2005 yilda dunyo bo‘yicha 338 million odam tog‘ turizmi industriyasi bilan shug‘ullangan va yillik daromad 7,2 trillion AQSh dollarini tashkil etgan. Hozirgi vaqtda yevropaliklarning qariyb yarmi tog‘li joylarda dam olishni ma’qul ko‘radi. Har xil taassurot qoldiruvchi xilma-xil tabiiy geografik ob’yektlarni kesib o‘tuvchi marshrutlar turistlar orasida katta qiziqish uyg‘otadi.
Masalan, Yaponiyada “tezyurar poyezdlar tizimi“ mamlakatning asosiy shahar markazlarini baland tog‘lar bilan, Shveysariyada trolleybuslar shaharni tog‘ muzliklari bilan bog‘laydi. Bunday misollar Shimoliy Amerikada ham mavjud.
Tog‘ relefi tekislikka nisbatan nafaqat landshaft, estetik jihatdan qulayliklarga ega, balki tog‘ning sof musaffo havosi ultrabinafsha nurlarining ko‘pligi, turli xil sport turlarini tashkil qilish imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham Yevropada Alp, Osiyoda Himolay, Afrikada Atlas, Amerikada Kordilera xalqaro tog‘ turizmi rayonlari bo‘lib
qoldi. Ayniqsa, Alyaska, Kanada tog‘larida, Grenlandiya bo‘ylab turistik marshrutlar juda ham mashhur bo‘lib, har yili bu yerga 1,5 million nafardan ortiq turist keladi. Rossiyada Oltoy, Teber, Ural va Boshqird tog‘larida esa ko‘p kunlik otda oshib o‘tish turistik marshrutlari rivojlangan.
Yurtimizning so‘lim tog‘i maskanlarida ham otda yurish turizmini rivojlantirish uchun imkoniyatlar bor. Bundan tashqari, tog‘larning yonbag‘rida ko‘pgina mamlakatlardagi kabi g‘orlarga ekskursiya uyushtirishni tashkil etish katta foyda keltiradi.
Darvoqe, keyingi vaqtlarda Yevropa mamlakatlarida tog‘-g‘or turizmi ancha rivojlandi. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida turistik ekskursiyalar uyushtiriladigan g‘orlar 1250 dan ortiq. Masalan, AQShda 169 ta, Fransiyada 110 ta, Yaponiyada 94 ta, Ispaniyada 68 ta, Xitoyda 62 ta, Avstraliyada 58 ta, Germaniyada 53 ta, Rossiyada 8 ta. O‘zbekistonda esa dunyoga mashhur o‘nlab g‘orlar bo‘lishiga qaramay, birorta g‘or turistik ekskursiya tashkil etish uchun tayyorlanmagan.
Kelajakda O‘zbekiston tog‘larining turistik va rekreatsion ob’yektlari xalqaro ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon va boshqa shaharlarning maftunkor landshaftlariga ega bo‘lgan tog‘larga yaqin joylashganligi xorijlik sayyohlarni jalb qiladi.
Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston tog‘li hududlarining rekreatsion resurslaridan foydalanish va turizmni rivojlantirishning asosiy omillaridan biri – bu qulay iqlim sharoiti, tog‘ va baland tog‘ zonalarini qoplagan tog‘ archa o‘rmonlari, subalp va alp o‘tloqlari, quruq iqlim va sof havo, ozon, havoni har xil kasalliklardan tozalovchi fitonsit yengil uchuvchi birikmalar, uzoq davom etuvchi qulay harorat, organizm uchun optimal nisbiy namlik. Shu va boshqa iqlim omillari ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatimizdagi tog‘lar O‘rta dengiz rekreatson imkoniyatlaridan kam emas va bu yerda iqlim bilan davolash, dam olishni tashkil etish uchun maqbul imkoniyatlar yetarli.
Ayniqsa, respublikamiz tog‘li va tog‘oldi hududlari bebaho va hozirga qadar kam o‘rganilgan har xil kasalliklarni davolovchi shifobaxsh mineral suv manbalari, iqlim xususiyati va sport-sog‘lomlashtirish joylariga ega. O‘zbekiston tog‘li hududlarida 60 dan ortiq mineral suv manbalari (buloqlar) topilgan. Farg‘ona va Surxondaryo vodiylarida keng tarqalgan ma’danli suvlar o‘zining davolash xususiyatlari bo‘yicha Kavkazdagi mashhur oltingugurt suvlaridan (Sochi, Matseta va boshqalar) kam emas.
Afsuski, O‘zbekistonning tog‘li zonalarida boy turistik rekreatsion resurslar amalda o‘zlashtirilganicha yo‘q. Bunga asosiy sabab turistik bazalar va mehmonxonalarning kamligi hamda transport infrastrukturasining yaxshi rivojlanmaganligidir.
Hozirda O‘zbekiston xalqaro tog‘ turizmi raqobatchilik kurashida yutqazmoqda. Shulardan kelib chiqib, biz O‘zbekistonda xalqaro tog‘ turizmining o‘chog‘i bo‘lishi mumkin bo‘lgan tekislik-tog‘ marshrutlari haqida ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |