Alisher Navoiy yoshlarga chuqur bilim berishda muallimlar, mudarrislar hamda ustoz-murabbiylarning o’zlari ham bilimli va tarbiyali bo’lishi zarurligini uqtiradi. U nodon, mutaassib, johil domlalarni tanqid etadi va o’qituvchi ma’lumotli, o’qitish yo’llarini biladigan muallim bo’lishi zarur, deydi. Masalan, “Mahbub ul-qulub” asarida maktabdorlar haqida fikr yuritar ekan, ularning o’ta qattiqqo’l, johil va ta’magirliklarini. “Maktab tutuvchi gunohsiz yosh bolalarga jafo qiluvchidir. U yosh bolalarni azoblashga rag’batlangan. Ularni kaltaklashga o’rgangan o’zi rahmsiz, miyasi po’lat va ko’ngli toshdir. G’azabli qoshi chimirilgan, gunohsizlarga achchiqlanishga odatlangandir. Ularning ko’pchiligida ko’ngil qattiqligi va ta’ma kasalligi oshkor va o’zlari aql kamligiga giriftor. Ammo yosh bolalar tabiatidagi qaysarlikni qiynalib rom qiluvchi va kichkinalarning olazarak harakatini do’q bilan tartibga soluvchidir. Agarchi qiliqlarining qo’polligi namoyondir, ammo o’zlari yosh bolalar kelishmaganliklarini silliqlashtirishga yirik egovdir”, - deb qoralash bilan birga, o’qituvchi mehnatining og’irligi, murabbiylik haqqini xolisona baholaydi. “Uning ishi odam qo’lidan kelmas, odam emas balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani saqlashga ojizlik qilardi, u esa bir to’da bolaga ilm va adab o’rgatadi, ko’rkim bunga nima etsin”. Shunisi ham borki, u to’dada fahm-farosati ozlar bo’ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat kelsa qanday bo’ladi. Har qanday bo’lsa ham yosh bolalarga uning haqqi ko’pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa ham unga (muallimga) qabul qulluq qilsa arziydi.
Haq yo’lida kim senga harf o’qitmish ranj ila,
Aylamak bo’lmas ado oning haqqin yuz ganj ila
Alisher Navoiy o’qituvchining hurmatini qanchalik joyiga qo’ysa, unga bo’lgan talabni ham shunchalik oshiradi. Ayniqsa, madrasa mudarrislarining bilimli, fozil va dono, kamtar, ma’naviy pok bo’lishlarini talab etadi: “mudarris kerakki, g’arazi mansab bo’lmasa, va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko’rgazmasa va olg’irlik uchun gap-so’z va g’avg’o yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo’lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni boshi unga o’rin bo’lmasa... Yaramasliklardan qo’rqsa va nopoklikdan qochsa, nainki, o’zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni qilmoq undan sodir bo’lsa va qilar ishlarni qilmaslik unga qoida va odat bo’lib qolsa. Bu mudarris emasdir, yomon odatni tarqatuvchidir”. Alisher Navoiy asarlarida sharqona ta’lim, ustoz va murabbiylar xususidagi fikru qarashlarni tizimlashtirish mumkin:
1. Boshlang’ich va o’rta ta’lim. “Mahbub ul qulub” asarida “Dabiriston xususida” fasli.
2. Maxsus ta’lim. Madrasa ta’limi.
3. Dars beruvchilar: 1.Maktabdor shaxslar. 2.Mudarrislar.
Alisher Navoiy maktabdorni “begunoh ma’sumlarga jafokor” ekanligi, bolalar bilan ishlashda qiyinchiliklarga to’g’ri kelishini ta’kidlarkan, ularning qattiqqo’l bo’lishi, biroq ko’ngli toza bo’lishi zarurligini aytadi. Maktabdorlarning mehnatini devlar ham bajara olmaydigan ish ekanligini o’ziga xos tashbeh vositasida ifodalaydi: “Aning ishi odamdin kelmas, qaysi odamki, dev qila olmas, har qattig’ kishini bir tifl muhofazati ojiz etar, ul bir surukka ilm va adab o’rgatgay, anga ne etar”.
Dastlabki bilimni bergan maktabdorning o’quvchida haqqi ko’pligini, bu o’quvchi agar yuqori mansabni egallaganda ham ustoziga qulluq qilishi kerakligini aytib, ustozning roziligi yaratguvchining roziligiga tenglashtiriladi: “Har taqdir bila atfolga haqqi ko’pdur, agar podshohlikka etsa va anga qulluq qilsa xo’bdur. Shogird agar shayxul islom, agar qozidir, agar ustod andin rozidur tengri rozidur”.
Bolalarni savodli va bilimli qilmoq uchun o’qituvchi ko’p zahmat va mashaqqat chekadi, binobarin, birgina harfni o’rgatgan kishini ham doimo izzat ehtirom qilmoq kerak, uni unutmaslik lozim.
Haq yo’lida kim senga bir harf o’qitmish ranj ila
Aylamak bo’lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Biz yana ko’plab o’rta asrlar Sharq allomalarining buyuk ilmiy meroslari haqida to’xtalishimiz mumkin, lekin o’sha davr Sharq allomalari va mutafakkirlari ijodida “Ustoz-shogird” munosabatlari to’g’risidagi ilgari surilgan fikrlarining asosiy jihatlariga e’tiborni qaratmoqchimiz.
Bugun o’sib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga etarlicha e’tibor qaratmaydigan va bu yo’lda o’zining tarixiy, madaniy, axloqiy merosini asrab-avaylashga, ularni boyitishga va ko’paytirishga munosabat bildirmaydigan har tomonlama uyg’un rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, o’z qarash va yondashuviga, fuqarolik pozitsiyasiga ega bo’lgan shaxsni kamol toptirishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ymaydigan har qanday davlat, jamiyat tarix hamda taraqqiyot yo’lidan chetda qolib ketishi mumkin. Shu nuqtai-nazardan qaralganda birinchi navbatda o’tmish ajdodlarimizning milliy merosimizni, ayniqsa yosh avlodni har tomonlama etuk inson qilib tarbiyalashga qaratilgan boy tajribalarini, ushbu masalaga bag’ishlangan asarlarini, qarashlarini chuqur o’rganish va ulardan bugungi kunda samarali foydalanish imkoniyatini ko’rsatib berish o’ta zarur muammolardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |