Suvdan xalq xo`jaligida foydalanish. Chuchuk suv muammosi
Chuchuk suv tabiatdagi biologik jarayonlarning asosini tashkil
qilibgina qolmay, undan xalq xo`jaligining turli sohalarida, kishilarning kundalik
turmushida keng foydalaniladi. Sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo`jaligi va
kommunal sohalarni suvsiz tasavvur qilish mumkin emas. Zamonaviy
korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlariga sarflanayotgan suv miqdori ishlab
chiqarilayotgan mahsulot og`irligiga nisbatan yuzlab va minglab marta ko`pdir.
Masalan, 1 tonna po`lat ishlab chiqarishga 250 tonna suv ishlatiladi, qog`oz ishlab
chiqarish ham taxminan shuncha suvni talab qiladi, 1 tonna alyuminiy ishlab
chiqarish uchun 1500 tonna, 1 tonna nikelga 4000 tonna, 1 tonna sintetik tolaga
5000 tonna suv sarflanadi. Sanoatda ishlatiladigan suv asosan texnologik
uskunalarni sovutishga ketadi. Atom elektrostantsiyasida ming megavatt elektr
energiyasi ishlab chiqarish uchun reaktorlarni sovutishga 3 mln. litr suv sarflanadi.
Dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish ayniqsa ko`p miqdorda
chuchuk suvni talab qiladi. Ma'lumotlarga qaraganda turli xildagi o`simliklar 1 kg.
quruq massa hosil qilish uchun 150-1000 m. kubgacha suv sarflaydi; 1 tonna
bug`doy olish uchun 1500 tonna, 1 tonna sholiga 8000-10000 tonna, 1 tonna
paxtaga esa 10000 tonnagacha suv sarflanadi.
Yer sharida sug`oriladigan yerlar maydoni 220 mln. gektar bo`lib, har
bir gektarni sug`orishga yilida o`rtacha 12-14 ming. m. kub suv sarflanadi.
Masalan, 1 gektar makkajo`xori uchun vegetatsiya davomida 3 mln. litr suv
sarflanadi, 1 gektar karamga 8 mln litr, 1 gektar sholiga esa 20 mln. litrgacha suv
sarflanadi. Bunga qo`shimcha ravishda yerlarning sho`rini yuvishda ham
anchagina suv sarflanadi. Hisoblarga ko`ra dunyo dehqonchiligi uchun suvning
yillik sarfi o`rtacha 2,8 ming km.kub bo`lib, bu suv daryolardan va yer ostidan
olinadi. Bu ko`rsatkich Yer sharidagi daryolar yillik oqimining 7% dan ortiqdir.
Chuchuk suv zahiralardan kommunal maqsadlarda ham keng
foydalaniladi. Dunyo miqyosida olib qaraladigan bo`lsa, bu maqsadlarda sutkasiga
odam boshiga 220-230 litr suv sarflanadi, shundan 5% yeb-ichishga, qolgani
yuvish va yuvinish ishlariga sarf bo`ladi. Bu ko`rsatkich markazlashgan suv
quvurlari bilan ta'minlagan shaharlarda (280 litr) qishloq joylariga (50-60 litr)
qaraganda ancha yuqori bo`ladi.
Aholining kundalik turmushi uchun suv sarfi dunyoning rivojlangan
kapitalistik mamlakatlarida nisbatan ko`p. Bu borada AQSH yetakchi o`rinni
egallaydi. Bu mamlakatda jami aholining 99% markaziy quvurlar suvidan
bahramand qilingan bo`lib, sutkalik suv sarfi shaharlarda jon boshiga 330 litr,
qishloqda esa 250 litrni tashkil qiladi.
Xalq xo`jaligining rivojlanishi va aholi sonining beto`xtov o`sishi
chuchuk suv zahiralaridan tobora ko`proq foydalanishni taqozo etadi. Shuning
uchun ham hozirgi vaqtda nafaqat yer usti chuchuk suvlari, balkim yer osti suv
zahiralari ham ko`plab ishlatilmoqda. Bu zahiralar ba'zi mamlakatlarda ularning
hosil bo`lishiga qaraganda tezroq sarflanayapti. Masalan, AQSH da yer osti suv
zahirilarining miqdori 1910 yilda 490 km. kub bo`lgan bo`lsa, 1959 yilda 62 km.
kubga tushib qoldi. Bu mamlakatning Kaliforniya, Arizona va Texas shtatlarida
yer osti suvlarining zahirasi hozirgi kunda qariyb tugadi. Boshqa mamlakatlarda,
masalan, Avstriya va Daniyada aholining suvga bo`lgan ehtiyoji to`liq ravishda,
Gollandiyada ehtiyojning 80% va Germaniyada uning 40% yer osti suvlari
hisobiga qondirilmoqda.
Hisoblarga ko`ra chuchuk suv zahiralaridan foydalanish bo`yicha
oldingi o`rinda qishloq xo`jaligi (66%), undan keyin sanoat va energetika (27%),
oxirgi o`rinda aholining kommunal ehtiyojlari (7%) turadi.
Dunyo miqyosida sanoat ishlab chiqarishi va energetikaga yilida 1000
km. kub suv sarflanadi. Issiqlik va atom elektr stantsiyalarining agregatlarini
sovutishda ham juda ko`p suv ketadi. Masalan, quvvati 2,5 mln. kvt bo`lgan
issiqlik elektr stantsiyasi agregatlarini sovutish uchun Dnepr daryosi o`rta
qismining yoz faslidagi o`rtacha suv miqdori (90-100 m. kubG`sek.) ga teng suv
sarflanadi. Holbuki dunyoda bunga o`xshash yuzlab elektr stantsiyalari to`la
quvvat bilan ishlamoqda. Sayyoramiz aholisining kundalik turmush ehtiyojlariga
sutkasida 7 mln. tonna suv sarflanmoqda.
Shunday qilib, xalq xo`jaligining rivojlanishi va aholi sonining
beto`xtov o`sib borishi bilan ularga sarflanadigan suv miqdori ham ko`paymokda.
Buning ustiga daryolar bo`yidagi o`rmon va to`qayzorlarning yo`qotilishi, o`tloq
va botqoqlarning quritib o`zlashtirilishi bilan daryolarning suv saqlash qobiliyati
pasayib ketdi. Buning oqibatida, bir tomondan, ularning suvi tez oqib o`tib dengiz
va okeanlarga quyilayapti va nihoyat, yalang`och sohillardan suvning havoga
bug`lanishi tezlashayapti. Shuning uchun ham, garchi quruqlikdagi suv zahiralari
tabiatda aylanib turishi tufayli to`xtovsiz tiklanib tursada, hozirgi kunda ba'zi
joylarda chuchuk suv tanqisligi keskinlashib bormoqda. Chunki bu joylarda
suvning sarflanish tezligi tiklanish tezligidan jadallab ketdi. Bu hol ayniqsa
rivojlangan mamlakalarda yaqqol ko`zga tashlanmoqda. Yevropaning qator
rivojlangan mamlakatlarida, jumladan Angliya, Germaniya, Frantsiya, AQSH va
Kanadada sanoat va turmush ehtiyojlari uchun toza suv yetishmay qolayotir. Ba'zi
joylarda chuchuk suv hatto eksport predmetiga aylandi. Masalan, Gonkkong
chuchuk suvni quvurlar orqali Xitoydan oladi. Jazoyir mamlakati ham tashib
keltiriladigan suv hisobiga kun kechirmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahon Bankining ma'lumotlariga
ko`ra hozirgi kunda Yer shari aholisining 40% joylashgan 80 ta mamlakatda
ichimlik suvining tanqisligi sezilmoqda. Ayniqsa 1 mlrd. aholini qamrab olgan
rivojlanayotgan mamlakatlarda kishilar toza ichimlik suvi yetishmasligidan jiddiy
qiynalmoqdalar. Bu mamlakatlarda yetarlicha tozalanmagan suvni iste'mol qilish
oqibatida turli kasalliklarga chalinib, har yili taxminan 10 mln kishi hayotdan ko`z
yumadi.
Bunday tashvishli signallar jahon jamoatchiligini hushyorlikka
undaydi, kishilar tasavvurida «bitmas-tuganmas» bo`lib ko`ringan chuchuk suv
zahiralarining hisob-kitobi borligidan, unga xo`jasizlarcha munosabatda bo`lish,
ularni isrof qilish va ifloslash global masshtabda suv tanqisligini keltirib chiqarishi
mumkinligidan ogoh qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |