6.Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani atrofida munozaralar
Abdulla Qodiriy ijodining muhim хislati-tariхiy burilishlar davrida хalq ichida bo’layotgan katta хodisalar tasviriga murojaat yetishidir. Bu хislat, ayniqsa uning yirik tariхiy prozasida yaqqol ko’rinadi. 1922 yilda parchalari bosilib, 1926 yil boshlarida nashrdan chiqqan «O’tgan kunlar» romani yaqin o’tmishning yeng og’ir, yeng qora kunlari bo’lgan «Хon zamonlariga» bag’ishlangan yedi. «O’tgan kunlar» ham mazmun, ham shakl, ham uslub jihatidan butun O’rta Osiyo хalqlari adabiyotida tom ma’noda novator bo’lib, katta ijtimoiy qiziqish tug’dirdi.
“Oʻtkan kunlar” romani bamisoli ulkan va tiniq koʻzgu, unda oʻzbek millatining muayyan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-maʼnaviy dunyosi, boʻy-basti, qiyofasi keng koʻlamda aniq-ravshan tasvirlanadi. Romandagi uchlik — oshiq, maʼshuqa va agʻyor, bir qarashda, anʼanaviy ishq dostonlarini ham eslatadi. Unda Otabek bilan Kumushning toza muhabbati, ishqiy kechinmalari, baxti va baxtsizligi juda zoʻr mahorat bilan koʻrsatiladi. Asardagi juda kam insonlar qalbidan chuqur joy oladigan bir “durri bebaho” — ishq-muhabbat tuygʻusiga doir inja tafsilotlar kitobxonni hayajonga soladi. Otabek bilan Kumushning saodatli onlaridan mahrum etgan fojiaviy sahnalar kishini chuqur oʻyga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni — Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini koʻz oldimizda gavdalantiradi. Ayni damda oʻlkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va oʻzaro ichki nizolardir, degan fikrni gʻoyat ustalik bilan asarning mazmun-mohiyatiga singdiradi.
“Tana buzoqning turqi tuqgʻanigʻa tamgʻa” yoki “...oldidagi ovni koʻrmay, uzoqdagi yovni koʻradi”, “Xonning qoʻyini boqish uchun, qovoqlarni belga taqish uchun...”, “Endi koʻrsam, miltiqning oʻqidek, pushti gulning toʻqidek kelinim bor ekan” kabi yuzlab xalqona iboralardagi saj, ritm va latiflik adib asarlari tiliga, qahramonlari nutqiga joziba baxsh etadi.
Abdulla Qodiriy bejiz: “Oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”, degan fikrni aytgan emas. Aynan oʻzbek tilining naqadar boy imkoniyatlarga egaligini asarlari bilan isbotladi. Qolaversa, maʼrifatli bir ziyoli sifatida oʻzbekning soʻzi uchun, adabiy tilning istiqboli uchun qaygʻurdi. Abdulla Qodiriy ijodidagi bunday chin haqiqatni har kim har doim yodda tutmogʻimiz lozim.
“Oʻtkan kunlar” xayoliy va hayotiy omillar uygʻunligida maydonga kelgan ulkan bir maʼnaviyat qasriki, uning ichkarisiga kirgan odam insoniyat abadiyatiga daxldor tushunchalarning badiiy talqiniga, eng nafis his-tuygʻularning betakror tasviriga, oʻzaro chambarchas bogʻlangan ijtimoiy va individual holatlar zanjiriga duch keladi, aqli hayron qoladi.
Oybek Abdulla Qodiriy ijodiga bagʻishlangan tadqiqotida adib shaxsiyati va ijodiga baho berib, yozadi: “Abdulla Qodiriy isteʼdodli, qalbi butun va oʻziga xos ravishdagi shaxs edi... Abdulla Qodiriyning prozasi birinchi navbatda gʻoyatda hayotiyligi bilan ajralib turadi”. Rost gap, isboti — umrboqiy “Oʻtkan kunlar”.
Nazarimizda, Abdulla Qodiriy asarlarining umrboqiylik asoslarini, eng avvalo, adibning favqulodda isteʼdodidan, shaxsiyatidan, dunyoqarashini shakllantirgan zamindan, adabiyotdagi abadiy mavzularning maromiga yetkazib tasvirlashidan, soʻzning ruhiyatga taʼsiri va shu singari koʻzga koʻrinib-koʻrinmay hamda hisga taʼsir etib-etmay turgan boshqa bir qator sirli unsurlardan izlash kerak.
“Oʻtkan kunlar” romanini har bir avlod oʻzicha tushunadi va tushuntiradi. Garchand shu kunga qadar roman hajmidan bir necha barobar koʻp hajmli talqinu tahlillar yozilgan boʻlsa-da, bunday sharhlash va tushuntirishlar zanjiri kelgusida ham davom etadi. Chunki roman oʻzining choʻng badiiyatiga koʻra shunday talqinlar uchun manba boʻla oladigan sanʼat asaridir.
Bahodir KARIM,
filologiya fanlari nomzodi, professor.
Mashhur sharqshunos E.YE.Bertels «O’tgan kunlar» munosabati bilan «Evropa romani, ingliz romani, rus romani bilan bir qatorda o’zbek romanining yaratilganligi» ni yozgan yedi. Ulkan qozoq yozuvchisi, o’zbek adabiyotining ko’zga ko’ringan namoyondasi Muхtor Avezov fikricha, «O’tgan kunlar» romani bilan Abdulla Qodiriy 20-yillarda «Sharqning yeng ulkan yozuvchisi bo’lib qolgan yedi».
Abdulla Qodiriy ongli ravishda novatorlik yo’li bilan bordi va izlanishlari samarali bo’ldi. U o’zbek romanchilik maktabini yaratdi.
Davr uchun juda хarakterli va ijtimoiy taraqqiyotga bevosita aloqador voqealar Abdulla Qodiriy tomonidan san’atkorona tasvirlab bergani uchun «O’tgan kunlar» o’zbek хalqi va O’rta Osiyo хalqlari adabiyotida yangi davr ochdi.
O’tmish хodisalariga asar yaratilgan zamonning ilg’or mafkurasi nuqtai nazaridan baho berishga intilish Qodiriy ijodiyotidagi tub burilishlaridagi alomatlaridan biridir. Turkistonda feodal mustamlaka zulmini ag’darib tashlab yangi mustaqil hayot qurishga intiladi.
«O’tgan kunlar» o’tmishni ana shu yangi hayotga intilish nuqtai nazaridan baholash ruhi bilan sug’orilgan Abdulla Qodiriy feodal davrni mehnatkashlar uchun zulm, baхtsiz хorlik davri sifatida qoralaydi. O’tmishga shunday baho ma’rifat jihatdangina yemas, ijtimoiy va siyosiy jihatdan ham katta aktual ahamiyatga yega yedi. Yangicha davrga intilish, хalq ongida o’tmishning adolatsizliklari haqida chuqur tushuncha hosil qilish bilan ham bog’liq yedi. Zamonasining ijtimoiy yehtiyojlarini sezgan Abdulla Qodiriy uchun birdan-bir to’g’ri yo’l-haqqoniy tasvir yo’li bilan boradi. Abdulla Qodiriy davrning hayot manzarasini, oddiy kishilarning taqdirini tasvirlash orqali yaratishi хarakterlidir, bu yesa etuk romanchilik хususiyatidir.
«Tariх bizga vog’ealarni, uni avra tomonidan, sahna tomonidan ko’rsatadi. Ichkarida bo’layotgan хodisalar ustidagi pardani ko’tarib tashlaydiki, bu хodisalar orqasida haligi bizga ko’rsatilayotgan voqealar manbai ham, ularning kundalik oddiy hayotda qanday ro’y berishi ham bekinib qoladi.
Abdulla Qodiriy o’z tasvirida tariхiy faktlarga, hatto ayrim shaхslar Хudoyorхon, Musulmonqul, Azizbek va boshqalarni tasvirlashga suyangan holda, davr tavsifi, «jamiyat hayotining poyetik analizi» ni romanning markaziy qahramonlari Otabek va Kumushning taqdirini tasvirlash orqali beradi. Otabek va unga hayrihoh kishilarning taqdiri juda murakkab, ba’zan fojialidir. Bu ayniqsa romanning bosh qahramonlari taqdiri uchun хarakterlidir. Otabek, uning otasi YUsufbek Hoji, Kumushbibi va boshqalarning taqdiri orqali o’quvchini o’z davrining deyarli hamma ijtimoiy tabaqalari hayotiga olib kiradi.
Хon Хudoyorхondan boshlab qul Hasanaligacha jamiyatning turli tabaqalari vakillarining hayoti, bu davrda hukmdorlar va tobelar, хotinlar bilan yerkaklar, yoshlar bilan keksalar orasidagi munosabatlar, kishilarning turmushi va ularning bir-biriga bo’lgan munosabatlari asar davomida lavhalarda gavdalanadi.
Abdulla Qodiriy хarakterlarning ishonchli va yorqin tasvirlanishiga alohida ye’tibor beradi.
Boylar va savdogarlar muhitidan Otabek, YUsufbek Hoji, Qutidor, Ziyo Shoхchi, Homid va boshqalar; feodallar muhitidan Azizbek, Musulmonqul, O’tabboy qushbegi va boshqalar; mehnatkashlar muhitidan (ommaning tasviridan tashqari) Usta Olim, Usta Parpi va Hasanali hamda boshqalarning хarakterlari romanda juda ustalik bilan yaratilgan. Хarakterlar tasvirida yozuvchi, hayot haqiqatiga mos ravishda ularning хilma-хilligi, bir-biriga o’хshamasligini ko’rsatishga intiladi va shu bilan hayotning rang-barang yekani haqida tasavvur uyg’otadi.
Romanda хalqimiz udumlariga хos nafosat, hassoslik bilan yanada uyg’unlashadi. Ba’zi misollar: YUsufbek hojining kelini Kumush bilan ilk bor uchrashuvi lavhasi shunday chiziladi: «Kumush uyalib zo’rg’agina salom berdi va YUsufbek hojining yaqiniga kelib bo’yin yegdi. Hoji qo’li bilan Kumushning elkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayiga tekkizib olgan o’z qo’lini o’pdi».
«O’tgan kunlar» romanidagi voqealarga хulosa qilib aytganda romanni o’qigan har bir o’quvchi undagi Otabek, Kumush, YUsufbek hoji, Qutidor, Oftob oyim kabi ijobiy obrazlardan bahra oladi. Zaynab, Хushro’y, Homid kabi baхil, qora niyatli salbiy obrazlarning taqdiri hamisha shu ahvolga tushushini asar davomida biladi. «O’tgan kunlar» romanini o’qiganda boshdan-oyoq qulog’ingiz ostida voqea-хodisalar ruhiga mos musiqiy ohang yeshitilib turganday bo’ladi. Bu ohanglar o’quvchi dilida har хil kayfiyatlar uyg’otadi.
7. H.Olimjon ijodining adabiyoshunoslikdagi talqini.
O’zbek xalqining atoqli farzandi – dilbar shoir, talantli dramaturg, yirik olim va tanqidchi Hamid Olimjon o’zidan o’lmas meros qoldirgan. U o’zbek she’riyatida jo’shqin lirizmga asoslangan she’riyat maktabini yaratgan shoir.
Shoirning hayot va ijod yo‘li. Hamid Olimjon 1909-yil 12-dekabrda Jizzax shahrida tug‘ildi. To‘rt yoshida otasi vafot etgach, bobosi qo‘lida tarbiyalandi. Azim bobo xatli-savodli kishilardan bo‘lib, mashhur baxshi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li jizzaxlik do‘st-yorlari huzuriga mehmon bo‘lib kelganida uning uyiga ham tushar va shunday kunlarda Abdulhamid bobosi pinjida o‘tirib, baxshining do‘mbira jo‘rligida aytgan doston va termalarini butun vujudi quloq bo‘lib tinglar edi. Bo‘lajak shoirning onasi Komila aya esa xalq ertaklarining «kon»i bo‘lib, Abdulhamidning adabiyotga bo‘lgan havasi shu ikki manbaning ta’sirida oshgan.
Bo‘lajak shoirning shakllanishida yana bir muhim omil bor. Bu 1916-yil Jizzax qo‘zg‘olonidir. Jizzax shahrining to‘pga tutilishi, Abdulhamid yashagan qo‘rg‘onning yer bilan yakson etilishi, boshqa jizzaxliklar qatori, ular oilasining ham cho‘l-u biyobonga haydalishi uning murg‘ak ongida iz qoldirmay qo‘ymadi. U bolalik kezlaridayoq dunyoda sharqirab oqqan soy-u beg‘ubor osmondan boshqa zulm va zo‘ravonlik ham borligini ko‘rib, sezib o‘sdi.
Abdulhamid 1918-1923-yillarda Jizzaxda ochilgan to‘liqsiz o‘rta maktabda, 1923-1928-yillarda Samarqanddagi o‘zbek bilim yurtida, 1928-1931-yillarda O‘zbekiston pedagogika akademiyasida o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘ldi. U dastlabki mashq she’rlarini 1925-yilda. bilim yurtida o‘qib yurgan kezlarida yoza boshladi. «Kimdir» deb nomlangan ilk she’ri esa 1926-yili «Zarafshon» gazetasida bosildi. Ko‘p o‘tmay, u Hamid Olimjon imzosi bilan kattagina «Ko‘klam» she’rlar to‘plamini e’lon qildi (1929). Shundan keyin uning «Tong shabadasi» hikoyalar to‘plami (1930), «Olov sochlar» (1931), «Poyga» (1932), «She’rlar», «Daryo kechasi» (1936), «Baxt» (1940) kabi she’riy kitoblari e’lon qilindi. Hamid Olimjon urushgacha bo‘lgan davrda iste’dodli shoir sifatida shuhrat qozondi.
1931-yili Hamid Olimjon pedakademiyani tugatib, Toshkentga ko‘chib keldi. «Yosh leninchi» gazetasida, «Qurilish» va ,,O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti» jumallarida mas’ul kotib lavozimida xizmat qildi. 1932-1937-yillarda, «millatchi» sifatida ishdan haydalguniga qadar Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish institutida ishladi. Qatag‘on to‘lqinlari biroz susaygach, 1938-yilning boshlarida Hamid Olimjon O‘quv-pedagogika nashriyotiga ishga olindi. O‘sha yilning noyabrida yangi tashkil etilgan Navoiy komitetiga mas’ul kotib bo‘lib ishga kirdi. 1937-yil aprelida esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining kotibi etib tayinlandi.
O’zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1943) Hamid Olimjon o’zbek adabiyotpning dolzarb masalalari bo’yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi. U A.S. Pushkin, L.N. Tolstoy, M. Gorkiy, V. Mayakovskiy, A. Serafimovich, T. Shevchenko, M. Lermontov, N. Ostrovskiy, A. Korneychuk asarlarga tarjima qildi va ular haqida maqolalar yozdi.
U Pushkinning „Kavkaz asiri“ va „Suv parisi“ dostonlari, Mikhail Lermontovning „Zamonamiz qahramoni“ qissasidagi „Bela“ va Gorkiyning „Chelkash“ hikoyalari, N.Ostrovskiyning „Poʻlat qanday toblandi“ romani, A.Korneychukning „Platon Krechet“ pyesasi, shuningdek, Bayron, Pushkin, Shevchenko, P.Tichina, M.Bezimenskiy, M.Svetlov, K.Simonov, V.Inber kabi shoirlarning ayrim sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Hamid Olimjon 35 yoshida avtomobil halokati natijasida vafot etgan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri, Yozuvchilar uyushmasining Adabiyotchilar uyi, Samarqanddagi viloyat teatriga Hamid Olimjon nomi berilgan. Toshkent shahrida shoir nomi bilan atalgan maydonda unga haykal oʻrnatilgan (1990).
„Holbuki, tun“, „Ofeliyaning oʻlimi“, „Qamal qilingan shahar tepasidagi oy“, „Ishim bordir oʻshal ohuda“ singari goʻzal sheʼrlari mashhur. „Oygul bilan Baxtiyor“ (1937), „Semurg‘ yoki Parizod va Bunyod“ (1939), „Zaynab va Omon“ (1938) kabi dostonlar va „Muqanna“ (1942), „Jinoyat“ (1944) singari dramalar yozgan.
O’zbek xalq og’zaki ijodining ajoyib durdona asari «Alpomish» dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib, so’z boshi bilan (1938) chop etildi. U Alisher Navoiyning 500 yilligini o’tkazish yubileyi komitetining a’zosi sifatida ulug’ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Hamid Olimjon 1939 yildan to 1944 yilda avtomobil halokatiga uchrab dunyodan ko’z yumganiga qadar O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasiga rahbarlik qildi.
Hamid Olimjon o’zining «Daryo kechasi» (1936), «Chirchiq sohillarida» (1937), «O’lka» (1939), «Baxt» (1940) to’plamlari, «Ikki qizning hikoyasi» (1935-1937), «Oygul bilan Baxtiyor» (1937), «Zaynab va Omon» (1938), «Semurg’» (1939) dostonlari bilan novator shoir sifatida davrining ilg’or g’oyalarini tarannum etdi.
Ikkinchi jahon urushinning olovli yillarida uning «Muqanna» nomli she’riy dramasi yaratildiki, u hanuzgacha dramaturgiyamizning gultoji bo’lib kelayotir.Iste’dodli shoir Hamid Olimjonning ko’pchilik asarlari qardosh xalqlar va xorijiy xalqlar tillariga tarjima qilingan.
8. Oybek lirikasida tabiat va inson munosabatlari tasviri.
OYBEK (Musa Toshmuhammad o‘g‘li) 1905 yil 10 yanvarda Toshkentda tug‘ilgan.
U ijodiy faoliyatini shoir sifatida boshlagan.Adib umri davomida ko‘plab nasriy asarlar yaratdi. Uning «Kutlug qon» va «Navoiy» romanlari o‘zbek adabiyotidagi badiiy jihatdan eng yuksak asarlardan sanaladi.
Oybek she’riyatda «ko‘ngil lirikasi» ni yaratgan shoirdir. Uning «Chimyon daftari» turkumiga kirgan yurt tabiatining fusunkor tarovati va betakror ranglarini o‘ziga singdirgan she’rlari o‘zbek lirikasining shoh namunalariga aylangan.Shoir bu she’rlari bilan o‘zbek she’riyatiga oybekona inja nafosatni olib kirdi.
Musavvir tomonidan chizilgan manzara rangtasvirga xos badiiy ifoda shakl (va usul)lari vositasida retsipiyentga muayyan tuygʻu-fikrlarni yetkazadi. Zero, musavvir tabiat manzarasini qalbidan oʻtkazib, oʻz his-tuygʻularini boʻyoqlarga qorishtirib ijod qiladi. Ayni damda, u odamlarga tabiatni xuddi oʻzi koʻrganiday, his etganiday koʻrsatishga intiladi. Bu borada rangtasvir sanʼati imkoniyatlari juda keng va muttasil boyib boradi. Uning bu boradagi yutuqlaridan boshqa sanʼat turlarida, xususan, badiiy adabiyotda ham keng foydalanilgan va foydalanilmoqda. Yaʼni adabiyotda ham obʼyektni soʻz vositasida xuddi musavvir chizganiday tasvirlash, fikr-tuygʻularni koʻproq koʻrimli (vizual) obrazlar bilan ifodalashga intilishning kuchaygani buning yaqqol dalilidir.
Mumtoz adabiyot va u bilan parallel ravishda rivojlanib kelgan mumtoz miniatyura sanʼatlaridan farqli holda, zamonaviy oʻzbek adabiyotida ham, tasviriy sanʼatida ham obʼyektni jonli, ayni damda, realistik tasvirlash tamoyili kuchaydi. Endi ijodkor borliqni mumtoz sanʼatlardagi kabi shartli unsurlar asosidagina koʻrmay, balki obʼyektning mavjud holida goʻzallik va hikmat koʻrishga intiladi, yaʼni estetik nigohning moʻljali qayta sozlanadi. Oʻtgan asr avvalida zamonaviy rangtasvir, teatr va kinematografiyaning ifoda shakllari oʻzaro uygʻun holda sanʼatning yangi bir bosqichiga asos soldi desak, mubolagʻa boʻlmas. Chunki ahamiyati kundan kunga ortib borayotgan vizual sanʼatlarning taʼsiri badiiy adabiyotni, xususan, sheʼriyatni ham chetlab oʻtmaydi. Endi shoir oʻquvchining estetik ehtiyojiga monand sheʼrda tasviriylikka, his-tuygʻularini vizual obrazlar asosida ulashishga intiladi. Zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining rangtasvir bilan sintezidagi dastlabki yorqin namunalarni Oybek ijodida kuzatish mumkin:
Botdi quyosh − qiz,
Yondi uzoqda
Atlas etagi.
Oybek tabiatni shunchaki chizmagan. Bir qarashda bu oʻrinda “chizmoq” soʻzini qoʻllash erish tuyuladi. Boisi, sheʼr misralarida manzara detallashtirilmagan. Shoir yaratgan manzara real hayotdagi koʻrinishidan birmuncha farq qilib, unga ijodkorning real manzaradan olgan taassurotlari yigʻindisi sifatida qarash mumkin. Chunki bu sheʼrni oʻqib ongimizda gavdalanadigan manzara turli tasviriy detallar vositasida emas, balki yaxlit taassurotlar asosida namoyon boʻlayotganini his qilamiz. Sheʼriy parchada goʻzal manzara – kunning botishi lahzalari tasvirlanadi. Keling, oʻsha goʻzal manzarani real hayotdagi koʻrinishini eslaylik: botayotgan quyosh qizgʻish tusga kirgan. Ufq chizigʻi boʻylab uning faqat yarmigina bizga koʻrinadi. Atrofidagi bulutlar esa qizilga moyil, ammo turli ranglarda tovlanadi. Butun ufq boʻylab oʻsha qizil rang, qizillik hukmron… Agar obrazli qilib ifodalashga ehtiyoj tugʻilsa, bu xuddi atlasdan libos kiygan qizil yuzli qizni yodga soladi. Oybek esa manzarani biz kabi detallar asosida chizib oʻtirmaydi. U oʻzida real manzara uygʻotgan ilk taassurotni qalamga oladi va oʻquvchini ham manzarani shunday koʻrishga undaydi. Sheʼrxon manzarini kuzatish asnosida muayyan taassurot hosil qilmaydi, aksincha, taassurotlar asosida yaxlit manzarani koʻradi. Sheʼrni oʻqirkansiz, real koʻrinishdan ozroq farqlanuvchi, koʻproq taʼsirlantiruvchi manzara koʻz oldingizda namoyon boʻla boshlaydi. Xuddi shunday tasvirni shoirning “Kechqurun”, “Qish kechasi”, “Yalta kechasi”, “Yoz kechasi”, “Dengizda oqshom”, “Naʼmatak” va boshqa koʻplab sheʼrlarida ham kuzatishimiz mumkin:
Suvlarda sekin oʻynar,
Oltin qayiqchalardek,
Quyosh alangalari…
Gʻurub yongʻini qoplar,
Samo yuzi anordek,
Bulutlar atlas kabi…
Ufqlar qulochiga
Sigʻmagan buyuk dengiz
Chayqalar sekingina.
Suvlar quyosh sochiga
Oʻralashib tinimsiz
Oʻpar qirgʻoqni asta…
Oybekning “Dengizda oqshom” sheʼri 1930 yilning oktyabr oylari boshida yozilgan. Demak, sheʼr bevosita dengiz qarshisida bitilgan boʻlishi mumkin. Bu sheʼr ham shoirning koʻplab asarlari qatori toʻlaligicha manzara tasviriga bagʻishlanadi. Shoirga manzaraning har bir unsuri nimanidir eslatadi: “oltin qayiqcha”, “samo yuzi anordek”, “atlas bulutlar”, “ufqlar qulochi”, “quyosh sochi”, “oʻpar qirgʻoqni” kabi obrazlar ana shu taassurotlarning mahsulidir. Eʼtibor qilsangiz, kichik tashbehlar asosida tabiatning butun koʻrinishi namoyon boʻlmoqda. Bu oʻrinda shoir poetik nigohining oʻtkirligi, tasvirlash mahorati shunchaki goʻzal tashbehlar topa bilganidagina emas, birinchi navbatda, oʻsha tashbehlarning vizual (koʻrimli) ekanidadir. Oybek dengizni shunday tasvirlaydiki, oʻquvchi manzarani xuddi koʻzlari bilan koʻrib turganday zavqlana boshlaydi.
Musavvir tomoshabinni lol qoldirish maqsadida ranglarni mahorat bilan tanlasa, Oybek oʻquvchi uchun soʻzlarni marjondek teradi. Agar Oybekning eʼlon qilingan sheʼrlari bilan shu sheʼrlarning qoʻlyozma va boshqa toʻplamlardagi variantlari taqqoslab koʻrilsa, tahrir jarayonida soʻzning leksik xususiyatiga, tasviriy koʻlamiga katta eʼtibor qaratilganini sezish qiyin emas. Shoirning “Ogʻochliklarda” nomli sheʼri uning “Mukammal asarlar toʻplami”da quyidagi misralar bilan boshlanadi:
Bahor – quyoshning oltin kulgusi
Yashil yaproqlarda yashnab oʻynaydi.
Oybekning mazkur asari koʻlyozmasi bilan tanishganda, shoirning kichik stilistik tahririga, ammo sheʼrdagi katta ifodaviy-tasviriy yangilanishga guvoh boʻlamiz:
Bahor – quyoshining oltin kulgusi
Yashil yaproqlarda sekin oʻynaydi.
Oybek tasvirdagi gʻalizlikni sezgan holda qoʻlyozmadagi “sekin” soʻzini “yashnab”ga alishtiradi. Albatta, bahor yangilanish, yasharish fasli. Oʻquvchi bahoriy yellar hirpiratib turgan yam-yashil yaproqlarda yorqin nurlarning sekin harakatini aslo tasavvur qilolmasdi. Aslida, bunday oʻxshatish kuz fasli tasvirlariga mos kelardi. Sheʼrda “sekin” soʻzining “yashnab”ga oʻzgartirilishi esa tasvirning toʻkis va jonli boʻlishini taʼminlaydi.
Yuqoridagiga yaqinroq misolni Oybekning “Yana kuz” sheʼrida uchratamiz. Bu safargi tahrir tasvirdagi kuzga xos xarakterni kuchaytiradi:
Ogʻochlardan yaproqlar
Shitirlashib toʻkilar
Ikkinchi misra qoʻlyozmada “Shildirab toʻkilar”… shaklida uchraydi. Avvalo, shildirab soʻzi maʼno nozikliklari bilan koʻproq suvga, yayrab oqayotgan suvga nisbat beradi. Hazonrezgi esa, ongimizda “shitirlash” bilan, shuni ifodalovchi “shitirlamoq” soʻzi bilan muhrlangan.
Oybek oʻz sheʼrlari bilan tabiatning butun goʻzalligini, shu goʻzallik insonga berishi mumkin boʻlgan zavqni koʻrsatib berishga urinayotganday goʻyo. Uning bu ijodiy niyatini roʻyobga chiqarishga rangtasvirga xos ifoda vositalari yordam beradi. Soʻz vositasida vizual obrazlar yaratishga moyillik shoirning xorijiy adabiyotlardan, rangtasvirdan ilhomlangani bilan izohlanadi. Oybekning bu yoʻldagi tajribalari sheʼriyatimizning ifoda imkoniyatlarini kengaytirishda gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻldi.
O‘zbek poeziyasida yangi badiiy tafakkurning shakllanishida Oybekning xizmati kattadir. Shuningdek, u tarjimon sifatida ham faol ijod qilgan. Uning tarjimasidagi A. Pushkinning «Evgeniy Onegin» she’riy romani mudom sevib o‘qiladi.
Oybek og‘ir xastalikdan so‘ng 1968 yil 1 iyulda vafot etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |