5. Vasiy va homiyning huquq hamda majburiyatlari
83. Vasiylar o‘z vasiyligidagi shaxslarning qonuniy vakili bo‘lib, ularning nomidan va ularning manfaatlarini ko‘zlab zarur bitimlarni tuzadi.
Homiylar o‘z homiyligidagi shaxslarning qonuniy vakili bo‘lib, homiyligidagi shaxslarga o‘z huquqlarini amalga oshirishida va majburiyatlarini bajarishida ko‘maklashadi, shuningdek ularni uchinchi shaxslarning suiiste’molliklaridan muhofaza qiladi.
Vasiylar va homiylar vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning huquq va manfaatlarini barcha muassasalarda, shu jumladan, sudda ham alohida ishonchnomasiz himoya qiladi.
84. Vasiylar va homiylar quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni uning fikrini hamda vasiylik va homiylik organlarining tavsiyalarini hisobga olgan holda tarbiyalash usullarini mustaqil belgilash;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni qonuniy asoslarsiz o‘zida ushlab turgan har qanday shaxsdan, shu jumladan ota-onasidan hamda boshqa yaqin qarindoshlaridan uni qaytarib berishni sud tartibida talab qilish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ta’minoti, unga tarbiya, ta’lim berish va uning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha huquqiy, uslubiy, diagnostika va maslahat yordami olish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli bo‘lmagan bitimlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish;
zarur ijtimoiy yordam olish uchun vasiylik va homiylik organlariga, ta’lim muassasalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, nodavlat notijorat tashkilotlariga murojaat qilish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning davolanishi va sog‘lig‘ini tiklashi maqsadida davolash, sanatoriy-kurort muassasalariga yo‘llanmalar olish uchun sog‘liqni saqlash muassasalariga murojaat qilish.
Vasiylar va homiylar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
85. Vasiy yoki homiy o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda bo‘lishiga to‘sqinlik qilishga haqli emas, bunday muloqot vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning qonuniy manfaatlariga mos kelmaydigan holatlar bundan mustasno.
86. Vasiylar va homiylar quyidagilarga majbur:
o‘zining yashash joyi o‘zgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni tarbiyalashi, uning ta’minoti, sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, shuningdek uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishi uchun sharoitlarni ta’minlash;
alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ijtimoiy to‘lovlar to‘lashni talab qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning o‘zlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yo‘l qo‘ymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tug‘dirmaslik;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxslarning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlarini olish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablag‘laridan uning ta’minoti uchun foydalanish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning parvarish qilinishini, tibbiy kuzatuvini va davolash-profilaktika muassasalarida davolanishini ta’minlash;
vasiylik va homiylik organlariga o‘z majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilish;
agar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishga yoki muomala layoqati cheklanganligiga doir asoslar bekor bo‘lgan bo‘lsa, o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni muomalaga layoqatli deb topish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qilish;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs bilan birga yashash.
Homiyning o‘z homiyligidagi o‘n olti yoshga to‘lgan shaxsdan alohida yashashiga, basharti bu homiylikdagi shaxsning tarbiyasiga, ta’minotiga va ta’lim olishiga, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasa, vasiylik va homiylik organlarining yozma ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Homiy o‘z homiyligidagi shaxsdan alohida yashagan taqdirda, uning yashash, ta’lim olish sharoitlarini nazorat qilishi, uni atrofdagilarning salbiy ta’siridan himoya qilishi shart.
O‘z homiyligidagi shaxs bilan birga yashayotgan homiyning yashash joyini o‘zgartirishi vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va o‘n to‘rt yoshga to‘lgan voyaga yetmaganning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning turar joyi mavjud bo‘lmagan taqdirda, vasiy yoki homiy uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq uni olish bo‘yicha choralar ko‘rishi shart.
Muomala layoqati cheklangan fuqarolarning homiylari ularni spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-idrok faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol etishdan, chekishdan himoya qilishga doir zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi shart.
Vasiylar va homiylarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
87. Vasiy yoki homiy, agar o‘z qaramog‘idagi shaxsni spirtli ichimliklar, giyohvandlik moddalari yoxud psixotrop moddalarni iste’mol qilishi natijasida muomala layoqati cheklangan deb topilishiga asos bo‘lgan holatlar barham topsa, uni muomalaga layoqatli deb topishni va vasiylik yoki homiylik bekor qilinishini so‘rab sudga murojaat etishi shart.
88. Vasiy vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan:
vasiylikdagi shaxs nomidan notarial tartibda tasdiqlanishi lozim bo‘lgan bitim (shartnoma)lar tuzishga;
vasiylikdagi shaxsga qarashli bo‘lgan mol-mulkni taqsimlash, bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga garovga qo‘yish yoki ijaraga berishga;
vasiylikdagi shaxs nomidan meros va (yoki) hadya olishdan voz kechishga;
vasiylikdagi shaxsga qarashli turar joyni ayirboshlashga haqlidir.
89. Vasiy yoki homiy, uning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiyning yoki homiyning eri (xotini), uning yaqin qarindoshlari o‘rtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning vakili bo‘lishga haqli emas.
90. Vasiylik va homiylik bo‘yicha majburiyatlar bepul bajariladi.
Vasiy va homiyning o‘z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsning ta’minotiga doir xarajatlarining o‘rni vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mablag‘lari hisobidan qoplanadi, bu mablag‘ yetarli bo‘lmagan taqdirda esa, vasiylik va homiylik organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uning ta’minoti uchun nafaqa tayinlash maqsadida tegishli organlarga murojaat qiladi.
91. Vasiy yoki homiy o‘zining arizasiga ko‘ra o‘z majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.
Homiy homiylikdagi shaxsning talabiga ko‘ra o‘z majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi lozim.
Vasiyni yoki homiyni o‘z majburiyatlarini bajarishdan ozod qilish to‘g‘risidagi qaror tuman, shahar hokimi tomonidan vasiylik va homiylik organining iltimosnomasi asosida qabul qilinadi.
Voyaga yetmaganning, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqaroning vasiysi yoki homiysi o‘z majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan taqdirda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olingan holda unga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa vasiy yoki homiy tayinlanadi yoxud joylashtirishning boshqa shakli belgilanadi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqaroning homiysi o‘z majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan taqdirda, homiylikdagi shaxsning roziligi bilan homiy sifatida boshqa shaxs tayinlanadi.
Vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajargan shaxs o‘z majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinganligi to‘g‘risida unga ma’lum bo‘lgan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay vasiylik va homiylik organiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobot taqdim etishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |