Er po’stining kimyoviy tarkibi
Erning ustki tosh qobig’i - er po’sti - tarkibi va kelib chiqishi turlicha bo’lgan tog’ jinslaridan tuzilgan. Har qanday tog’ jinsi muayyan minerallarning majmuasidan tarkib topgan bo’ladi, minerallar esa o’z navbatida kimyoviy elementlar yoki ularning tabiiy birikmalaridan iborat.
Shunday qilib, er moddasi tashkil topishining murakkablanish tartibida qaralsa quyidagi toifalar qatoridan iborat bo’ladi: kimyoviy element - mineral - tog’ jinsi. Quyida aynan shu tartibda erning moddiy tarkibi ko’rib chiqiladi.
Er po’stining kimyoviy tarkibi to’g’risidagi ko’proq ishonchli ma’lumotlar bevosita o’rganish mumkin bo’lgan uning ustki qismiga (16-20 km chuqurlikkacha) taalluqli. Er po’stining kimyoviy tarkibi, uning makon va zamonda o’zgarish qonuniyatlari masalalari bilan hali nisbatan yosh bo’lgan geokimyo fani shug’ullanadi.
Hozirgi zamon geokimyosining ma’lumotlariga ko’ra er po’stida 93 ta kimyoviy element aniqlangan. Ularning ko’pchiligi turli izotoplarning aralashmasidan iborat. Faqatgina 22 ta kimyoviy element (masalan, natriy, marganets, ftor, fosfor, oltin) izotoplariga egamas va shuning uchun oddiy elementlar deyiladi.
Er po’stida kimyoviy elementlar juda notekis taqsimlangan.
Kimyoviy elementlarning tarqalishi bo’yicha olib borilgan dastlabki ko’lamli tadqiqotlar amerikalik geoximik F. Klark tomonidan o’tkazilgan. Turli tog’ jinslarining 6000 ta kimyoviy tahlilini matematik yo’l bilan qayta ishlab chiqib F. Klark er po’stida 50 ta eng keng tarqalgan kimyoviy elementlarning o’rtacha miqdorini aniqlab chiqqan. Ilk bor 1889 yilda chop etilgan F. Klark ma’lumotlariga keyinchalik olimlar tomonidan aniqlik kiritilgan. 1-jadvalda turli tadqiqotchilar bo’yicha er po’stida eng keng tarqalgan elementlarning klarki ko’rsatilgan.
Keltirilgan ma’lumotlar shuni ko’rsatadiki, er po’stining 98 % dan ortiqrog’ini tashkil etuvchi bosh elementlari bo’lib O, Si, Al, Fe, Ca, Na, K, Mg hisoblanadi. Ularning orasida birinchi o’rinni kislorod egallaydi va uning hissasi er po’sti massasining deyarli yarmiga teng keladi va hajmining 92 % ga yaqinini tashkil etadi.
Kimyoviy elementlarning tarqalish darajasi davriy sistemada tutgan o’rni bilan bog’liq. O’z vaqtida D. I. Mendeleev ta’kidlaganidek, er po’stida eng keng tarqalgan elementlar davriy sistemaning boshlanishida joylashgan. Unda tartib raqamining soni oshib borishi bilan elementlarning tarqalishi notekis kamayib boradi.
Masalan, dastlabki 30 elementlarning klarki kamdan-kam hollarda foyizning yuzdan biridan kam bo’ladi va odatda foyizning o’ndan bir ulushlari yoki butun foyizlar bilan ifodalangan. Qolgan elementlarda kamdan-kam hollarda foyizning mingdan bir ulushigacha ko’tariluvchi kichik klarklar ustuvorlik qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |