Asosiy qism
G’o’za tugunchalarining to’kilishi masalasini ko’pchilik tadqiqotchilar o’rgangan. Tekshiruv ishlari har tomonlama olib borildi va g’o’za tugunchalarining to’kilishi turli sabablarga bog’liq , deb tushuntirildi. Masalan, Atkinson ob-havoning keskin o’zgarishi tufayli g’o’za o’z tugunchalarini to’kib yuboradi, deb tushuntirdi. S.S.Abaeva ma’lumotlariga qaraganda, havo temperaturasi yuqori bo’lsa, fotosintez to’xtaydi va g’o’zaning uglevodga bo’lgan talabi ortadi, natijada g’o’za o’z tugunchalarini to’kib yuboradi. Agar tuproqda va havoda nam ko’p bo’lgan taqdirda ham g’o’zaning tez o’sishi tufayli o’simlikning yuqori qismi kuchli so’rim quvvatiga ega bo’lgani uchun uning pastki va o’rta qismi suvsirab qoladi. Havo qurg’oqchilik bo’lganda g’o’zaning yuqori qismida joylashgan barglar tuproqda nam yetishmasligi tufayli o’ziga yopishib turgan tugunchalardan suvni tortib olayotgan pastki va o’rta yoruslardagi barglardan suvni kuchli so’rib olayotgan bir vaqtda bunday hodisa kuchayadi. Agar normal sharoitda tugunchaning so’rim quvvati bargga nisbatan yuqori bo’lsa, shonalash davrida bargning so’rim quvvati aksincha shonaga nisbatan ko’p bo’ladi. V.A.Novikov fikricha, buning natijasida suv shonalardan barglarga yana qaytadi. Suv oqimining o’zgarishi natijasida ko’sak bandi asosidagi ajraluvchi qavatning embrional hujayrasi bo’linadi, oqibatda tugunchalar to’kiladi. Shuningdek, suv miqdorining kamayishi bilan C vitaminining miqdori ham kamayadi. Bu ham o’z navbatida g’o’za tugunchalarining to’kilishini kuchaytiradi.
Yuqorida aytilganlardan ma’lum bo’lishicha ba’zi tadqiqotchilar tugunchalar to’kilish sabablarini tashqi faktorlardan ta’siri qurg’oqchilik yuqori temperatura, yomg’ir, g’o’zalarning zararlanishi, shuningdek, ularning suv bilan yetarli ta’minlanmasligidan, ayrimlari g’o’zalarni noto’g’ri oziqlantirishdan qidirsalar, uchinchi birlari esa fiziologik ichki prosseslardan: o’simlik ayrim qismlarining bir me’yorda oziqlanmasligi hujayra shirasi konsentratsiyasi va uglevod miqdorining kamayishi barglar va ko’saklar so’rim quvvatining o’zgarishi C vitaminini, o’stiruvchi moddalar hamda boshqalarning yetishmasligidan qidiradilar. Yuqorida sanab o’tilgan faktorlardan biri ro’y berganda ham g’o’za tugunchasi to’kilishi mumkin. Ammo tuguncha to’kilishini yolg’iz bir faktorning ta’siri bilan tushuntirib bo’lmaydi. Tugunchalar turli sharoitda har xil sabablarga ko’ra to’kilishi mumkin, ammo ko’pincha tugunchalar bir qancha sabablarning birgalikda ta’sir etishi natijasida to’kiladi. Ko’pincha bir-ikkita noqulay faktorlarga barham berish bilan to’kilishning oldini olib bo’lmaydi, chunki bu yo’nalishdagi boshqa faktorlarni ham bartaraf qilish kerak. G’o’za tugunchasining ko’plab to’kilishi noqulay muhitdagi(oziq moddalarning yetishmasligi, tuproqda namning ko’p yoki oz bo’lishi haddan tashqari yuqori temperatura , havo namligi, yorug’likning kam tushishi g’o’za barglari va ildiz sistemasining zararlanishi va boshqalar) o’simlikning biologik reaksiya hisoblanadi. Bularning ta’siri natijasida o’simlikdagi biologik prosseslar: dastlab moddalar almashinuvi, ko’sak tugish, o’sish va rivojlanish prosseslari buziladi.
Tugunchaning to’kilish sabablarini buzishdan tashqari paxta hosiliga salbiy ta’sir qiluvchi bunday hodisalarga qarshi kurashish yo’llarini bilish mutlaqo zarurdir. G’o’za tugunchalarini to’kib yuboradigan noqulay sharoitni bartaraf qilib, hosilni ko’paytirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |