51-modda. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi bo‘lib, mahkumni maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasiga joylashtirish orqali jamiyatdan muddatsiz ajratib qo‘yishdan iboratdir.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi faqat javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi) va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun belgilanadi.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayolga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan tayinlanishi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining V bo‘limi (“Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni ijro etish”).
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 15-sonli “Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori.
(51-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-iyuldagi O‘RQ-99-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 248-modda)
52-modda. Harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish
Harbiy yoki maxsus unvonga ega bo‘lgan shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm qilinganida sud hukmi bilan mazkur unvondan mahrum qilinishi mumkin.
Oliy harbiy yoki maxsus unvonga yoxud O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotiga ega bo‘lgan shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun hukm qilinganida sudning hukm asosida kiritadigan taqdimnomasiga binoan mazkur unvon yoki mukofotdan mahrum qilinishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 531-moddasining yettinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 161-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuni 9-moddasining o‘ninchi qismi, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 41-bandining birinchi, uchinchi xatboshisi.
Oldingi tahrirga qarang.
(53-modda O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi 254-II-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 165-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |