Transport sohasidagi hamkorlik Mozori Sharif - Hirot temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha qo‘shma loyihasi Xayraton - Mozori Sharif temir yo‘l liniyasining kengaytirilgan qismi bo‘lib yangi transafg‘on transport koridorini tashkil etadi. Bundan tashqari, Mozori-Sharif-Peshovar temir yo‘l liniyasini qurish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish nafaqat o‘zaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar, balki har ikki davlatning tranzit salohiyatini oshirishga, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini bir-biriga bog‘lashga hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning Gvadar va Karachi portlariga kirish imkoniyatini ochishga yordam beradi.
Transport sohasidagi faol hamkorlikning boshlanishi bilan 2017 yilda Afg‘onistonning O‘zbekiston hududi orqali olib o‘tilgan yuklar hajmi 2016 yilga nisbatan 70 foizga o‘sdi. 2019 yilda Afg‘onistonga qarab va undan biz tomonga xalqaro temir yo‘l yuk tashish hajmi 5,15 million tonnani tashkil etdi. Xuddi shu yili "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan Qozog‘istondan Afg‘onistonga don va unni tashishda 20% chegirma belgilandi, shuningdek, Afg‘onistondan eksport qilinadigan tijorat tovarlari uchun qo‘shimcha to‘lovlar bekor qilindi. Bu esa ikki mamlakat uchunam temir yo‘l transporti orqali yuk tashish hajmining oshishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
2020 yilda Afg‘oniston uchun temir yo‘l yuklarini tashish bo‘yicha bir qator imtiyoz va preferensiyalar o‘rnatildi. Xususan, O‘zbekistondan Afg‘onistonga un olib o‘tishda oldindan belgilangan tariflarga nisbatan 45% dan 65% gacha chegirmalar joriy etildi. Bundan tashqari, un va neft mahsulotlarini tranzit orqali tashishda chegirma 20% dan 50% gacha chegirmalar mavjud. Afg‘onistondan eksport qilinadigan tovarlar uchun hujjatlarini rasmiylashtirish to‘lovlaridan tashqari barcha qo‘shimcha to‘lovlar bekor qilindi. Barcha turdagi tovarlarni rasmiylashtirish uchun 50% chegirma joriy etildi.
Koronavirus pandemiyasi davrida ham Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashish dinamikasi barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida Afg‘onistondan temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 2,2 million tonnani tashkil etdi, bu 2019 yilning shu davriga nisbatan 50,7 foizga ko‘pdir.
Ikki mamlakat o‘rtasida eksport-import va tranzit yuk oqimlarini yengillashtirish maqsadida Termiz bojxona terminalida "Termiz Kargo" xalqaro logistika markazi tashkil etildi. Mazkur logistika markazi Afg‘onistondan uchinchi mamlakatlarga meva va sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish uchun yangi saralash va qadoqlash liniyalari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda terminal bir vaqtning o‘zida 300 tagacha yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega, shuningdek, temir yo‘l yo‘laklari va konteynerlarni saqlash uchun omborlar tashkil qilingan.