4. Husayn boyqaroning o’g’li Badiuzzamon haqida:
BADIUZZAMON (1458,Hirot — 1515,Istanbul) — Xuroson hukmdori (1506—07). Husayn Boyqaroning to’ng’ich o’g’li, onasi — Marv hokimi Sanjar Mirzoning qizi Beka Sulton begim (1488 y. v.e.). Badiuzzamon 1473 y.dan Seyiston, keyinchalik Mozandaron hokimi. Astrobod hokimi amir Mo’g’ul xiyonatidan so’ng, Husayn Boyqaro uni Astrobodga hokim qilib tayinlagan (1493 y.dan). So’ng, u 1496—1506 y.larda Balx hokimi bo’lgan.
Boburning yozishicha, «Sulton Husayn Mirzo Balxga kelganida Movarounnahr foydasini ko’zlab Balxni Badiuzzamonga beradi, uning mulki — Astrobodni esa Muzaffar Husayn Mirzoga topshiradi. Badiuzzamon shu tufayli arazlagandi. Shuncha yillar davom etgan dushmanlik va isyon sababi ayni shu holat edi». Badiuzzamon Astrobodni ukasiga berishga ko’nmagan. Chunki, Husayn Boyqaro Astrobodni uning o’g’li Muhammad Mo’min Mirzoga sunnat to’yini qilayotganda in’om qilgan edi. Oqibat ota-o’g’il o’rtasidagi mojaro urushga aylanadi. 1497 y. Badiuzzamon Puli Chirog’ darasidagi jangda mag’lubiyatga uchraydi. Xuddi shu kuni Muzaffar Husayn Mirzo Astrobod yonida Muhammad Mo’min Mirzoni yengadi. Husayn Boyqaro Balxni o’g’illaridan Ibrohim Husayn Mirzoga beradi. Yengilgan Badiuzzamon qolgan-qutgan lashkari b-n Qunduzga qochadi, so’ng Xusravshoh huzuridan panoh topadi. Xusravshoh Badiuzzamonga qo’shin, qurol- yarog’ b-n yordam bergach, u Qandahor va Zamindevorga boradi. 1505 y. Badiuzzamon otasi b-n yarashib, uning xizmatiga kiradi. Otasi vafot etgach, ukasi Muzaffar Husayn Mirzo b-n birgalikda taxtga o’tiradi.
1506 y. Shayboniyxon Balxni qamal qilganda Badiuzzamon Muzaffar Mirzo b-n unga qarshi otlanib boshqa ukalarini ham yordamga chaqiradi. Bodxizda Badiuzzamon qo’shiniga Abulmuhsin Mirzo va Ibn Husayn Mirzo kelib qo’shiladi. Zahiriddin Muhammad Bobur ham ularga yordamga keladi. Ammo ular to’plangunga qadar oradan 3—4 oy o’tadi, bu orada Shayboniyxon Balxni egallab, Badiuzzamon qo’shin to’playotganidan xabar topgach, kech kuzda Samarqandga qaytib ketadi. Shayboniyxon 1507 y. Samarqanddan Xurosonga qo’shin tortadi. Badiuzzamon ukasi b-n Hirotni tashlab qochadi, so’ng Eronga, Ismoil Safaviy huzuriga boradi. 1514 y. Badiuzzamonni turk sultoni Salim I Istanbulga olib ketadi, u o’sha yerda vaboga chalinib vafot etadi.
Badiuzzamon Husayn Boyqaroning o’g’illari orasida eng oqili va tadbirkori bo’lib, taqvodor, adolatpesha hamda ilmu ma’rifat va hunar ahliga muruvvatli hukmdor edi. U o’z saroyida olim, shoir, san’atkorlarni yig’ib anjumanlar o’tkazib turardi. Shuning b-n birga, u o’zi ham go’zal g’azallar bitgan, mamlakatda qurilish-obodonchilik ishlariga katta e’tibor bergan. Alisher Navoiy Badiuzzamonni quyidagicha ta’riflagan: «Sulton Badiuzzamon Mirzo husni surat va husni siyrat bila orasta va jamoli zohiriy va kamoli botiniy bila piyrosta yigitdur. Razm atvoridin otar-tutarda dilpisand va bazm asbobidan ichmak va bag’ishlamaqda bemonand. Tab’i ham nazm uslubida muloyim tushubtur…».
Do'stlaringiz bilan baham: |