Ikkinchidan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan foydalanish;
Uchinchidan, ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat ko‘zgusi”ga aylanishi kerak;
To‘rtinchidan, qabul qilinayotgan qonunlar olib borayotgan islohotlarimiz bilan uyg‘un bo‘lishi kerak;
Beshinchidan, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyat har bir fuqaroning, har bir mansabdor shaxsning hayot va faoliyat tarziga aylanmog‘i kerak.
“Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi” degan tushuncha fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur o‘rin egallashi hamda ijtimoiy ehtiyojga aylanishi uchun quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish lozim:
Birinchidan, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan ko‘ra bilish, qonun buzilishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga bunday holatni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirish ayniqsa dolzarbdir. Afsuski, ushbu talablar bizda hali to‘liq bajarilmoqda, deb ayta olmaymiz.
Shu yilning o‘zida 70 dan ortiq qonun, 350 dan ziyod Prezident farmoni va qarorlari qabul qilindi. Bu qonun hujjatlari kim uchun va nima maqsadda qabul qilinmoqda?
Albatta, xalqimiz farovonligi uchun.
Ikkinchidan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q.
Buyuk yunon olimi Aflotun shunday degan edi: “Xalq qonunlarga ehtiyoj sezib, ularni puxta o‘rgansa, bu faqat uning o‘ziga foyda keltiradi. Aks holda qonundan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi”.Haqiqatan ham, xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini ta’minlash qiyin bo‘ladi.
Bugun jamoatchiligimiz tom ma’noda uyg‘ondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning hatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, o‘z fikrini erkin ifoda etishga o‘rganmoqda.Yakunlanayotgan yilda Davlat budjeti ilk bor keng muhokama etilib, ochiqlik va oshkoralik ruhida qabul qilindi. Unda turli vazirlik va idoralar har bir so‘mni nimaga va qanday xarajat qilishi aniq ko‘rsatib berildi.Fuqarolarimiz va deputatlarimiz bildirgan fikrlar asosida maktablarga mebel va kompyuterlar xarid qilish uchun budjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Bunday ijobiy holat bizning tajribamizda birinchi marta yuz berayotganini alohida qayd etish lozim.
Ayni vaqtda jamoatchilik nazorati “bir tomonlama vosita”ga aylanib qolmasligi kerak. Davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki o‘zlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis ko‘rib chiqishlari lozim. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, qurilish va obodonchilikka oid qarorlar, dastlab o‘sha hududdagi aholi o‘rtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |