1) «Adabiyot» 6-sinf uchun darslik.
2) 6-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
«Avlodlar dovoni» romanining asosiy voqealari buyuk sarkarda Mirzo Bobur vafotidan so‘ng, u yangidan tashkil etgan Hind mamlakatida yuz beradi. Ko‘p hukmdorlar bilan bo‘lgani singari Boburdan keyin ham turli shajaralar vakillari bo‘lmish shahzodalar o‘rtasida toj-taxt dardidagi kurash alanga oldi. Bobur Mirzoning suyukli farzandi, valiahdi Humoyun Mirzo taqdirida ham bu kurashlar o‘zining qonli izini qoldirdi. Jumladan, aqlli va makkor Sherxon bilan bo‘lib o‘tgan olishuvlar boburiylar sulolasi taqdiriga jiddiy xavf solar edi.
Romanga kiritilgan to‘qima obrazlardan biri Nizom Hamida ismli go‘zal qizni sevadi. Qiz ham o‘z navbatida bu qayiqchi yigitga ko‘ngil beradi. Shunisi qiziqki, Humoyun Mirzo ham Hamidabonu qo‘zalligiga maftun bo‘lib yurardi. Albattaki, bu ishqiy musobaqada «imtiyoz» ko‘proq shahzoda tomonida edi. Taqdir taqozosini qarangki, Nizomning raqibi Humoyunning hayotini asrab qolish aynan uning o‘ziga bog‘liq bo‘lib qoladi...
* * *
Humoyun oyoq qo‘ygan yer o‘pirilib tushib, tubsiz o‘ngirga aylandi. U oyog‘ini tortib olib, orqaga tisarildi. Qorayib turgan o‘ngirning labida qandaydir daraxtning ildizi ko‘rindi. Humoyun tubsiz jarga yiqilay deganda shu daraxtni ikki qo‘llab tutib qoldi. Bir payt daraxt ham ildizi bilan sug‘urilib chiqa boshladi. Humoyun jarga yiqilib tushishini sezganda qichqirib, bosinqirab uyg‘ondi-yu: «Alhamdulillo, tush ekan» deb xiyol yengil tortdi. Lekin tashqarida dovul ko‘tarilganini, tepasidagi chodirni shamol yiqitib ketgudek qattiq silkitayotganini sezdi, jala quyib, momaqaldiroq ustma-ust guldirayotganini eshitdi-da, yana yuragi hapriqib, o‘rnidan turib ketdi.
Ganga bo‘ylarida yomg‘ir fasli boshlangan, havo iliq bo‘lsa ham dim, hamma narsa namiqib ketgan. Xos chodir eshigiga osilgan kimxob parda Humoyunning qo‘liga salqin va may in tegdi. Uni bir tomonga surib tashqariga ko‘z yugurtirdi.
Qorong‘ida hech narsa ko‘rinmaydi, faqat yashin chaqnaganda Ganganing oqish qirg‘oqlariga toshib chiqqan oqish to‘lqinlari tahdidli yarqirab ko‘zga tashlanadi. Daraxtlar dovuldan yerga tekkuday egiladi, ularning qattiq shovullashi orasidan momaqaldiroqning qasr-qusuri xiyla past eshitiladi.
Humoyunning chodiri turgan balandlikdan Gangaga kelib qo‘shiladigan yana bir daryo - Karamnasa ham ko‘rinadi. Odatda suvi uncha ko‘p bo‘lmaydigan bu daryo yomg‘ir fasli boshlangandan beri bo‘tana sellarga to‘lib, vahimali tusga kirgan. Qo‘shindagi filbon va kemachi hindlar Karamnasa daryosidan juda qo‘rqadilar, unga qo‘l-oyoqlarini tekkizmaslikka tirishadilar. Hindlarning e’tiqodi bo‘yicha, Karamnasaning suvi tekkan odam bir umr qilgan toat-ibodatidan ayrilib, kasofatning tagida qolib ketarmish. Shuning uchun taqvodor hindlar Karamnasaning narigi qirg‘og‘iga o‘tmoqchi bo‘lsalar, irim qiladilar - uning o‘zidan emas, Gangaga quyilgan joyning naryog‘idan kema bilan aylanib o‘tadilar.
Bu hodisani bundan o‘n yil oldin mana shu Karamnasa bo‘yida otasi Bobur ham ko‘rganini va o‘z esdaliklarida yozib qoldirganini Humoyun biladi. Bunaqa irimlarga ishonmaydigan Bobur Mirzo hozir Humoyun turgan joyni qo‘shinga qarorgoh qilib tanlab, bir hafta turgan va shu atrofdagi yovlarni yengib, Agraga g‘alaba bilan qaytgan edi.
Shuning uchun Humoyun taqvodorlarning irimidan ko‘rra otasining tajribasiga ko‘proq tayandi. Uch tarafi daryo bilan to‘silgan baland tepaliklar uni dushmanlaridan asraydigandek ko‘rindi. Beklar ham «faqat qarorgohning janubi-sharq tomoniga soqchilar qo‘yilsa, kechalari tinch uxlash mumkin...» deyishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |