Huquq meyorlari.
Yuqorida ko`rib o`tganimizdek din, ahloq, odatiylik meyorlari ularga zid harakat qilganlar uchun moddiy emas, faqat ma’naviy javobgarliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli insonlarni bu meyorlarning talab va taqiqlariga rioya qilishga majburlashning imkoni yo`q. Lekin jamiyatdagi tartibning ta’minlanishi uchun insonlarni belgilangan talab va taqiqlarga rioya qilishga majburlash imkoni bilan ta’minlangan, javobgarligi ma’naviy emas, moddiy bo`lgan ijtimoiy meyorlarga ehtiyoj bor. Moddiy javobgarlikni keltirib chiqaradigan bunday meyorlar huquq meyorlaridir.
Huquq ijtimoiy hayotda insonlar bilan insonlar yoki insonlar bilan jamiyat o`rtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan, bajarilishi umummajburiy meyorlarning yig`indisidan iboratdir.
Huquq meyorlarining moddiy javobgarlikli bo`lgani uchun ham insonlar bu meyorlarning talab va taqiqlariga rioya qilishda o`zlarini boshga ijtimoiy meyorlariga nisbatan bo`lgani kabi erkin his qilmaydilar. Zero biladilarki, huquq meyorlariga rioya qilmagan taqdirda bu meyorlarga rioya qilishga majburlanadilar.
Buni misol bilan ko`rib chiqish mumkin. Bir shaxsning yordamga muhtoj bo`lgan boshqa shaxsga yordam berishi din va ahloq meyorlarining talabidir. Lekin agar muayyan bir inson din va ahloq meyorlarining bu talablariga rioya qilmasa va muhtojga yordam bermasa, uni bu talabga rioya qilishga va muhtojga yordam berishga majburlashning imkoni yo`q. Hatto muhtoj bo`lgan kishi yordam berishdan bosh tortganning o`z ota-onasi bo`lgan taqdirda ham holat o`zgarmaydi. Yani din va ahloq meyorlari bo`yicha muhtojlarga yordam berish talablariga rioya qilmagan shaxs bu talablarga rioya qilishga majbur qilinmaydi. Jamiyat bunday shaxsga or-nomussiz, ahloqsiz deyishdan boshqa bir narsa qila olmaydi. Lekin bu bilan muhtojning dardini yengillashtirib bo`lmaydi.
Biroq, agar huquq meyorlari ham muhtojga yordam berish haqida talab qo`ygan bo`lsa holat o`zgaradi. Chunki huquq meyorlarining bu talabiga o`z ixtiyori bilan rioya qilmagan shaxs rioya qilishga majburlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 109-moddasida joy olgan huquqiy meyor dispozitsiyasi shunday majburlovchi talab qo`ymoqda: Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o`z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to`g`risida g`amxo`rlik qilishlari shart. Bu moddaga ko`ra har kim mehnat layoqatini yo`qotib moddiy ta’minlanishga muhtoj bo`lib qolgan ota-onasiga yordam berishga majburdir. Oila huquqida bunga aliment majburiyati deb aytamiz. Demakki, voyaga yetgan har bir shaxs yordamga muhtoj bo`lgan ota-onasiga yordam berishga majburdir. Agar ma’lum bir shaxs bu meyor talabiga rioya qilmasa, u bu talabga rioya qilishga majburlanadi. Muhtoj bo`lib qolgan ota-ona (aliment oluvchi), davlatning voyaga yetgan farzandni (aliment beruvchi) huquq meyori talabiga muvofiq shaklda harakat qilishga majburlashini talab qila oladi. Buni ta’minlaydigan organ suddir. Sud organi aliment berishga majbur bo`lgan tomonga muhtoj bo`lib qolgan ota-onasiga to`lanishi kerak bo`lgan aliment miqdorini belgilab qaror chiqaradi. Oila kodeksining 110-moddasiga ko`ra, Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o`z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo`yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qarori asosida belgilanadi. Aliment to`lashga majbur bo`lgan farzand sudning qarorlashtirilgan bu talabiga ham rioya qilmasdan aliment majburiyatini bajarmasa, endi davlat majburiy ijro ettirish yo`li bilan qonun talabiga rioya qilishga majbur qiladi. Shuningdek, bunday farzandga nisbatan jinoiy javobgarlik qo`zg`atilishiga sabab bo`ladi. Oila kodeksining 116-moddasining ikkinchi satrboshida belgilanganiga ko`ra, Ota-onasiga moddiy yordam berish to`g`risidagi sudning hal qiluv qarorlarini bajarmaslik jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi. Jinoyat kodeksining 123 moddasida Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo`lgan ota-onani yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo`yin tovlashi, yani ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo`lgan mablag`ni jami bo`lib uch oydan ortiq muddat mobaynida to`lamasligi eng kichik oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ahloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.
Yuqorida ko`rib o`tgan misoldan shu ma’lum bo`layaptiki, huquq me’yorlari jamiyat haytotida tinchlik, xavfsizlik va tartibni ta’minlaydigan tartibga solish vositadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |