Kadrlar tayyorlashning milliy modeli. Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari quyidagilardan iboratdir:
shaxs - kadrlar tayyorlash tizimining bosh sub’ekti va ob’ekti, ta’lim sohasidagi xizmatlarning iste’molchisi va ularni amalga oshiruvchi;
davlat va jamiyat - ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimining faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi kadrlar tayyorlash va ularni qabul qilib olishning kafillari;
uzluksiz ta’lim malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi bo‘lib, ta’limning barcha turlarini, davlat ta’lim standartlarini, kadrlar tayyorlash tizimi tuzilmasi va uning faoliyat ko‘rsatish muhitini o‘z ichiga oladi;
fan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlovchi va ulardan foydalanuvchi, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiquvchi;
ishlab chiqarish kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni, shuningdek ularning tayyorgarlik sifati va saviyasiga nisbatan qo‘yiladigan talablarni belgilovchi asosiy buyurtmachi, kadrlar tayyorlash tizimini moliya va moddiy-texnika jihatidan ta’minlash jarayonining qatnashchisi.
O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash uzluksiz tizimi va turi quyidagilardan iborat:
maktabgacha ta’lim;
umumiy o‘rta ta’lim;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi;
oliy ta’lim;
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim;
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
maktabdan tashqari ta’lim.
Bunda umumiy o‘rta ta’lim boshlang‘ich I-IV sinfgacha va V-IX sinfgacha umumiy o‘rta ta’limga bo‘linsa, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarga bo‘linadi. Xuddi shuningdek, oliy ta’lim – bakalavriatura, ya’ni ma’lum ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bazaviy oliy ta’limga va mutaxassislik bo‘yicha magistratura oliy ta’limga bo‘linadi.
Kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari.
Bu yo‘nalishlar quyidagilarni tashkil etadi:
ta’limning uzluksizligini ta’minlash;
pedagog va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
ta’lim jarayonini mazmunan islox qilish;
ma’naviy-axloqiy tarbiya va ma’rifiy ishlar;
iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlar;
ta’lim tizimini boshqarish;
kasb-xunar ta’limi sifatini nazorat qilish tizimini shakllantirish;
ta’lim tizimini moliyalash;
moddiy-texnika ta’minoti;
ta’lim tizimining yaxlit axborot makonini vujudga keltirish;
ta’lim xizmati ko‘rsatish bozorini rivojlantirish;
ta’lim soxasida ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash hamda bu soxani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
fan bilan ta’lim jarayoni aloqalarini rivojlantirish;
ishlab chiqarish va ta’lim tizimi integratsiyalashuvini rivojlantirish;
ta’lim va kadrlar tayyorlash soxasidagi xalqaro hamkorlik.
Milliy dasturni ro‘yobga chiqarishda quyidagi tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
Milliy dasturni bajarish yuzasidan davlat va jamoat institutlarining faoliyati hamda vazifalari belgilanadi;
Milliy dasturni bajarishda davlat va nodavlat tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirilib, xalqaro tashkilotlar qatnashuvi tashkil etiladi;
uzluksiz ta’limning tegishli turlari uchun davlat ta’lim standartlariga qo‘yiladigan umumiy talablarni ishlab chiqish;
oliy ta’lim muassasalari tizimini Milliy dastur talablariga binoan isloh qilish, bu borada tegishli davlat ta’lim standartlarini yaratish va joriy etish.
Bu borada shuni ta’kidlash lozim. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti Xizmatlar ko‘rsatish, servis va uni tashkil etish kafedrasi Servis (aholi va turistlarning ovqatlanishini tashkil etish), Servis texnikasi va texnologiyasi (xizmat ko‘sratish sohalari bo‘yicha) va Xizmatlar sohasi (faoliyat turlari va yo‘nalishlari bo‘yicha) Davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi va hozirgi kunda bu amaliyotga tadbiq etildi.
Ilmiy izlanish xodimlari oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim: aspirantura va doktarantura orqali tayyorlanadi. Bakalavriatura,
magistratura, aspirantura va doktorantura ta’lim ketma-ketlik tarzida bajariladi, ya’ni har bir bosqich muvofaqqiyatli tugatilgandan so‘ng, tanlov asosida navbatdagisiga o‘tiladi.
Ilmiy xodimlar aspirantura va doktaranturada tayyorlansada, ilmiy ishlar bilan shug‘ullanish dastlab bakalavriaturada turli shakllarda boshlanadi.
Talabalar bakalavriaturadan so‘ng tanlov asosida magistraturaga kirib (2 yil), magistratura dissertatsiyasini yoqlab yangi malakaviy darajaga ega bo‘lsalarda, ammo bular ham ilmiy daraja hisoblanmaydi. Ular ma’lum yangi ta’lim bosqichida, ya’ni nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini bajarsalar, shundan so‘ng ilmiy darajalarga ega bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunini bajarish borasida uzluksiz ta’lim tizimida yuqori malakali ilmiy va ilmiy pedogogik xodimlar tayyorlashga alohida ahamiyat berilib, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi maxsus (FTDK) “Uzluksiz ta’lim tizimida ilmiy va ilmiy pedogogik xodimlar tayyorlash to‘g‘risida”gi Nizom ishlab chiqilgan. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi (OAK), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi va Madaniyat va sport ishlari vazirliklari bilan kelishilgan holda 1996 yil ishlab chiqildi.
Ushbu Nizomga asosan aspirantura, doktorantura, mustaqil ish olib boruvchi tadqiqotchi, stajer tadqiqotchi, assistenturat - stajirovkalarni o‘tib, ilmiy va ilmiy-pedogogik xodim bo‘lishlari mumkin.
Shu vaqtgacha asosan aspirantura va doktaranturada o‘qishni davom ettirish bilan ikkita ilmiy daraja, ya’ni fan nomzodi va fan doktori darajalari berilib kelinar edi. Hozirgi vaqtda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan amaldagi ikki bosqichli tizimi (fan nomzodi va fan doktori) iqtisodiy rivojlangan demokratik mamlakatlarda qabul qilingan oliy malakali kadrlar tayyorlashning zamonaviy, xalqaro tan olingan talablariga mos kelmasligi ta’kidlandi.
Ushbu farmon bo‘yicha ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish bir bosqichli tizimga o‘tishni taqozo qildi, ya’ni fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lishi aytib o‘tildi.
Farmonga asosan Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ustuvor vazifalarini va mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlarni, ilg‘or jahon tajribasi va ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning xalqaro standartlarini hisobga olgan holda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, shuningdek, dissertatsiya tadqiqotlarining sifatini, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishiga sharoitlar yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – OAK), Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mavjud bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralarning 2013-yilning 1 yanvaridan boshlab:
umum qabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq dissertatsiya himoya qilish va fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimini joriy qilish;
stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutini bekor qilish, unda ta’lim olayotgan shaxslarni oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimining yangi talablariga muvofiq, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va dissertatsiya tadqiqotlari mavzularini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish asosida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilindi.
Fan doktori ilmiy darajasi “magistr” darajasi bilan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida ilmiy izlanishlar natijalariga ko‘ra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan shaxslarga tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar tomonidan berilishi; katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga “magistr” darajasi bo‘lgan, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat stajiga (2- yildan kam bo‘lmagan), shuningdek, fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan, fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ma’lum bir ilmiy natijalarni qo‘lga kiritgan (ilmiy maqolalar nashr etish, ilmiy anjumanlar, seminarlar va davra suhbatlarida ishtirok etish va boshqalar) shaxslar qabul qilinishi va o‘rnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, “bakalavr” yoki “magistr” darajasi bilan oliy ma’lumotga, 3-yildan kam bo‘lmagan amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, ilmiy izlanishlarga layoqati mavjud, belgilangan talablarga mos keladigan ma’lum bir ilmiy yutuqlarga
(ixtiro uchun patentlar, ilmiy maqolalar, ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashish va boshqalar) ega bo‘lgan shaxslarga ham doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat berilishi belgilab berildi.
Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risida Nizomga asosan Ilmiy darajalar fanning muayyan sohasida chuqur kasbiy bilimlarga va ilmiy yutuqlarga, oliy ma’lumotga yoki magistr darajasiga ega bo‘lgan shaxslarga beriladi. Shuningdek, bakalavr (oliy ma’lumotli harbiy mutaxassis) darajasiga, 5 yildan kam bo‘lmagan amaliy ish stajiga ega bo‘lib, ilmiy izlanishlarga layoqati mavjud bo‘lib, belgilangan talablarga mos keladigan ma’lum bir ilmiy yutuqlarga (ixtiro uchun patentlar, ilmiy maqolalar (ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishidagi bakalavrlar uchun kamida 10 ta OAK ro‘yxatiga kirgan ilmiy jurnallarda (shulardan kamida 4 tasi nufuzli xorijiy jurnallarda), kamida 1 ta mualliflik monografiya yoki 1 ta darslik yoki 5 ta o‘quv qo‘llanma), ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashish va boshqalar) erishgan bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan shaxslarga o‘z sohasi bo‘yicha dissertatsiya himoya qilishga ruxsat etiladi.
Doktorlik imtihonlari «Falsafa, milliy g‘oya va fan metodologiyasi»,
«Chet tili», «Informatsion texnologiyalar asoslari» hamda dissertatsiya mavzuiga muvofiq ixtisoslik fanidan o‘tkaziladi. Ushbu imtihonlar yetakchi oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasalari ishlab chiqqan hamda OAK tomonidan ma’qullangan dasturlar asosida topshiriladi.
Fan doktori ilmiy darajasiga talabgorning (bakalavr bundan mustasno) oliy ma’lumoti yoki nomzodlik dissertatsiyasi sohasi dissertatsiya tayyorlangan fan tarmog‘i ixtisosiga muvofiq bo‘lmasa, ushbu fan tarmog‘iga tatbiqan umumilmiy fan bo‘yicha, ya’ni ushbu fan tarmog‘ining asosiy mazmuni hamda umummetodologik va nazariy muammolarini yetarlicha keng qamrab oladigan fan bo‘yicha qo‘shimcha doktorlik imtihoni (yoki imtihonlari) topshiriladi. Topshirilishi kerak bo‘lgan imtihonlarni OAK belgilaydi.
Talabgorning oliy ma’lumoti sohasi dissertatsiya yoqlanayotgan fan sohasidan tubdan farq qilgan hollarda ixtisoslik bo‘yicha topshirilishi kerak bo‘lgan doktorlik imtihonlarini OAK belgilaydi.
Qo‘shimcha umumilmiy fanlar bo‘yicha imtihonlar muayyan fan tarmog‘ida ixtisoslashgan yetakchi oliy ta’lim muassasasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasdiqlagan dasturlar asosida topshiriladi. Masalan, Iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar, shuningdek, iqtisodiy nazariya bo‘yicha
doktorlik imtihonini topshiradilar, Pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar «Umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixi» fanidan ham doktorlik imtihonini topshiradilar.
Doktorlik imtihonlari markazlashgan holda, OAK buyrug‘iga asosan tuzilgan maxsus imtixon komissiyalari tomonidan qabul qilinadi. Doktorlik imtihonlarini qabul qilish huquqi tegishli fan sohalari bo‘yicha ilmiy-tashkiliy tuzilmalari (kafedra, bo‘lim, laboratoriya) mavjud bo‘lgan hamda yetarli ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatga, shuningdek tegishli moddiy-texnik bazaga ega bo‘lgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga OAK tomonidan beriladi.
Doktorlik imtihonlari bilet bo‘yicha yozma, test va og‘zaki shakllarida o‘tkaziladi. Talabgor javob tayyorlash uchun imtihon varaqalaridan foydalanadi. Imtihon varaqalari imtihondan keyin bir yil davomida saqlab turiladi.
Talabgorning bilim darajasi 100 ballik tizimda butun sonlar bilan baholanadi. Bunda baholash "a’lo" (86 – 100), "yaxshi" (71 – 85),
"qoniqarli" (55 – 70) va "qoniqarsiz" (0 – 54) ko‘rinishida bo‘ladi.
Ixtisoslik fani bo‘yicha doktorlik imtihoni topshirayotganda talabgor dastur-minimum doirasida mustahkam, chuqur bilimlarini namoyish etgan taqdirdagina ijobiy baho qo‘yiladi.
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlarga doktorlik imtihonlaridan faqat “a’lo” va “yaxshi” baho qo‘yilgan, chet tilida ((xorijiy tillardan kamida birida) ko‘proq ingliz tilida) erkin gaplasha oladigan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olish ko‘nikmalarini egallagan talabgorlarning dissertatsiya ishlarini himoyaga qabul qilishga tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |