Go'zal manzara — salomatlik omili
Odamzod hamisha keng dala, o'tloq-chamanzor, tog'lar, daryo qirg'oqlari, yoki ko'l bo'ylariga intiladi. Bunday orombaxsh joylarda inson o'zini ruhan tetik his qiladi, kuch-quvvat oladi. Umuman, tabiat manzarasi, atrof-muhit holati kishining ruhiy-hissiy holatiga ta'sir ko'rsatadi.
O'simliklar, ayniqsa, bog', o'rmonlar, toza havo, quyosh nuri sog'lomlashtirish omili hisoblanadi. Afsuski, sanoat korxonalari rivojlanishi natijasida shahar va uning atrofida muhitni ifloslantiruvchi chiqindilar ko’payib ketdi. Tabiiylikning yo'qolib, shaharlarning ko’payishi ham inson faoliyati va uning salomatligiga ta'sir qiladi. Uyning ekologik holati, uning nimadan qurilgani, qavati, tomining balandligi, tovush, shovqinni o'tkazishi, ish joyining uzoq-yaqinligi hamma-hammasi kishi kayfiyatini belgilaydi.
Inson shaharda hamma sharoitni o'zi uchun yaratadi. Issiq suv, transport, issiqlik, gaz va boshqalar, albatta, tabiiylik o'rnini bosa olmaydi. Shuning uchun shaharning ekologik holatiga, obodonlashtirish ishlariga katta e'tibor berilishi kerak. Bir so'z bilan aytganda, hozirgi zamon shahari tabiatdan ajralib qolmasligi zarur.
Texnikaning atrof-muhitga ta'siri kuchaygan sharoitda aholi va shu bilan bir qatorda kasb-hunar kollejlari o'quvchilarining salomatligini mustahkamlash uchun tabiiy omillardan imkon qadar foydalanish masalasi dolzarb bo'lib turibdi.
Insonni jismoniy va ruhiy jihatdan tarbiyalash, garmonik rivojlantirishning muhim yo'nalishi, bu — unda sog'lom turmush tarzi ko'nikmasini shakllantirishdir. Bunda esa insonning tabiat bilan muloqoti muhim o'rin egallaydi. Ko’proq toza havoda bo'lish, organizmni chiniqtirish, jismoniy faollik salomatlik garovidir. Aksin- cha, jismoniy jihatdan faolsizilik, sun'iy yoritilgan xonalarda uzoq muddat bo'lish, ruhiy-hissiy kuchlanishlar, shahar hayoti tufayli ma'lum darajada tabiatdan uzoqlashish va boshqa ko’plab omillar yoshlarning jismoniy va ruhiy jihatdan sog'lom bo'lishiga xalaqit beradi. Doimiy ravishda tabiat qo'ynida bo'lish, turistik sayohatlar, o'lka bo'ylab ekskursiyalar uyushtirish, jismoniy mashqlar, nafaqat «muskullar ochligi»ni, balki o'quv jarayoni va ishlab chiqarish faoliyatida yuzaga kelgan asabiy taranglikni ham bartaraf etadi, go`zallik hissini rivojlantiradi, o'quvchida ona tabiatga mehr-muhabbat uyg'otadi.
Tajribalar shuni ko'rsatadi, doimiy ravishda tabiat qo'ynida bo'lib turgan, unga g'amxo'rona munosabat ko'rsatgan, sog'lom hayot tarzi ko'nikmasini egallagan kishi o'zining jismoniy va ruhiy sog'lomligi, jamiyat baxt-saodati yo'lida uzoq va samarali mehnat qilishi, tevarak-atrofidagi kishilar va o'zidan qoniqish hissi bilan boshqalardan keskin ajralib turadi.
Kasb-hunar ta'limi muassasalari o'quvchilarini ekologik jihatdan tarbiyalash ularni tabiatga g'amxo'rona munosabatda bo'lishga, barcha tirik jonzotlarni asrab-avaylashga, ularga ozor bermaslikka o'rgatadi. Chunki ko’p kishilar tabiat qo'yniga dam olishga chiqqanlarida u yerda shisha idishlar, konserva qutilari va bankalari, yelim xaltalari, ovqat chiqindilari, qog'oz parchalarini qoldirib, daraxt butalarini sindirib, o'simliklarni payhon qilib ketadilar. Bu xatti-harakatlar kishilarning ekologik tarbiyasi pastligidan dalolat beradi.
Atrof-muhit tozaligiga rioya qilish shuningdek, o'zi va boshqalarning salomatligiga e'tibor berishni o'quvchilarga quruq so'zlar bilan emas, balki aniq ijobiy namuna ko'rsatish orqali o'rgatish kerak. Aks holda ish chiroyli so'zlardan nariga o'tmaydi, ekologik tarbiya jarayoni tantanavorlikka, shunchaki da'vatlarga aylanib qoladi, xolos. Shuning uchun ham, kasb-hunar ta'limi ocquv jarayonlarida o'quvchilarda «ekologik ong», «ekologik madaniyati» shakllanishi juda muhim ahamiyatga ega.
Ta'lim olayotgan yoshlar u yoki bu darajada ekologik masalalarni hal etishda ishtirok etishlari lozim.
Sanoat korxonalarining ishchilari havo qatlamini himoya qilish ishiga katta hissa qo'sha oladilar. Buning uchun eng avvalo, gaz va chang tutgichlar ishini nazorat qilish va ularni kimyoviy ishlab chiqarish chiqindilari, neft va moy tarzda suyuq chiqitlarning tarqalmasligi uchun tegishli joylarga o'rnatish kerak. Negaki, suyuq chiqindilar ko’pgina hollarda tozalanmaydi va daryo, ko'llarga oqizib yuboriladi. Natijada, suv zaharlanib, baliq va boshqa jonzotlar halok bo'lishadi. Shu paytgacha zavod va fabrikalarga tegishli tozalagich qurilmalari va tindirgichlar o'rnatilmasdi. Mavjud ekologik qurilish va moslamalar ham kam quvvatli bo'lib, suyuq chiqindilarni yetarlicha tozalay olmasdi. Shu sababli qayta ishlangan suvlardan foydalanish yoki ularni daryo va ko'llarga oqizib yuborish maqsadga muvofiq emas edi. Tozalash qurilmalari haqida ma'lumotga ega bo`lishlari va ularni ishlata bilishlari lozim.
Ma'lumki, ko’plab kishilar o'z salomatligini muhofaza qilishga unchalik e'tibor bermaydi. Axir, bemor bo'lib davolanganidan ko'ra, xastalikka chalinmaslikka intilish, uning oldini olish yaxshiku. To'g'ri, sog'lom hayot aqidasini bilish juda muhimdir. Ko’p odamlar bilmasdan salomatlik qonunini buzishadi. Ammo ko’p hollarda kishilar sihat-salomatligi uchun nimaning foydali ekanini bilishsa-da, afsuski, unga hamisha ham amal qilavermaydi. Holbuki, inson o'zi va boshqalarning halovati, xotirjamligi, foydasi uchun hayotni boshqaruvchi qonunlarini bilib, unga vijdonan amal qilib yashashi shart. Har kim tana a'zolarining vazifasini, ularning bir maromda faoliyati biror a'zoning boshqasiga ko'rsatadigan ta'siriga bog'liqligini tushunish kerak. Shuningdek, fikrlash tarzining tanaga, tana holatining esa fikrlash tarziga ko'rsatadigan ta'sirini, ular faoliyatida amal qiladigan tabiiy qonunlarni ham o'rganish maqsadga muvofiqdir.
Salomatlik qonunining buzilishi oqibati xastalikdir. Tana va ruhning ana shu oqibatdan qutilushga intilishi — davo izlashdir. Shu bois ham, xastalikdan qutulmoq uchun, eng avvalo, uning sababini bilish lozim bo'ladi. Inson salomatligining garovi hayotning barcha nosog'lom sharoitlarini o'zgartirish, yomon odatlardan voz kechmoqdir. Tana a'zolariga unda qayta ishlangan moddalardan tozalanishga, ularning bir maromda faoliyat ko'rsatishga yordam berish — sog'loshashish asosidir.
Toza havo, quyosh nuri, me'yorga amal qilish, dam olish, badan tarbiya, tartib bilan ovqatlanish, tabiatning shifo ato etuvchi kuchiga ishonch — bularning hammasi qudratli davo vositalaridir.
Davolanishning tabiiy jarayoni va sarf bo'lgan kuchlarning tiklanishi juda sokinlik ila kechadigan jarayondir. Sabr-toqatsiz insonlar uchun esa u yanada sokinroq kechayotgandek tuyuladi. Sihat- salomatlik tasodifiy hol emas, u ma'lum qonunlarga amal qilish natijasidir
Do'stlaringiz bilan baham: |