Urganch davlat universiteti



Download 313.79 Kb.
bet1/3
Sana18.02.2017
Hajmi313.79 Kb.
  1   2   3
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

URGANCH DAVLAT UNIVERSITETI

“Tibbiy bilim asoslari” kafedrasi.



Bekchonov X.U, Bekchonov M,X.

“Odam anatomiyasi va fiziologiyasi” fani bo’yicha



Mustaqil ishlarni bajarish bo`yicha

(O`quv -uslubiy qo’llanma)

5112000 – “Jismoniy madaniyat ”ta`lim yo`nalishi talabalari uchun.



Urganch 2013 y

Urganch davlat universiteti o’quv-uslubiy kengashining 2013 yil iyun 14-sonli qarori bilan chop etishga tavsiya etilgan.



Bekchonov X.U Bekchonov M.X

Mustaqil ishlarni bajarish bo`yicha (uslubiy qo’llanma)

5112000 – “Jismoniy madaniyat ” ta`lim yo`nalishi talabalari uchun



,

Ma’sul muharrir:

Xo’janiyozov S.U, UrDu O’quv ishlari prorektori pedagogika fanlari nomzodi dotsent.

Taqrizchilar :

Jumaniyozov Q. , UrDu “Tibbiy bilim asoslari ” kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlar nomzodi.

KIRISH

5112000 – “jismoniy madaniyat” ta`lim yo’nalishi oliy o’quv yurtlari uchun ishlab chiqilgan o’quv rejasiga asosan auditoriya mashg’ulotlari bilan bir qatorda talabalarning mustaqil ishlashi ham nazarda tutiladi.

Talabalar mustaqil faoliyat yuritishining shakllaridan biri mustaqil ishlarini tayyorlashdir.

O’quv rejasida oliy o’quv yurtining kunduzgi bo’limi talabalari birinchi mustaqilda o’quv yilida ”Odam anatomiyasi va fiziologiyasi” fanidan 58s mustaqil ta`lim berish nazarda tutilgan. Oliy o’quv yurtining tasdiqlangan ishchi o’quv rejasiga binoan belgilangan fanlardan ixtisoslashuv bo’yicha ta’lim olayotgan talabalar mustaqil ishlarini bajaradilar.



Talabalarni mustaqil ishini tashkil etish va nazorat qilish bo’yicha Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligini yo’riqnomasida quyidagilar keltirilgan.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturida chuqur nazariy va amaliy bilimlar bilan bir qatorda tanlagan sohasi mustaqil faoliyat ko’rsata oladigan, o’z bilimi va malakasini mustaqil ravishda oshirib boradigan, masala ijodiy yondoshgan holda muammoli vaziyatlarni to’g’ri aniqlab, taxlil qilib, sharoitga tez moslasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Ma’lumki, axborot va bilimlar doirasi tez sur’atlar bilan kengayib borayotgan hozirgi sharoitda barcha ma’lumotlarni faqat dars mashg’ulotlari paytida talabalarga yetkazish qiyin.

Tajribalar shuni ko’rsatadiki, talaba mustaqil ravishda shug’ullansa va o’z ustida tinimsiz ishlasagina bilimlarni chuqur o’zlashtirishi mumkin. Talabalarning asosiy bilim, ko’nikma va malakalari mustaqil ta’lim jarayonidagina shakllanadi, mustaqil faoliyat ko’rsatish qobiliyati rivojlanadi va ularda ijodiy ishlashga qiziqish paydo bo’ladi.

Shuning uchun talabalarning mustaqil ta’lim olishlarini rejalashtirish, tashkil qilish va buning uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, dars mashg’ulotlarida talabalarni o’qitish bilan bir qatorda ularni ko’proq o’qishga o’rgatish, bilim olish yo’llarini ko’rsatish, mustaqil ta’lim olish uchun yo’llanma berish oliy ta’lim muassasasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Talaba mustaqil ishi (TMI) - muayyan fandan o’quv dasturida belgilangan bilim, ko’nikma va malakaning ma’lum bir qismini talaba tomonidan fan o’qituvchisi maslahati va tavsiyalari asosida auditoriya va auditoriyadan tashqarida o’zlashtirilishiga yo’naltirilgan tizimli faoliyatdir.

O’qishning boshlang’ich bosqichlarida TMIni tashkil etishda bir qator vazifalar bilan bog’liq. Ayniqsa, birinchi kurs talabalarining ta’limning navbatdagi turi – oliy ta’lim talabalarga ko’nikishi qiyin kechadi. Chunki, ular ta’lim olish jarayonida o’z mustaqil faoliyatlarini tashkil qilishni deyarli bilishmaydi. Ma’lumotlarni qaysi manbadan, qanday qilib topish, ularni taxlil qilish va zarurlarini ajratib olib tartibga solish, konspektlashtirish, o’z fikrini aniq va yorqin ifodalash, o’z vaqtlarini to’g’ri taqsimlash, shuningdek, aqliy va jismoniy imkoniyatlarini to’g’ri baholash ular uchun katta muammo bo’ladi. Eng asosiysi, ular mustaqil ta’lim olishga ruhan tayyor bo’lishmaydi.

Shuning uchun har bir professor-o’qituvchi dastlab talabada o’z qobiliyati va aqliy imkoniyatlariga ishonch uyg’otishi, ularni sabr-toqat bilan bosqichma-bosqich mustaqil bilim olishni to’g’ri tashkil qilishga o’rgatib borishi lozim bo’ladi. Talabalar tomonidan mustaqil ravishda o’zlashtiriladigan bilim va ko’nikmalarining kursdan-kursga murakkablashib, kengayib borishini hisobga olgan holda ularning tashabbuskorligi va rolini oshirib borish zarur. Shunda mustaqil ta’limga ko’nikma boshlagan talaba faqat o’qituvchi tomonidan belgilab berilgan ishlarni bajaribgina qolmay, o’zining ehtiyoji, qiziqishi va qobiliyatiga qarab, o’zi zarur deb hisoblagan qo’shimcha bilimlarni ham mustaqil ravishda tanlab o’zlashtirishga o’rganib boradi.

Talabalar mustaqil ishlarining shakli va hajmini belgilashda quyidagi jihatlar e’tiborga olinishi lozim:

-o’qish bosqichi;

-muayyan fanning o’ziga xos xususiyati va o’zlashtirishdagi qiyinchilik darajasi;

-talabaning qobiliyati hamda nazariy va amaliy tayyorgarlik darajasi (tayanch bilimi);

-fanning axborot manbalari bilan ta’minlanganlik darajasi;

-talabaning axborot manbalari bilan ishlay olish darajasi;

Mustaqil ish uchun beriladigan topshiriqlarning shakli va hajmi, qiyinchilik darajasi semestrdan-semestrga ko’nikmalar hosil bo’lishiga muvofiq ravishda o’zgarib, oshib borishi lozim. Ya’ni, talabalarning topshiriqlarni bajarishdagi mustaqilligi darajasini asta-sekin oshirib, ularni topshiriqlarni bajarishga tizimli va ijodiy yondashishga o’rgatib borish kerak bo’ladi.

TMIni tashkil etishda talabaning akademik o’zlashtirish darajasi va qobiliyatini hisobga olgan holda quyidagi shakllardan foydalanish mumkin:

-fanning ayrim mavzularini o’quv adabiyotlari yordamida mustaqil o’zlashtirish, o’quv manbalari bilan ishlash;

-amaliy, semenar va laboratoriya mashg’ulotlariga tayyorgarlik ko’rib kelish;

-ma’lum mavzu bo’yicha referat tayyorlash;

-kurs ishi (loyihalari)ni bajarish;

-bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi uchun materiallar to’plash;

-hisob-kitob va grafik ishlarini bajarish;

-maket, model va badiiy asarlar ustida ishlash;

-amaliyotdagi mavjud muammoning yechimini topish, test, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash;

-ilmiy maqola, tezislar va ma’ruza tayyorlash;

-amaliy mazmundagi nostandart masalalarni yechish va ijodiy ishlash;

-uy vazifalarini bajarish va boshqalar;

Fan xususiyatidan kelib chiqqan holda talabalar mustaqil ish uchun boshqa shakllardagi vazifalar ham topshirilishi mumkin. Talabalarga qaysi turdagi topshiriqlarni berish lozimligi kafedra tomonidan belgilanadi. Topshiriqlar puxta o’ylab ishlab chiqilgan va ma’lum maqsadga yo’naltirilgan bo’lib, talabalarning auditoriya mashg’ulotlarida olgan bilimlarini mustahkamlash, chuqurlashtirish, kengaytirish va to’ldirishga xizmat qilishi kerak.

Mavzuni mustaqil o’zlashtirish. Fanning xususiyati, talabalarning bilim darajasi va qobiliyatiga qarab ishchi o’quv dasturiga kiritilgan alohida mavzular talabalarga mustaqil ravishda o’zlashtirish uchun topshiriladi. Bunda mavzuning asosiy mazmunini ifodalash va ochib berishga xizmat qiladigan tayanch iboralar, mavzuni tizimli bayon qilishga xizmat qiladigan savollarga e’tibor qaratish, asosiy adabiyotlar va axborot manbalarini ko’rsatish lozim.

Topshiriqni bajarish jarayonida talabalar mustaqil ravishda o’quv adabiyotlaridan foydalanib ushbu mavzuni konspektlashtiradilar, tayanch iboralarning mohiyatini anglagan holda mavzuga taalluqli savollarga javob tayyorlaydilar. Zarur hollarda (o’zlashtirish qiyin bo’lsa, savollar paydo bo’lsa, adabiyotlar yetishmasa, mavzuni tizimli bayon eta olmasa va h.k.) o’qituvchidan maslahatlar oladilar.

Mustaqil o’zlashtirilgan mavzu bo’yicha tayyorlangan matn kafedrada himoya qilinadi.

Referat tayyorlash. Talabaga qiyinchilik darajasi uning shaxsiy imkoniyatlari, qobiliyati va bilim darajasiga muvofiq bo’lgan biror mavzu bo’yicha referat tayyorlash topshiriladi. Bunda talaba asosiy adabiyotlardan tashqari qo’shimcha adabiyotlardan (monografiyalar, ilmiy, uslubiy maqolalar, Internetdan olingan ma’lumotlar, elektron kutubxona materiallari va h.k.) foydalanib materiallar yig’adi, taxlil qiladi, tizimga soladi va mavzu bo’yicha imkon darajasida to’liq, keng ma’lumot berishga harakat qiladi. Zarur hollarda o’qituvchidan maslahat va ko’rsatmalar oladi.

Yakunlangan referat kafedrada ekspertlar ishtirokida himoya qilinadi.



Ko’rgazmali vositalar tayyorlash.Talabaga muayyan mavzuni bayon qilish va yaxshiroq o’zlashtirish uchun yordam beradigan ko’rgazmali materiallar (jadvallar, chizmalar, rasmlar, xaritalar, maketlar, modellar, grafiklar, namunalar, musiqiy asar, kichik badiiy asar va h.k.) tayyorlash topshiriladi. Mavzu o’qituvchi tomonidan aniqlanib, talabaga ma’lum ko’rsatmalar, yo’l-yo’riqlar beriladi. Ko’rgazmali vositalarning miqdori, shakli va mazmuni talaba tomonidan mustaqil tanlanadi. Bunday vazifani bir mavzu bo’yicha bir necha talabaga topshirish ham mumkin.

Talaba ko’rgazmali materiallardan foydalanish bo’yicha yozma ravishda tavsiyalar tayyorlaydi va kafedrada himoya qiladi.



Mavzu bo’yicha testlar, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash.

Talabaga muayyan mavzu bo’yicha testlar, qiyinchilik darajasi har xil bo’lgan masalalar va topshiriqlar, munozaraga asos bo’ladigan savollar tuzish topshiriladi.

Bunda o’qituvchi tomonidan talabaga testga qo’yiladigan talabalar va uni tuzish qonun-qoidalari, qanday maqsad ko’zda tutilayotganligi, muammoli savollar tuzishda mavzuning munozarali momentlarini qanday ajratish lozimligi, topshiriqlarni tuzish usullari bo’yicha yo’l-yo’riq beriladi. Konsul’tatsiya paytlarida bajarilgan ishlarning qo’yilgan vazifa va talabalarga javob berish darajasi nazorat qilinadi (qayta ishlab kelish, aniqlashtirish yoki to’ldirish taklif etilishi mumkin).

Test, savol va topshiriqlar majmuasi kafedrada ekspertlar ishtirokida himoya qilinadi.



Ilmiy maqola, tezislar va ma’ruzalar tayyorlash.Talabaga biron bir mavzu bo’yicha (mavzuni talabaning o’zi tanlashi ham mumkin) ilmiy (referativ) xarakterda maqola, tezis yoki ma’ruza tayyorlash topshirilishi mumkin. Bunda talaba o’quv adabiyotlari, ilmiy-tadqiqot ishlari, dissertatsiyalar, maqola va monografiyalar hamda boshqa axborot manbalaridan mavzuga tegishli materiallar to’playdi, taxlil qiladi, zarurlarini ajratib olib, tartibga soladi, shaxsiy tajribasi va bilimi, ilmiy natijalariga asoslangan holda qo’shimchalar, izohlar kiritadi, o’z nuqtai-nazarini bayon etadi va asoslaydi. Bunda talaba o’qituvchi bilan hamkorlikda ishlaydi.

Tayyorlangan maqola, yoki ma’ruza kafedrada himoya qilinadi.



Amaliy mazmundagi nostandart masalalarni yechish va ijodiy ishlash.

Bir mavzu yoki bo’lim bo’yicha nostandart, alohida yondashish talab qilinadigan, nazariy ahamiyatga ega bo’lgan amaliy topshiriqlar, ijodiy yondashish talab qilinadigan ilmiy-ijodiy vazifalar, modellar, maketlar, namunalar yaratish vazifasi topshirilishi mumkin. Amaliy topshiriqlar masalani hal qilishning optimal variantlarini izlashga va topishga qaratilgan bo’lishi kerak.

Talabaning qiziqish va qobiliyatiga qarab, unga ilmiy xarakterdagi topshiriqlar berish, o’qituvchi bilan hamkorlikda ilmiy maqolalar tayyorlash va chop ettirish mumkin.

Talabalar mustaqil ishini samarali tashkil etishda:

Tizimli yondashish;

Barcha bosqichlarini muvofiqlashtirish va uzviylashtirish;

Bajarilishi ustidan qat’iy nazorat o’rnatish;

Tashkil etish va nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirib borish zarur.

Mustaqil ish topshiriqlari muvoffaqiyatli yakunlanishi uchun quyidagi talabalar bajarilishi lozim:

Maqsad (bilimni mustahkamlash, yangi bilimlarni o’zlashtirish, ijodiy faollikni oshirish, amaliy ko’nikma va malakalarni shakllantirish va h.k.), aniq asoslanishi;

vazifa va topshiriqlarning aniq-ravshan belgilanishi;

topshiriqlarni bajarish va algoritmi va metodlaridan talabalarning yetarli darajada xabardor bo’lishi;

maslahat va boshqa yordam turlarining to’g’ri belgilanishi (yo’llanma va ko’rsatma berish, mavzuning mazmuni va mohiyatini tushuntirish, muammoli topshiriqlarni bajarish usullari bo’yicha tushuncha berish, ayrim muammoli momentlarni birgalikda hal qilish va h.k.);

hisobot shakli va baholash mezonini aniq belgilash;

nazorat vaqti, shakli va turlarini aniq belgilab olish (amaliy seminar, laboratoriya mashg’ulotlari, konsul’tatsiya uchun yoki nazorat uchun maxsus ajratilgan vaqt; ma’ruza yoki referat matni, bajarilgan topshiriqlar daftari, nazorat ishlari, uy vazifasi daftari, kurs ishlari, test, maqola, nostandart topshiriqlar, savollar, maqola, ko’rgazmali jihozlar va ijodiy ishlar; savol-javob, bajarilgan ish mazmuni va mohiyatini tushuntirib berish, yozma shaklda bayon qilish va h.k.).

Talabalar mustaqil ishini shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin:

auditoriya amalga oshiriladigan TMIlari. O’tilgan mavzuni qayta ishlash, kengaytirish va mustahkamlashga oid topshiriqlar bajariladi;

Auditoriyadan tashqarida amalga oshiriladigan TMIlari. O’quv dasturidagi ayrim mavzularni mustaqil holda o’zlashtirish, uyga berilgan vazifalarni bajarish, amaliy va laboratoriya ishlariga tayyorgarlik ko’rib kelish, ijodiy va ilmiy-tadqiqot xarakteridagi ishlar va h.k.

Birinchi tur ishlari talabalarning nazariy va amaliy bilimlarini o’zlashtirib borish darajasi, amaliy mashg’ulotlarga (amaliy, laboratoriya, seminar darslari) tayyorgarlik saviyasi va uy vazifalarining bajarilish sifatini tekshirish maqsadida, odatda, nazorat ishlari olish, savol-javob, suhbat, munozara, amaliy topshiriqlarini bajartirib ko’rish va h.k. usullarda asosan amaliyot darslarida nazorat (joriy nazorat) qilinadi.

Joriy nazoratda talabaning dars paytida o’tilgan materiallarni o’zlashtirish va uyga berilgan topshiriqlarni bajarishdagi faolligi, bajarish saviyasi va o’zlashtirish darajasi e’tiborga olinadi.

Ikkinchi tur ishlar fanning ishchi o’quv dasturida auditoriyadan tashqarida o’zlashtirilishi belgilangan mavzu bo’yicha ma’lumot va axborotlarni mustaqil ravishda izlab topish, taxlil qilish, konspektlashtirish (yoki referat tarzida rasmiylashtirish) va o’zlashtirish, ijodiy yondashishni talab qiladigan amaliy topshiriqlarni bajarish ko’rinishida amalga oshiriladi. Bu turdagi ishlarni bajarish jarayoni va o’zlashtirish sifatining nazorati darsdan tashqari paytlarda, maxsus belgilangan konsul’tatsiya soatlarida amalga oshiriladi.



Talabalar mustaqil ishini baholash.

TMI natijalari amaldagi “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to’g’risidagi Nizom”ga asosan baholab boriladi.



Mustaqil ishning rejasi

( 58 soatga mo’ljallangan).

1-mustaqil ish (4 soat)

Mavzu: Odam tanasining shakllari va qaddi qomatning shakllanishida jismoniy mashq va mehnatning roli.

Maqsad: Normal qomatning rivojlanishi, tana tuzilishida sport va mehnatning roli, qomatning noto’g’ri shakllanish sabablari to’g’risida tushunchaga ega bo’lish.

Vazifa: Mavzu yuzasidan chuqur bilimga ega bo’lish, egallagan bilim va ko’nikmalarini hayotda, amalda, kelajak avlodning sog’lom bo’lishi uchun qo’llay olish imkoniyatini egallash.

Mustaqil ishning yo’nalishlari:

a) Tayanch-harakatlanish tizimining rivojlanishida jismoniy tarbiya va mehnatning roli va ularning ahamiyati haqida ma’lumot.

b) Normal qaddi-qomatning tuzilishi (skelet va muskullarning tuzilishi).

v) Qaddi-qomat turlari: egilgan, lordoz, kifoz, kekkaygan, skaliotik turlar haqida umumiy ma’lumot.

g) Bola qomatining normal rivojlanishi uchun amal qilinadigan gigiyenik qoidalar.

d) Qomatning normal shakllanmasligi, ya’ni buzilishining tashqi ko’rinishga, ichki a’zolar rivojlanishi hamda vazifasiga salbiy ta’siri.

j) O’zingiz sevgan sport turi va uning odam organizmi uchun ahamiyati.

Mustaqil ish yuzasidan topshiriqlar.

1. Mustaqil ishning yo’nalishlari bo’yicha, mustaqil ishning asosiy mazmuniga asoslangan holda chuqur bilimga ega bo’lish.

2. Mustaqil ishning asosiy mazmuniga, elektron darsliklar, internet tarmog’i, ilmiy-amaliy anjumanlar va ommaviy axborot vositalari orqali olingan ma’lumotlar asosida bilimlarni yozma bayon etish.

3. O’zingiz muntazam holda shug’ullanib kelgan sport turi va kuzatilgan holatlar, ularning organizm uchun ahamiyati haqidagi tajribalaringizni og’zaki tushuntirish.

4. O’zlashtirgan bilim va ko’nikmalarni amalda tadbiq eta olish.

5. Mavzuga doir test variantlari tuzish.



Mustaqil ishning asosiy mazmuni:

Jismoniy tarbiya odam organizmining normada o’sishi, rivojlanishida va qaddi-qomatning kelishgan, chiroyli shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Doimiy holda mehnat, jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanish natijasida muskul to’qimasida moddalar almashinuvi kuchayadi. Muskullarga qon oqib kelishi yaxshilanadi va ko’payadi. Natijada muskullar oziq moddalar bilan yaxshi ta’minlanadi. Ma’lum bo’lishicha sport bilan shug’ullanuvchi kishilarning har 100 ta muskul tolasida mayda qon tomirlar (kapillyarlar) ning soni boshqalarga nisbatan ikki marta ko’p bo’ladi.

Muskullarning yaxshi rivojlanishi, tolalari va paylarining baquvvat, mustahkam bo’lishi, suyaklarning yaxshi rivojlanishiga , ularning mustahkam bo’lishiga olib keladi. Shuning uchun yoshlikdan boshlab jismoniy tarbiya, mehnat va sport bilan doimiy ravishda shug’ullansa suyaklarning o’sishi, rivojlanishi, shakllanishi yaxshi bo’ladi. Shu bilan bir qatorda o’pka, yurak, jigar, qon tomir, buyraklar, oshqozon-ichak, asab tizimining ishi ham yaxshilanadi. Natijada odam har tomonlama sog’lom va baquvvat bo’ladi, turli xil kasalliklarga qarshi organizmning kurashishi ortadi. Jismoniy mashq va mehnat bilan shug’ullanganlar kasalliklarga kam chalinadi va uzoq umr ko’radi.

Odamnimning qaddi-qomati uning skeleti, muskullari va nerv tizimining rivojlanishiga bog’liq. Qomatning shakllanishida ayniqsa umurtqa pog’onasining normal rivojlanishi muhim ahamiyatga ega. Normal holatda bo’yin va bel oldinga biroz egilgan bo’ladi. Bu tabiiy holdagi egilishlar bir yoshgacha bo’lgan bolalarda bo’lmaydi. Bolaning tik turishi, yurishi, boshini tik tutishi natijasida asta-sekin bu egilishlar hosil bo’ladi. Normadan ko’p egilish qomatning noto’g’ri shakllanishi olib keladi. Ko’krak qafasi, qo’l va oyoq suyaklari va tana muskullarining rivojlanishi ham tana holatining tuzilishiga ta’sir etadi. Normada qomati kelishganlarning tanasi tik va to’g’ri, boshi ko’tarilgan, yelkalari yozilgan va bir tekislikda, qorni bir muncha ichiga tortilgan, oyoqlari tik va to’g’ri bo’ladi.

Demak qomatning rivojlanishida asosan umurtqa pog’onasining rivojlanishi katta ahamiyatga ega.

Bolani 6 oylikka yetmasidan o’tirg’izish, yostiqning baland bo’lishi, 4-5 yoshgacha bo’lgan bolalarni uzoq vaqt qo’lidan yetaklab yurish, boshlang’ich sinf o’quvchilarining uzoq vaqt bir joyda o’tirishi, tik turishi, og’ir yukni ko’tarishi, stulda qiyshayib o’tirish kabilar tananing normal rivojlanmasligiga olib keladi.

Qaddi-qomatning shakllanishi 18 yoshgacha davom etadi.

Mustaqil ishlash uchun adabiyotlar ro’yxati:

1. E.Qodirov “Odam anatomiyasi” Toshkent 2003 yil Osteologiya bo’limi 40-64 betlar..

2. N.K.Axmedov “Odam anatomiyasidan atlas” 2-jild. Toshkent 1998 yil.

3. N.K.Axmedov “Normal va patologik anatomiya bilan fiziologiya” Toshkent. 1997 yil. 105-115 betlar

4. N.V.Kolesnikov “Odam anatomiyasi” Toshkent. 1970 yil. 80-87 betlar.

5. Elektron darsliklar, internet tarmog’i va ommaviy axborot vositalari orqali olingan ma’lumotlardan foydalanish.



2-mustaqil ish (4 soat)

Mavzu: Suyaklarning tuzilishi va qo’l va yelka kamari skeleti.

Maqsad: Qo’l va yelka kamari suyaklarining tuzilishi, tanada joylashishi va bajaradigan vazifasi haqidagi bilimlarni egallash.

Vazifa: O’mrov, kurak, qo’lning erkin suyaklari va qo’lning panja suyaklarining tuzilishini elektron adabiyotlar, adabiyotlar va internet tarmog’i orqali olingan ma’lumotlar asosida o’rganish.

Mustaqil ishning yo’nalishlari:

a) Qo’l suyaklarining tuzilishi va ularning ahamiyati haqida ma’lumotga ega bo’lish.

b) Yelka kamari suyaklarining (o’mrov, kurak) shaklini, tuzilishini chizma asosida o’rganish.

s) Qo’lning erkin suyaklari (yelka), bilak suyaklari (tirsak, bilak) ning tuzilishi bilan tanishish.

d) Qo’lning panja suyaklari, ularning qismlari hamda tuzilishini chizma asosida tahlil qilish.

ye) Suyaklarning rivojlanishiga ta’sir etadigan sport mashqlari va organizm uchun ahamiyati.



Mustaqil ish yuzasidan topshiriqlar.

1.Olgan bilimlaringiz asosida kurak suyagining orqa yuzasi ko’rinishini chizma asosida tasvirlang.



  1. Yelka suyagining oldi yuzasi ko’rinishini chizing.

3. O’ng tirsak va o’ng bilak suyaklari tuzilishini chizmada ifodalang.

4. O’ng qo’l panjasi skeleti orqa yuzasi ko’rinishini chizma asosida o’rganish va chizish.

5. Jismoniy mashqlarning odam organizmidagi suyaklarning normal rivojlanishi haqida fikringizni bayon eting.

6. Mavzu yuzasidan hosil qilingan ko’nikmalar asosida test variantlari tuzish.



Mustaqil ishning asosiy mazmuni:

Qo’l va oyoq suyaklari o’ziga xos vazifalarni bajarishga moslashgan. Ularning tushilishida bir qator o’xshashliklar bor, lekin bir-biridan farqli tomonlari ham bor. Qo’l- mehnat qilish, ushlash quroli bo’lib kelgan. Yelka kamari suyaklari gavda suyaklari bilan bo’g’imlar vositasida birikkan. Yelka kamari suyaklariga kurak va o’mrov suyaklari kiradi. Qo’lning erkin qismi esa uch qismdan tashkil topgan bo’lib, yelka, bilak va panja suyaklariga bo’linadi.

O’mrov suyagi- cho’zinchoq “S” simon shakldagi naysimon suyakdir. Odamlarda teri ostida bemalol qo’l bilan ushlab ko’rish mumkin. Tana va ikkita uch qismlaridan tashkil topgan. To’sh suyagiga tutashgan dastagi bilan birlashadi. Tashqi tomoni yassiroq bo’lib, kurakning akromial, ya’ni yelka o’simtasi bilan birikadi. O’mrov suyagi gavdaga nisbatan garizontal holatda bo’ladi. U qo’l erkin suyaklarini to’sh suyaklari bilan mahkam birlashtirib, yelka bo’g’imining chetga tortilishi va yelkaning erkin harakatini ta’minlaydi.

Kurak uchburchak shakldagi yassi suyak bo’lib, ko’krak qafasining orqa tomonida, ko’krak bo’lim umurtqalarining ikki tomonida qovurg’alar ustida joylashgan. Juft suyaklar qatoriga kiradi. O’ng va chap tomonda 2-7 qovurg’alar oralig’iga to’g’ri keladi. Kurak suyagi shakliga ko’ra: medial, lateral va yuqorigi qirg’oqlari farqlanadi. Uning uchta burchagi farqlanadi: pastga qaragan burchagi, yuqoriga qaragan burchagi va lateral burchaklari.

Qo’lning erkin suyaklariga yelka suyagi, tirsak va bilak suyaklari, qo’lning panja suyaklari kiradi. Ularning ko’pchiligini uzun suyaklar tashkil etadi.

Yelka suyagi haqiqiy uzun suyaklar qatoriga kiradi. Uning o’rta qismi tanasi diafiz va ikkita uchi epifiz qismlari farqlanadi. Yuqorigi– proksimal va pastki- distal qismlari tafovut qilinadi. Yuqorigi uchi kurak suyagi bilan, pastki uchi esa bilak suyaklari bilan birikadi. Yelka suyagi pastga, ya’ni tana qismiga qarab qisman ingichkalashib boradi. Tana qismi (diafiz) bilan bosh qismining (epifiz) tutashadigan joyiga xirurgik bo’yin deyiladi. Yelka suyagining sinishi ko’proq shu qismiga to’g’ri keladi. Bilak suyagining yuqori qismi silindirsimon bo’lib, pastki qismi esa uchburchak shaklda. Tanasining o’rta va yon yuzasida deltasimon muskul yopishadigan g’adir-budirlik joylashgan.

Bilak suyaklari uzun naysimon suyaklar qatoriga kiradi. Ular ikkita suyakdan tashkil topgan. Tirsak suyagi medial holatda, bilak suyagi esa lateral holatda joylashgan. Ikkala suyak ham uch qirrali bo’lib, uchta yuza va uchta qirraga ega.

Tirsak suyagi uzun naysimon suyak bo’lib, yuqorigi proksimal uchi ikki o’siqdan tashkil topgan. Orqadagi yo’g’onrog’i-tirsak o’sig’i va oldingi kichikrog’i- toj o’sig’i hisoblanadi. Ikkala o’siq o’rtasida yelka suyagi bilan birlashuvchi g’altaksimon o’yiq joylashgan. Tirsak suyagining pastki distal uchi dumaloq tirsak boshi bilan tugaydi.

Bilak suyagi ham naysimon suyakdir. Yuqorigi proksimal uchi yelka suyagining boshchasi bilan tutashib turadi. Boshchaning yon yuzasi esa aylanma bo’g’im bo’lib, yelka suyagining bo’g’im o’yig’iga tutashadi. Boshchaning pastrog’ida bo’yin qismi joylashgan. Undan pastroqda , qisman lateral tomonda ikki boshli muskul payi yopishib turadigan g’adir-budir yuza joylashgan. Distal uchining pastki tomonida bigizsimon o’sig’i joylashsa, medial tomonida yelka suyagining boshi kirib turadigan tirsak o’yig’i joylashgan. Bilak suyagi distal uchining pastki yuzasi kaft usti suyaklari bilan birlashuvchi bo’g’im yuza hosil qiladi.

Qo’lning panja suyaklari uch qismga bo’linadi. Ular kaft usti suyaklari, kaft suyaklari, barmoq va falanga suyaklaridir.

Kaft usti suyaklari turli shakldagi 8 ta kichik suyaklardan tashkil topgan bo’lib, ikki qator joylashgan. Birinchi proksimal qatorda, bosh barmoq tomonidan qaraganda:

Qayiqsimon suyak

Yarimmoysimon suyak

Uch qirrali suyak

No’xotsimon suyak

Uchta oldingi suyaklar o’zaro birlashib, ellips shaklidagi bo’g’im yuza hosil qiladi.

Kaft usti suyaklarining ikkinchi distal qatori quyidagicha:

Trapetsiya yoki ko’p burchakli katta suyak

Trapetsiyasimon yoki ko’p burchakli kichik suyak

Boshchali suyak

Ilmoqli suyak

Kaft ustining ikkinchi qatoridagi suyaklar distal tomondan kaftning beshta suyaklari bilan birikadi. Kaft usti suyaklari bir tekislikda yotmaydi.

Kaft suyaklari asosi bilan kaft usti suyagiga, sharsimon boshchasi bilan barmoq suyaklariga qaragan uncha katta bo’lmagan 5 ta naysimon suyaklardir. Ularning har biri tub, tana va dumaloq shakldagi boshchadan tashkil topgan. Barmoq suyaklari kichik naysimon suyaklardan tashkil topgan.

Mustaqil ishlash uchun adabiyotlar ro’yxati:

1. E.Qodirov “Odam anatomiyasi” Toshkent 2003 yil Osteologiya bo’limi 40-60 betlar..

2. N.K.Axmedov “Odam anatomiyasidan atlas” 2-jild. Toshkent 1998 yil.

3. N.K.Axmedov “Normal va patologik anatomiya bilan fiziologiya” Toshkent. 1997 yil. 101-113 betlar

4. N.V.Kolesnikov “Odam anatomiyasi” Toshkent. 1970 yil. 77-87 betlar.

5. Elektron darsliklar, internet tarmog’i va ommaviy axborot vositalari orqali olingan ma’lumotlardan foydalanish.



Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa