Yetuklik davri psixologiyasi – Akmeologiya.
Levinson tasnifi bo’yicha yetuklik davrining bosqichlari.
Akmeologiya va uning lug’aviy ma’nosi. Akmeologiya fanining asosiy vazifasi.
139
9.1. Shaxs taraqqiyotidagi ijtimoiy va genotipik omillar
Mashhur rassom
Pablo
Pikasso
80 yoshga kirganda: “Yoshlik va keksalik tushunchasi
inson o’zi ruhan qarigandagina ma’lum ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda men ancha keksayib
qolganimga qaramay, o’zimni 20 yoshliday his qilmoqdaman”, – deb yozgan ekan. Ya’ni, inson
umri ma’lum davrlarga bo’linar ekan, uning har bir bosqichi shaxsning o’zi va yaqinlariga qilgan
ezgu ishlarining qadr-qimmatiga ko’ra baholanadi. Shu bois ham, shaxs taraqqiyotining u yoki
bu bosqichidagi yosh xususiyatlarini bilish ta’lim-tarbiya jarayonida amaliy ahamiyat kasb etadi.
Odamning hayotiy yo’lining boshi, uning kamol topishining negizi aslida Ollohning inoyati
bilan bola dunyoga kelishiga asos solingan dastlabki onlardan boshlanadi. Keyingi taraqqiyot
bosqichlari qator ijtimoiy, biologik, tabiiy, ruhiy, jismoniy omillarga bog’liqki, ushbu
xususiyatlarni psixologiyaning maxsus tarmog’i bo’lgan yosh davrlari psixologiyasi o’rganadi.
Shunday qilib, shaxs individual taraqqiyotining muhim omillaridan biri uning yoshiga
bog’liq bo’lgan xususiyatlaridir. Chunki taraqqiyotning har bir yosh bosqichi o’zining rivojlanish
omillariga, qonuniyatlariga, yangiliklari va o’zgarishlariga ega bo’lib, ular shaxsning xarakteri,
temperamenti, iqtidori, bilish jarayonlariga bevosita ta’sirini o’tkazadi.
Yosh taraqqiyoti davrlarining ham sifat, ham miqdor o’zgarishlariga ega bo’lgan
ko’rsatgichlari borki, amaliy psixologiya har bir yosh xususiyatlarini ana shu ikkala ko’rsatgich
nuqtai nazaridan o’rganishi va shaxs xulqini boshqarish, unga ijobiy ta’sir ko’rsatishda ularga
tayanmog’i lozim. Umuman psixologiyada isbot qilingan faktlardan biri shuki, turli davrlardagi
inson taraqqiyoti o’ta murakkab jarayon bo’lib, har bir davrning o’z qonuniyatlari mavjud. Har
bir bosqichda shaxsning biror bir xususiyatlari o’zining yetuklik bosqichiga erishadi. Masalan,
olamni sensor jihatdan, ya’ni, sezgi va idrok qilish organlari bilishning yetuklik fazasi 18-25
yoshlarda (Lazarev ma’lumotlariga ko’ra), intellektual, ijodiy yetuklik – 35 yoshlarda (Leman
ma’lumotlari), shaxsning yetukligi 50-60 yoshlarga kelib eng yuqori nuqtasiga erishadi. Shunga
o’xshash xususiyatlar insonning butun umri mobaynida muttasil kamolga yetib, rivojlanib
borishini ta’minlaydi. Shunisi xarakterliki, har bir yoshda biror funksiyalarning rivojlanishi
boshqa bir funksiyalarning susayishi hisobiga ro’y beradi. Masalan, bolalikning ilk bog’cha
yoshida fazoga moslashuv juda kuchaysa, keyinchalik uning o’rnini vaqtni adekvat idrok qilish
egallaydi. Qariyalarning biror narsalar xususida bilimdonligi, ma’lumotlarni yaxshi eslab, ular
xususida fikrlay olishi, psixomotorik funksiyalar va bevosita bilish jarayonlarining susayishi
hisobiga ro’y beradi. Xuddi shunday bolaning 3-5 yosh davri tilni, uning lug’aviy va morfologik
xususiyatlarini o’zlashtirishga juda maqbul bo’lsa, yetuklik davri bo’lmish 45-55 yoshlarga kelib
ayni shu sifat deyarli o’zini yo’qotadi (“til qotib qoladi”).
Psixologiyaning maxsus tarmog’i hisoblanmish yosh davrlari psixologiyasining eng asosiy
muammolaridan biri shuki, inson psixik taraqqiyotida qanday omillar – genetik, tug’ma yoki
orttirilgan, ijtimoiy omillar roli yetakchi ekanligi masalasidir. Bir tomondan, bolaning o’z ota-
onalaridan meros sifatida o’zlashtirgan sifatlari, masalan, anatomo-fiziologik xususiyatlar, miya
faoliyatining o’ziga xosligi, tana tuzilishi (qo’l, oyoq, yuz tuzilishi va boshq.), albatta, psixologik
jahatdan odam bolasining muhitga moslashuvi, unda o’zini erkin tutishi va faol harakatlar
qilishi, ro’y berayotgan jarayonlarni ongida ma’lum ma’noda aynan, to’g’ri aks ettirishiga sabab
bo’ladi. Chunki oddiygina anatomik anomaliya holati (qo’lning kaltaligi, bo’yning juda kichikligi
kabi) psixikaga va shaxsning jamiyatda o’zini tutishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Lekin ikkinchi
tomondan, tashqi muhit ta’sirini ham kamsitib bo’lmaydi. Masalan, agar bola maxsus o’quv
maskanlarida o’qimasa, unga tarbiyaviy ta’sirlar ko’rsatilmasa, uning rivojlanishi qanday
140
bo’lishini tasavvur qilish qiyin emas.
Bu muammolar ustida bosh qotirgan rus olimlaridan L.Vigotskiy, S.Rubinshteyn,
A.Leontyev, xorijlik J.Piaje, K.Levin va ko’plab boshqa psixologlar ikkala omil rolini ham inkor
qilmagan holda ijtimoiy muhitning yetakchi ta’siri to’g’risidagi fikrni baravar yoqlaganlar. Chunki
to’g’ri tashkil etilgan ta’lim-tarbiya, oila va undagi o’zaro munosabatlarning xarakteri, shaxs
muloqotda bo’ladigan ijtimoiy guruhlar, u tanlagan kasb va kasbdoshlari muhiti, nikoh va
ma’lumot masalalarining qanday hal qilinganligi kabi qator ijtimoiy omillar shaxsning
rivojlanishi, uning o’z-o’zini anglashi va o’zgalarga munosabati, bilish jarayonlari hamda
intellektual taraqqiyotida katta ahamiyatga egaligiga shubha yo’q. Respublikamiz Prezidenti
I.Karimov boshchiligida mutaqilligimizning dastlabki yillaridayoq boshlangan “Sog’lom avlod
uchun” siyosati farzandlarimizning ham jismonan, ham ruhan, ham aqlan yetuk bo’lishlariga
qaratilgan. Jismonan sog’lom tanada sog’lom ruh bo’lishi tabiiy.
Do'stlaringiz bilan baham: |