Moliya mexanizmining bo‘g‘inlari
Moliya mexanizmining soha va bo‘g‘inlari bir-birlari bilan murakkabligi va boshqa jihatlari bo‘yicha farq qiladi. Masalan, budjet mexanizmi:
- soliq turlarining ko‘pligi;
- ularni undirish usullarining turli-tumanligi;
- moliyalashtirish usullarining turlichaligi;
- byujet mablag‘laridan foydalanishning ko‘p o‘nalishliligi bilan xarakterlanadi.
Korxona moliya mexanizmi orqali esa,
- korxona pul jamg‘armalari shakllari belgilanadi;
- foyda va daromadlar taqsimlanadi;
- moliyaviy resurslar taqsimlanadi;
- turli maqsadli fondlar tuziladi va ulardan foydalanish ta’minlanadi.
Moliya mexanizmining elementlari tarkibida fondlar va to‘lovlarni miqdor jihatdan aniqlash usullari qismi eng harakatchan va tez o‘zgaruvchan bo‘lib, ular ishlab chiqarish shart-sharoitlarining hamda jamiyat oldida turgan vazifalarning o‘zgarishiga qarab tez-tez o‘zgarib to‘g‘rilanib turiladi. Masalan, pul mablag‘lari fondlarining shakllari o‘zgarmagani holda, foydani taqsimlash usullari bir necha bor o‘zgardi, taqsimlash qoldiq usuli, normativ usuli, majburiy to‘lovlar usuli; soliq turlari o‘zgarmagani holda, ularning stavkalari, ular bo‘yicha imtiyozlar, sanksiya va jarima kabi jazo choralari iqtisodiy talablari bozor talablariga ko‘ra tez-tez qayta qurilib, o‘zgarib turadi.
O‘zbekiston soliq tizimida uzoq davr mobaynida samarali faoliyat qilib kelgan oborot solig‘i o‘rniga joriy qilingan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ning stavkasi dastlab 30% miqdorida, keyinchalik 25, 20, 18, 17 % miqdorlarigacha tushirildi. Hozirgi kunda esa, 20 % lik miqdor qo‘llanilmoqda.
Moliyaviy mexanizmni shakllantirish bilan davlat uni u yoki bu davr moliya siyosati talablari bilan iloji boricha to‘la mos kelishiga intiladi. Bu esa davlatning maqsad va vazifalarini to‘laqonli bajarilishining garovi hisoblanadi.
Xulosa
Moliya siyosati inson faoliyatining mahsus shakli sifatida ustqurma kategoriyalariga taalluqlidir. U bilan jamiyatning iqtisodiy bazisi orasida chambarchas bog‘langan o‘zaro bog‘liqlik mavjuddir.
Bir tomondan, moliya siyosati iqtisodiy munosabatlar orqali vujudga keladi, ikkinchi tomondan, iqtisodiy bazis asosida vujudga kelib va rivojlanib, moliya siyosati ma’lum bir mustaqillikka ega. Shuning uchun u iqtisodiyotga, moliyaning ahvoliga teskari ta’sirini o‘tkazadi. Bu ta’sir har xil bo‘lishi mumkin: bir xil paytlarda siyosiy chora-tadbirlarni o‘tkazish orqali iqtisodiyotni rivojlantirishga qulay shart-sharoit yaratiladi, boshqalarda esa u to‘sqinlik qiladi.
Moliya siyosati moliyaviy munosabatlar mohiyatini o‘zgartirolmaydi. Lekin, davlat moliyaning mohiyatini bilib, u o‘z manfaatlariga qaratishga harakat qiladi.
Moliyaviy munosabatlar - obyektiv voqelik iqtisodiy munosabatining bir qismi bo‘lib, jamiyatning iqtisodiy bazisini tashkil qiladi. Moliya siyosati esa bazisga asoslanadi, shu bazisdan kelib chiqadi. Moliya siyosati ilmiy asoslangan moliyaviy nazariyaga tayanadi va tajribaga ko‘rsatma beradi, shu tariqa moliya siyosati nazariyani tajriba bilan bog‘laydi. Tajriba esa, nazariyaning to‘g‘riligini tekshirish mezonidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |