Urganch-2022 Kirish Bitiruv oldi amaliyot talabaning nazariy ta’limi va bo‘lajak mustaqil faoliyatini bog‘laydigan hamda kasbiy ko‘nikma va malakalarni shakllantirishni ta’minlovchi jarayon bo‘lib, dastlabki tajriba maktabi hisoblanadi. Biz ham olgan nazariy bilimlarimizni amaliyotda qo‘llab ko‘rish maqsadida o‘quv rejasiga asosan 2022 yil 14-fevraldan 2022 yil 2-aprelgacha 7 hafta maboynida bitiruv oldi malakaviy amaliyotda bo‘ldik.
Bitiruv oldi amaliyotga ketishdan oldin 2022 yil 14-fevral kuni Fizika-matematika fakultetida 4-kurs talabalarini bitiruv oldi amaliyotga yuborish bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada fizika-matematika fakulteti pedagogik amaliyot rahbari U.Sobirov, S.Xaitbayev, Q.Axmedov, T.Olimbayev “Matematik tahlil” kafedrasi mudiri R.A.Sharipov va fakultet professor-o‘qituvchilari qatnashdi. Ular bizga bitiruv oldi amaliyot davrida nimalarga e’tibor berishimiz kerakligi haqida ma’lumot berdi. So‘zga chiqqan ustozlar bizga o‘qituvchilik murakkab kasb ekanligini va sharafli ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
Shundan keyin hamma talabalar berkitilgan metodisti bilan maktab, litsey va kasb-hunar kollejlarga ketishdi.
Menga “Matematik tahlil” kafedrasi o’qituvchisi Sobirov Usmon amaliyot rahbari qilib berkitildi. Shu kuni biz bitiruv oldi amaliyotni o‘tash uchun Urganch shahridagi 19-son umumiy o‘rta ta’lim maktabiga bordik. U yerda bizni maktabning o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Saidova Sanobar va matematika o‘qituvchisi kutib olishdi va bizni maktab jamoasi bilan tanishtirishdi. Maktabdan menga matematika o‘qituvchisi Bobojonova Ruxshona berkitildi. U meni bir qancha hujjatlar bilan tanishtirdi. Menga maktabda 10-“D” sinfi berkitildi.
Reja asosida amaliyotning dastlabki haftasi me’yoriy xujjatlarni o‘rganish, kuzatish haftasi bo‘lib, bunda faqat darslarga kuzatish uchun kirdim. Keyingi haftadan boshlab dars jadvali asosida menga berkitilgan sinfga darslarga kirdim. Bitiruv oldi amaliyot davrida har kungi ishlarimni reja asosida olib bordim va qilgan ishlarimni va o‘qituvchilar darslarini qanday metodlarda olib borilganini har kuni shaxsiy kundalik daftarga yozib bordim.