4. Universitet: a) ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha oliy va undan keyingi ta’lim turlari dasturlarini amalga oshiradi; b) kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish amaliyotini bajaradi; v) fanlar bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni bajaradi; g) bilimlarning tegishli sohalari bo‘yicha ilmiy va uslubiy markaz vazifasini bajaradi.
5. Akademiya: a) muayyan bilim sohasi va kadrlar tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha oliy va undan keyingi ta’limlarning kasbiy dasturlarini amalga oshiradi; b) ma’lum sohalar uchun oliy ma’lumotli kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi; v) fan, madaniyat, san’at sohalari bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni bajaradi; g) o‘z faoliyati sohasida yetakchi ilmiy va uslubiy markaz bo‘ladi.
6. Institut: a) odatda, ta’limning bir sohasi doirasida oliy va undan keyingi ta’limning kasbiy ta’lim dasturlarini amalga oshiradi; b) xalq xo‘jaligining ma’lum sohasi uchun mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi; v) amaliy va fundamental ilmiy tadqiqotlar olib boradi.
Oliy ta’limning tashkiliy masalalari.
1. Oliy ta’limda o‘quv - tarbiyaviy ishlar O‘zbekiston davlatining me’yoriy hujjatlari asosida tashkil etiladi.
2. Oliy ta’lim muassasasida o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi turlari joriy qilingan: ma’ruza, maslahat, seminar, amaliy mashg‘ulot, mustaqil ish, amaliyot, kurs ishi (loyihasi), malakaviy bitiruv ishi, magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash.
3. Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 45 minutlik (tanaffussiz juft ma’ruzalar uchun 40 minutlik) akademik soat joriy etilgan.
4. Oliy ta’limda o‘quv yili, odatda, ikki semestrga bo‘linadi, ulardan har biri talabalar o‘zlashtirishi natijalari yakunlanishi bilan tugallanadi.
5. Talabalarning fanlarni o‘zlashtirishi «a’lo», «yaxshi», «qoniqarli», «qoniqarsiz» baholarda joriy, oraliq, yakuniy nazorat ko‘rsatkichlari orqali aniqlanadi. Oliy o‘quv yurtini bitirish vakolatli davlat idorasi tasdiqlagan nizomga binoan yakuniy davlat attestatsiyasi bilan tugallanadi. Malakaviy amaliyotning barcha turlari davlat va nodavlat korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda ular bilan oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga binoan o‘quv rejalari va malakaviy amaliyot haqidagi namunaviy nizomga muvofiq o‘tkaziladi.
6. Oliy ta’lim dasturlarini kunduzgi, sirtqi, eksternat va masofaviy ta’lim olish shakllarida o‘zlashtirish mumkin. To‘lov - kontrakt asosida o‘zga shaklda ikkinchi tur ta’lim olishga ham yo‘l qo‘yiladi.
7. Eksternat - oliy ta’limning tanlangan yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha kasbiy ta’limga muvofiq fanlarni mustaqil o‘zlashtirish va ta’lim muassasasida davriy (joriy va yakuniy) attestatsiyadan o‘tishdir.
8. Masofaviy ta’lim - oliy ta’limning kasbiy ta’lim dasturlarini, asosiy faoliyatdan ajralmagan xolda, ta’lim muassasasidan uzoqda o‘zlashtirish. U zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalari, texnik vositalaridan foydalanishga asoslanadi. Eksternat va masofaviy ta’lim vakolatli davlat idorasi tasdiqlagan nizomga binoan amalga oshiriladi.
9. Oliy ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan o‘zaro bog‘lanishi amaldagi qonunlarga muvofiq turli shakllarda amalga oshiriladi.
10. Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak mutaxassislarning ma’naviy - axloqiy tarbiyasi va dunyoqarashi milliy istiqlol g‘oyasi; ta’limning insonparvarlik mazmunida bo‘lishi; ilg‘or milliy madaniy urf - odatdar, an’analar, umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |