ǀ
ISSUE 1
ǀ
2022
324
UZBEKISTAN |
www.caajsr.uz
Prof. E.Begmatovning yozishicha, leksikada sistemalilik tilning boshqa
sathlaridagi kabi yaqqol ko‘zga tashlanib turmaydi. Leksik birliklar miqdor jihatidan
fonema, morfemalarga nisbatan ancha ko‘p va davriy beqarorlik xususiyatiga ega. Shu
bois, leksikani bor ko‘lami bilan aniqlash va tadqiq qilish imkoniyati yo‘q. Shunga
qaramasdan, leksik sistemani ilmiy tasniflashning muayyan metod va usullari mavjud.
Aytilganlar asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, leksemalarning tematik
maydonlarini, leksemaning mazmuniy guruhlari va to‘dalarini, ular o‘rtasidagi
ma’noviy munosabatlarni o‘rganish o‘zbek tili leksikologiyasining istiqbolli
yo‘nalishlaridan birini tashkil qiladi.
Bir mavzu doirasiga kirgan, leksik birliklarni atroflicha tadqiq etish, ularning
lisoniy belgilarini aniqlash va turli maqsadlarga mo‘ljallangan lug‘atlar, glossariylar
yaratish semantik nazariyasi bilan bog‘liq.
Sh.Rahmatullayevning frazemalar va omonimlar, A.Hojiyevning sinonimlar,
mualliflar guruhining antonimlar, X.Berdiyorova, R.Rasulovlarning paremiologik
birliklar va hokazolarga bag‘ishlangan lug‘atlarini bunga misol qilib keltirish mumkin.
Mazkur lug‘atlarda leksemalarning ichki va tashqi aloqalari asosida ularning
paradigmatik va sintagmatik xususiyatlari ochib berilgan.
Masalan, prof. Sh.Rahmatullayev frazemalarning semantik tabiati, ichki sintaktik
qurilishi, paradigmatik formalari, sintaktik qurshov va variantlanishi haqida o‘rinli
xulosalar chiqargan. Bular o‘z navbatida boshqa ilmiy qarashlar bilan birgalikda sistem-
struktur tilshunoslikning uchinchi yo‘nalishi rivoji uchun turtki bo‘lib xizmat qildi,
desak bo‘ladi.
Semantik maydon nazariyasi asosida sohalararo alohida ilmiy-tadqiqot ishlari olib
borish, asosan, 70-80-yillardan boshlandi. Shu munosabat bilan o‘zbek tili
leksikologiyasi tavsifiy bosqichdan yangi nazariy bosqichga ko‘tarildi. Bu bosqich
leksikani ma’lum bir semantik guruhlardan, muayyan ma’no elementlarining
munosabatlaridan tashkil topgan yaxlit bir sistema sifatida o‘rganish bilan
xarakterlanadi.
An’anaviy tilshunoslikda leksemalarning ichki va tashqi tomonidagi yirik
munosabat turlari (omonim, sinonim, antonim)gagina asosiy e’tibor qaratilgan bo‘lsa,
sistem-struktur yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar natijasida ma’noviy munosabatlarning
giponimiya (jins-tur), partonimiya (butun-bo‘lak), graduonimiya (darajalanish),
ierarxonimiya (pog‘onalanish) kabi turlari yuzaga chiqarilmoqda.
Til birliklarining dialektika qonuniyatlari asosida bir yerga jamlanishi, alohida
leksik-semantik guruhlarni tashkil qilishi hamda shu guruh ichidagi boshqa a’zolardan
ma’lum bir belgilar asosida farqlanishi sabablari keng ko‘lamda tadqiq qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |