Milliy hisoblar tizimining iqtisodiy mazmuniga turlicha nazariy qarashlar evolyusiyasi Respublikamiz mustaqillikka erishgunga qadar iqtisodiyotni makroiqtisodiy tahlil qilish xalq xo‘jaligi balansi (XXB) tizimi asosida olib borilardi. Hozirgi kunda XXB tizimining iqtisodiyotni o‘rganish, tahlil qilish va istiqbolni belgilashda yaroqsizligi, undagi hisoblash uslublarining naqadar noto‘g‘ri ishlab chiqilganligi hech kimga sir emas. Shu sababli respublikamizda milliy hisoblar tizimi (MHT)ni takomillashtirish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
MHT–mamlakat bo‘yicha yaratilayotgan mahsulot va daromadlarni hisoblash uslubiyati bo‘lib, ularning hosil bo‘lishi, tuzilishi, taqsimlanishi hamda foydalanish jarayonlarini ifodalaydigan jamlama iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi hisoblanadi. Bu tizim respublika ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhalarini o‘rganish, tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilashga xizmat qiladi. [1. G‘oyibnazarov B.K. “O‘zbekiston Respublikasida milliy hisoblar tizimini ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslari” (statistik aspekt) iqtisod fanlari doktori darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya avtoreferati. - T.: TDIU. 2006. 32 b].
MHT degan ibora qo‘llanila boshlangandan buyon unchalik ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lmasa ham uning nazariy asoslarini ishlab chiqish, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni tuzish masalalari ikki yarim asrlik tarixga ega. SHuning uchun ham uning shakllanishi va rivojlanish jarayonlarini bosqichlarga ajratib o‘rganish uning yo‘nalishlarini har tomonlama tahlil qilishda muhim o‘rin egallaydi. Lekin hozirgi kungacha olimlar ushbu masala bo‘yicha yagona fikrga kelishganicha yo‘q. Masalan, prof. YU.Ivanov MHTning shakllanishi va rivojlanishini ikkita bosqichga ajratgan. Birinchi bosqich: Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan davr. Ikkinchi bosqich: Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrlar [2. Ivanov YU. “Osnovы natsionalnogo schetovodstva”. Uch. posobie - M.: Finstatinform, 2005. str. 51-52]. B.Mahmudov MHTning rivojlanishini uchta bosqichga ajratadi: Birinchi bosqich – XVII asrning ikkinchi yarmidan 1930 yilgacha, ikkinchi bosqich – 1930 yildan 1945 yilgacha. Uchinchi bosqich – 1945 yildan 1953 yilgacha bo‘lgan davrlar [3. Mahmudov B. “Milliy hisobchilik asoslari”. - T.: “Akademiya”, 2003. 16-17-betlar.].
Hozirgi kungacha milliy hisoblar tizimining rivojlanishini ettita bosqichga ajratib ko‘rsatilishi maqsadga muvofiqdir. Bu fikrning ilmiy asoslanishi va yuqorida nomlari zikr qilingan olimlarning yondashuvlaridan farqli tomonlari 1-jadvalda aks etgan.