa – mablag’ oluvchini, xabardor qiladi.
Agar ijrochi bank operatsiyalarni bajarish paytigacha akkreditivning shartlari o’zgartirilganligi yoki u bekor qilinganligi haqida bildirishnoma olmagan bo’lsa, u chaqirib olinadigan akkreditiv bo’yicha to’lovni yoki boshqa operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin.
Mablag’ oluvchining roziligisiz, uning foydasiga ochilgan chaqirib olinmaydigan akkreditiv, o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas.
Ijrochi bank, bank – emitent bilan shartnoma asosida chaqirib olinmaydigan akkreditivni tasdiqlashi mumkin. Bunday xolda, chaqirib olinmaydigan akkreditiv tasdiqlangan akkreditiv bo’ladi.
Tasdiqlangan akkreditiv bo’lganda, ijrochi bank, bank – emitentning akkreditiv shartlariga muvofiq, to’lovni amalga oshirish majburiyatlari bo’yicha o’z zimmasiga qo’shimcha ravishda majburiyatlar oladi.
Tasdiqlangan akkreditiv ijrochi bankning roziligisiz o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas.
Akkreditiv bilan hisob – kitoblarning ijobiy jihati shundaki, korxona jo’natgan tovar va ko’rsatgan xizmatlari uchun to’lov kafolatlanadi. Shu bilan birga aytish lozimki, akkreditiv bilan hisob – kitoblarda mol sotib oluvchi korxonaning mablag’lari ma’lum muddatga o’z ixtiyoridan chiqib ketadi.
Akkreditivlar bilan hisob – kitoblar tartibini ikkita bank bo’limi misolida quyidagi chizmada ko’rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |