Italiya Uyg’onish adabiyotining ikkinchi yirik vakili Jovanni Bokachcho (1313-1375) olim va adib bo’lib, novella janrini yuqori bosqichga ko’tardi. Bokachcho Parijda tug’iladi, onasi vafot etgach, u Italiyaga olib ketiladi. Bokachcho Florentsiya bilan Neapolda o’sib ulg’aydi. Bokachchoning eng muhim asari “Dekameron” (1352-1354) hikoyalar to’plamidir. Gumanistik g’oyalar va voqelikni realistik tasvirlovchi “Dekameron” o’rta asr diniy aqidalariga qattiq va ayovsiz zarba bergan Uyg’onish davrining birinchi yirik asaridir.
Hikoyanavisning yangi Uyg’onish davri fikrlarini targ’ib qilishi, kishini tabiatan “gunohkor” deb ko’rsatuvchi katolik cherkovi aqidalarini fosh etishdan boshlanadi. “Dekameron” da yuzta novella bor. Ular ma‘lum tartibda joylashtirilgan, novellalarning biri ikkinchisiga maxsus ulovchi hikoyalar vositasi bilan bog’lanadi. Bunday adabiy usul qadimgi sharq (“Ming bir kecha”) va antik (“Metamorfozalar”) adabiyotida ham qo’llangan, lekin ularda bog’lovchi hikoyalar, vaziyatni izohlash, jazoni keyinga cho’zish uchun kiritilar edi. Bokachcho esa bog’lovchi yangi novellalarda hayotiy voqealarni, xarakterlarni tasvirlashga katta e‘tibor beradi.
1348 yilda Florentsiyada dahshatli o’lat kasali tarqalib, bu kasal juda ko’p kishilarning yostig’ini quritadi. Epidemiya sog’ qolgan kishilarning xulq-atvoriga ta‘sir etmay qolmaydi. O’rta asr diniy urf-odatlari, narigi dunyo azoblari haqidagi uydirmalar yana avjiga chiqadi. Shunday og’ir vaziyatda Bokachcho yangi fikrlarni targ’ib qiladigan asar yaratishni mo’ljallaydi va “Dekameron” nomli asarini yaratadi. Bu asar o’lat kasalining tarqalishini tasvirlash bilan boshlanadi.
Asarning kirish qismida bir to’da florentsiyalik qiz va yigitlarning o’latni boshqacha, ya‘ni dadillik bilan qarshi olishi haqida hikoya qilinadi. Ular o’lat va vahimani o’yin, kulgi bilan emas, balki aql-idrok bilan yengishga intiladilar. O’lat tarqalgan shahardan chiqib ketgan yetti yosh qiz va uch yigit shahar yaqinidagi bog’i Eramga borib, o’z vaqtlarini xushchaqchaqlik bilan o’tkaza boshlaydilar. Ular o’n kun turadilar. “Dekameron” so’zi ham shundan kelib chiqqan (dekameron – grek, o’n kunlik demakdir).
Bokachcho muhabbat yo’lida mardona kurashgan qahramonlarni himoya qiladi. Chin sevgini kuylash, katolik ruhoniylarning buzg’unchiliklarini osib tashlash, oddiy kishilarning harakatini ma‘qullash “Dekameron” dagi novellalarning asosiy mavzusidir. Bokachchoning “Dekameron” asari xalq ongini o’sishiga katta ta‘sir ko’rsatgan. Adib bu o’lmas asari bilan mangu barhayotdir.
Feodalizm sharoitida shakllana boshlagan kapitalistik munosabatlar G’arbiy Yevropada Renessans (Uyg’onish) harakatiga asos bo’ldi. Madaniyat tarixida Renessans nomi bilan yuritiladigan bu harakat dastlab Italiyada (XIV asr) va ko’p o’tmay Yevropaning qolgan mamlakatlarida ham yuzaga kelgan. “Renessans” so’zi frantsuzcha bo’lib, o’rta asrlar madaniyati, adabiyoti va san‘atidagi buyuk o’zgarishlar davrini anglatadi. Antik madaniyat barham topgandan so’ng o’n asrdan ortiq vaqt o’tgach, g’arb tafakkurida yana bir ulkan ko’tarilish, yangilanish ro’y berdi, shu sababli ham bu davrni Uyg’onish davri deb ataydilar. Yevropada Uyg’onish davri XIV asrning ikkinchi yarmidan boshlab, XVII asr gacha davom etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |