3.2. Viloyatda ishchi kuchlaridan oqilona foydalanish imkoniyatlari
O`zbekiston respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2012 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2013 yilda respublikaning rivojlanish istiqbollariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida “Oliy Majlis tomonidan ma’qullangan dasturda 2013-yilda 970 mingdan ortiq yangi ish o`rni tashkil etish ko`zda tutilgan. Muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan mazkur masalani hal etishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, xizmat ko`rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu sohalarda qariyb 500 ming ish o`rni yaratish rejalashtirilmoqda” deb ta’kidlagan edilar.3
Xozirgi kunda Xorazm viloyatida mehnatga yaroqli aholining bandligini ta’minlash maqsadida quyidagi qator chora-tadbirlar ko`rilyapti:
1. Bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari faoliyati kuchaytirilmoqda;
2. YAngi ish o`rinlari yaratayotgan ish beruvchilar rag`batlantirilmoqda, ularga soliq, kredit va boshqa imtiyozlar berilyapti;
3. Mehnat bozorida ish kuchi sifati va raqobatbardoshligini oshirish chora-tadbirlari ko`rilmoqda. Buning uchun mehnat resurslarini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi yanada takomillashtirildi;
4. Aholini ish bilan ta’minlashning eng samarali vositalari bo`lgan kichik biznes, xususiy tadbirkorlik, kasanachilik, xizmat ko`rsatish va servis sohasi yanada jadal sur’atlarda rivojlantirilmoqda;
5. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan toifalari moddiy qo`llab-quvvatlanmoqda, ular uchun ish o`rinlarini kvotalash tartibi yo`lga qo`yildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar, birinchi navbatda, ko`p bolali ayollar, nogironlar va shu kabi toifa aholining ish bilan ta’minlanmoqda;
6. Davlat va mahalliy budjet mablag`lari hisobidan vaqtinchalik va jamoat ishlari tashkil etilyapti.
7. Tashqi va ichki migrasiyani tartibga solishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Respublikada mehnatga layoqatli aholining ish bilan bandligini oshirish uchun zaruriy sharoitlar yaratish, mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish hamda bandlik masalalarini hal etishda mehnat organlari mas’uliyatini yanada kuchaytirish maqsadida 2009 yil 30 dekabrda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholi ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-1251-sonli qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorga muvofiq, viloyatda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlarining bugungi iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitidagi yangi vazifalari belgilab berildi. SHuningdek, ushbu tizimga tegishli tarkibiy o`zgartirishlar ham kiritildi. Jumladan, tuman (shahar) mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo`limlari bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlariga aylantirish hamda yirik mahalla fuqarolar yig`inlari qoshida aholini ishga joylashtirish bo`yicha stasionar punktlar tashkil etish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu markazlar avvalgi bo`limlardan tubdan farq qilib, ishsiz aholiga ko`rsatadigan xizmat ko`lami kengaytirildi va ular zimmasiga yangi vazifalar yuklatildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |