Mas’udxon
Behbudiyning to’ng’ichi – Mas’udxon o’g’li. Dastlab eski maktabda, so’ngra Abdulqodir Shakuriyning usuli jaded maktabida, keyin gimnaziyada tahsil olgan. Behbudiy Mas’udxonni o’zining ba’zi maqolalarida mehr bilan tilga olgan. Masalan “ Sayohat xotiralari” sarlavhali maqolasida “ O’g’lum Mas’udxo’ja manglayidan Shafqat bo’saso olib ayrildik!...” , deyiladi. Uning yana bir “ Samarqand usuli jaded maktabining imtihoni xususida” degan maqolasida esa, Muallim Shakuriy maktabining xususiyatlari haqida gapirib uning bolalarning savodini tez chiqarishdagi xizmatlarini ta’kidlab yozar ekan, o’z o’g’lining ham Shakuriy maktabida tahsil olayotganini faxr bilan aytadi: “ Bandani hosili vujudim yeti yashar o’g’lim Mas’udxo’ja shu sinfg’a va sakkiz oylik shogirddir”. “ Turkiston viloyatining gazeti” da chiqqan “ Tasodif” sarlavhali maqolasida esa bo’sh vaqtlarida kitob mutolaasi va ayniqsa o’g’li Mas’udxo’janing tahsili bilan shug’ullanayotganini aytadi. “ O’g’lim – Mas’udxo’ja huzurimg’a bo’lsa oni forsi, turki, rusi va fani darslarini mutolaa qilurmiz”, deydi.
Mas’udxo’ja oktyabr to’ntarishidan so’ng tojikistonda istiqomat qiladi. Sho’ro matbuoti organlarida ko’p vaqtlar tarjimon bo’lib ishladi. Keyinchalik Tojikiston davlat pedagogika institutida talabalarga tojik adabiyoti bo’yicha dars beradi. 1939-yilda tojik adabiyoti namunalaridan 2 tomlik majmua chop ettiradi. Urush yillari janggohlarda bo’ladi.
Urushdan so’ng umrining oxirigacha redaksiyalarda tarjimon bo’lib ishlab kelgan.
Parvin
Yoshligida Abduqodir Shakuriyning usuli jaded maktabida dastlabki ilmni egallaydi. So’ngra, asosan uyda muallimlardan rus va fransuz tillaridan saboq oladi. Ancha yillar Samarqand tumani Qoziqo’rg’on qishlog’ida bolalarga fransuz tilidan ta’lim beradi. Parvin Behbudiy 1985-yili vafot etgan.
Maqsudxon
Maqsudxon ham usuli jaded maktabida savod chiqargan. Bokudagi ikki yillik muallimlar kursida tahsil olgan. So’ngra maktabda muallimlik qilgan.
Maqsudxon 1931-yili 21 yoshida kasalligi tufayli vafot etgan.
Matlubxon
Dastlab, usuli jadidda savod chiqargan. Muallimlik kursini tamomlagan. So’ngra Samarqand viloyatining Jomboy tumanida muallimlik qilgan. 1941-yili urushga ketib, 1942-yili jangda halok bo’lgan.
Hazrat Behbudiy farzandlaridan faqat to’ng’ichi Mas’udxondan 4 farzand qolgan. Ular: Shavkatxon – SamDUning biologiya fakultetida tahsil olgan( vafot qilgan); Midhatxon – SamDUning o’zbek filologiyasini bitirgan. Ko’p vaqtlar O’zbekiston radiosida moharrir, tarjimon, suhandinlik vazifalarida ishlagan. Keyingi vaqtlarda Tojikiston Davlat universitetida o’qituvchilik qilib kelgan ( hozir nafaqada) ; Nadimxon – SamDUda tahsil olgan. Samarqand Davlat Universiteti tojik filologiyasi fakulteti Sharq tillari kafedrasi mudiri bo’lib ishlagan, professor; Nazirxon esa SamDUning tarix fakultetida tahsil ko’rgan. Hozir Samarqand shahrida ishlab chiqarish korxonalaridan birida ishlamoqda.
Nadimxon aka hazrat Behbudiyning o’z farzandlariga qoldirgan ma’naviy me’rosi, mehr muruvvati bilan birga, moddiy me’roslari haqida ham gapirdi. Zamonning barcha ilmu urfonidan, balandu pastidan xabardor bo’lgan Behbudiy iqtisod ishlarida ham ancha ilg’or va bilimdon bo’lgan. Shuning uchun taniqli adib, Behbudiyning zamondoshlaridan bo’lgan Sadriddin Ayniy domla, hazrat haqida gapirganda, “ O’z moli haqida bo’lsin, xalq moli haqida bo’lsin, iqtisodga ko’p rioya qilar…” deb uning tejamkorligiga alohida ishora qilgan.
O’sha vaqtda Samarqandda bir qancha ichki va tashqi hovlilari, yer-suvi, bog’-rog’lari, mol-hollari bo’lgan Behbudiy ushbu yer-suvlardan keladigan daromadining bir qismini kitob, jurnal, gazeta tashkil etishdagi noshirlik ishlariga, endigina taraqqiy etib kelayotgan usuli jadid maktablari rivojiga, o’lkaning maorif
Rivoji uchun ilg’or kishilar tomonidan ta’sis etilayotgan “ Jamiyati hayriya”larga ionalar qilib turgan.
Shunday qilib hazrat Behbudiy o’z “ xosili vujud” lariga taqsimi me’rosdan quyidagicha belgilaydi: oilaning to’ng’ich o’g’li Mas’udxonga ichki hovlilardan birini, o’rtanchasi Maqsudxonga Reshetnikov ko’chasidagi 9-uyni, uchinchi o’g’li Matlubxonga Eski shaharning Emini mahallsida joylashgan uylarni, qizi Parvinga Samarqand tumani Qoziqo’rg’on qishlog’idagi katta, obod bog’I tekkan. Darvoqe, bu taqsim me’roslar ichida o’rtancha o’g’li Maqsudxonga tekkan Reshetnikov ko’chasidagi uy haqida alohida to’xtab o’tish lozim.
Maqsudxon vafot etgandan so’ng bu xonadonga Behbudiy avlodlaridan hech biri yaqinlasha olmadi. Chunki, “xalq dushmani” ning uyi, o’z-o’zidan davlat ixtiyoriga musodara qilingan. Hozir esa, bu bino joylashgan ko’cha Nekrasov nomi bilan yuritiladi. Bugungi kunda bu uyda “ Texnika aloqa xizmati ustaxonalari” joylashgan. “ Oyna “ jurnalini varaqlab, uning qatlaridagi ma’nolarni termoqchi bo’lga har bir ixlosmandning ko’zi tahririyat manziliga tushishi aniq. Unda “ Reshetnikov ko’chasi, 9-uy. Muharrirning o’z uyida” degan yozuvlar bor. Albatta, hazrat Behbudiyning ruhlari kezib yurgan bino hali-hanuz mavjudligi quvonchli hol va jonli tarix. Bu esa keng jamoatchilikning e’tiborini tortishi lozim. Darvoqe, Behbudiyning nomini abadiylashtirish maqsadida SamDUning o’zbek va tojik filologiyasi fakultetlari viloyat yozuvchilar uyushmasining jonkuyarlari birgalashib shahar hokimligiga so’rov xati tayyorlaydi. Bunda asosan : 1. Viloyat kutubxonasini uning nomi bilan atash; 2. Nekrasov ko’chasidagi “ Texnika aloqa xizmati ustaxonalari” idorasi joylashgan ko’chaga Behbudiy nomini berish; 3. Muzey ochish, kabi masalalar qo’yilgan edi. Bu yo’lda Samarqand shahri hokimligi tomonidan ining nomini abadiylashtirish maqsadida shahardan 4 kilometr uzoqlikda joylashgan Eski Qo’shtamg’ali daxasidagi ko’chalardan biriga, Bog’ishamol tumanidagi kichik yozgi kinoteatrga Behbudiy nomini bergan. Lekin, ma’naviyati dunyoni boyitgan hazrat uchun buning o’zi yetarli emas. Behbudiy nomini munosib ravishda abadiylashtirish ham bugungi kunning dolzarb vazifalaridan sanaladi. Bu esa keng jamoatchilikni o’ylantirishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |