4.6 Etnopisixologik masalalar
Bir ijtimoiy jamiyatning ikkinchisi bilan almashish, shuningdek, mustaqillik va uning ne’matlari respublikamiz fuqarolarida tub o’zgarishlarni vujudga keltirishga muhim zamin hozirlashda davom etadi. Milliy tuyg’u, milliy qiyofa, milliy xarakter, milliy ta’b, milliy kuy va raqs, milliy ma’naviyat, qadriyat ta’siri ostida o’zining tub mohiyatini aks ettira boshlaydi. Lekin bu imkoniyatdan to’la foydalanish uchun barcha xalq etarli darajada tayyor emas, chunki har bir shaxs ruhiyatida ehtiyoj bilan imkoniyat o’rtasida muayyan qarama-qarshiliklar hukm suradi. Har bir inson o’zining birdaniga tenglik alomatini qo’yib bo’lmaydi, chunki shaxslar orasida tafovutlar mavjud bo’lganligi tufayli “sun’iy” likka yo’l qo’yish odatdan tashqari holatdir.
o’tmishning boy merosi, uning ijtimoiy-tarixiy an’analari, rasm-rusumlari, marosimlari milliy istiqlol tufayli o’z egalariga qaytarilishiga qaramay, xalq uning hukmdoriga aylanishiga ruhiy jihatdan tayyor emasdir. Fuqarolarning ijtimoiy ongi asta-sekin o’zgarib borishi natijasida ulardagi etnopsixologik xususiyatlar tiklana boshlaydi, milliylik, umumbashariylik xislatlari o’rtasida adolatlilik, teng huquqlilik aloqalari o’rnatila boradi. Baynalmilalchilik milliylik, milliy birlik xususiyatlari bilan uyg’unlashishda davom etsa, millatlararo munosabat o’zaro tushunuv, o’zaro yaqinlik, o’zaro moslik negiziga quriladi.
XXI asrda ham odamlarning kamoloti negizi sifatida oila, maktab, ijtimoiy muhit, ishlab chiqarish o’z mavqeini saqlab qolaveradi. Shaxsni tarbiyalash quyidagi manbaalar asosida amalga oshirilishi mumkin:
1) muayyan tizimli, uzluksiz tarbiyaviy, dasturiy ta’sir orqali;
2) ideal, namuna timsolida o’z-o’zini tarbiyalash, takomillashtirish;
3) ijtimoiy muhitdagi shaxslararo munosabatda tahlil qilish, ibrat olish vositalari yordami bilan xulq-odob, fikrlash malakalarini egallash;
4) ajdodlarimiz yaratgan badiiy, falsafiy, san’at asarlarini o’zlashtirish orqali yangi xislatlarni o’zlashtirish kabilar.
Ta’lim va tarbiya jarayonida respublikaning tarixi, madaniyati, uzoq ajdodlarimizdan etishib chiqqan jahongashta kishilar, ilm-fan arboblari, mutafakkir, ma’rifatparvarlar to’g’risida bilim urug’ini sochish yoshlarda g’urur va iftixor tuyg’ularini vujudga keltiradi. o’zbekistonning fan va texnikasi, unumdor tuprog’i, saxiy va zahmatkash xalqi, foydali qazilmalari, jahon va umumxalq bozoridagi paxtasi, ipagi, qorako’li salmog’ining berilishi - ularda milliy ongni o’stiradi, milliy o’z-o’zini anglashni takomillashtiradi, ijtimoiy faollikni jadallashtiradi, ularni ijodiy izlanishlar sari etaklaydi, aqlni peshlash mashqlari vazifasini bajaradi.
Yoshlar o’rtasida milliy orastalik, soch o’stirish, tarash, o’rish va kiyinish madaniyati, vorislik mas’uliyati, milliy ta’b hamda didga muvofiq ravishda ish yuritish haqida maslahatlar, ko’rsatmalar berish, amaliy uquvlar bilan qurollantirish yuqori samara beradi.
Ota-bobolarimizdan xalqimizga meros qolgan saxiylik, mehmondo’stlik, rostgo’ylik, tantilik, sadoqatlilik, poklik, odoblilik fazilatlari milliy xarakterning eng muhim jihati hisoblanadi. Ushbu xislatlarni ta’lim-tarbiya jarayonida yosh avlod ongida shakllantirish, ular ruhiyatini xalq durdonalari bilan boyitish, milliy qadriyatlardan oqilona foydalanishga e’tiborni qaratish maqsadga muvofiq.
Axloq va odobli bo’lish, ota-onalar va kattalarga hurmat, samimiylik, inoqlik, qadr-qimmat, vijdonlilik, iffatlilik, o’zaro yordam kabi insoniy xislatlar o’zbek xalqi ma’naviyatining ramzi sanaladi. Milliy ma’naviy boyligimizni o’quvchilar chuqur egallashlari uchun uning bebaho durdonalarini keng ko’lamda namoyish qilishimiz,bular to’g’risida yoshlar ongiga muayyan bilimlarni singdirishimiz zarur.
Odamlarning bir-biriga mehr-oqibat, oqilona munosabati, to’g’ri muloqoti, iltifoti, ehtiromi xalqimizning ichki go’zalligini, boy ma’naviy va ruhiy qiyofasini ifodalaydi. Xalqimizning haqiqiy insonparvarligi, ma’naviy go’zalligi, vatan, jamiyat manfaati yo’lida jon fido qilishida, inson osoyishtaligi, baxt-saodati uchun qayg’urishida o’z ifodasini topadi. Pok qalbli, sofdil, diyonatli, vijdonli, irodali xalqimizning olijanobligi, uning tanishga ham, begonaga ham beg’araz yordam qo’lini cho’zishida namoyon bo’ladi. Xalqimizning ajoyib fazilatlaridan biri - do’stlikka sadoqatdir.. Do’stlik bor joyda mehru-muhabbat, vafo, sadoqat, adolat, haqiqat qaror topadi. Bu esa o’z navbatida insonning ma’naviyati va ruhiyatiga, aql-zakovatiga tetiklik baxsh etadi, uni yaxshilik, samimiylik sari etaklaydi.
O’zbek oilasida tarbiya mohiyati, mazmuni, tarbiyaning kundalik va istiqbol rejasi, bolalarga ta’sir o’tkazish vositalarini tanlash va ulardan foydalanish o’ziga xos xususiyatga ega, chunki uning asosida xalq an’analari yotadi.
O’zbek xalqining etnopsixologik xususiyatlaridan unumli foydalanish - XXI asrda yashash nasib etgan odamlarni barkamol shaxs sifatida tarkib toptirishda muhim rol o’ynaydi. Xuddi shu boisdan ham xalqimizning milliy ruhiyatidagi bunday urf-odatlar, an’analar, udumlar kelajak avlodga obida, meros tariqasida qoldirilishi muqaddas burchdir.
Yuqorida sanab o’tilgan ajoyib milliy fazilatlarimizning barchasini kelajak ajdodlarimiz shaxsiyatida shakllantirish imkoniyatiga umid qilaman, o’ylaymanki, ulug’vor insonning ezgu niyati, albatta ro’yobga chiqadi
Do'stlaringiz bilan baham: |