Qo‘yilgan masalani yechish bosqichlari
Kompyuter bilan bevosita ishlashdan oldin qanday bosqichlarni bajarish kerakligini ko‘rib chiqamiz. Istalgan hayotiy yoki matematik, fizik, (tijorat, buxgalteriya) va hokazo masala shartlarini ifoda qilish dastlabki ma’lumotlar va fikrlarni tasvirlashdan boshlanadi. So‘ngra esa yechishning maqsadi, yani masalani yechish natijasida ayni nimani yoki nimalarni aniqlash zarurligi ko‘rsatiladi.
Masala shartining aniq ifodasi masalaning matematik qo‘yilishi deb ham ataladi va istalgan masalani yechish eng avval uning qo‘yilishidan boshlanadi.
Masala qo‘yilishida boshlang‘ich malumotlar yoki argumentlar hamda qiymatlari aniqlanishi kerak bo‘lgan kattaliklar, yani natijalar ajratiladi. Masalani qo‘yish uni yechishning birinchi bosqichi bo‘ladi.
Amaliy masalalarni hal etishda ob’ektlar - tabiat hodisalari, fizik yoki ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari, ishlab chiqarish rejalari va shu kabilar bilan ish ko‘rishga to‘g‘ri keladi.
Ana shunday masalalarni qo‘yish uchun, birinchi navbatda, tekshirilayotgan ob’ektni matematik atamalarda tavsiflash, yani uning matematik modelini ko‘rish kerak, bu ifoda esa haqiqiy ob’ektni tekshirishni matematik masalani yechishga keltirish imkonini beradi. Modelni haqiqiy ob’ektga moslik darajasi amaliyotda tajriba orqali tekshiriladi. Bu bosqich masala yechishning ikkinchi bosqichini tashkil qiladi ( Masalan, S=a∙b formula orqali to‘g‘ri to‘rtburchakning yuzini hisoblash, bu yerda a,b - boshlang‘ich ma’lumotlar, S esa natija). Masalaning matematik modeli yaratilgandan so‘ng, yechish usuli izlana boshlanadi. Ayrim holda, masalaning qo‘yilishidan keyin to‘g‘ridan - to‘g‘ri masalani yechish usuliga ham o‘tish kerak bo‘ladi.
Bunday masala oshkor ko‘rinishdagi matematik model bilan ifodalanmasligi mumkin. Bu bosqich masalani kompyuterda yechishning uchinchi bosqichini tashkil qiladi.
Navbatdagi to‘rtinchi bosqichda masalani kompyuterdan foydalanib yechish uchun uning algoritmi tuziladi.
Algoritm turli xil ko‘rinishda yozilishi mumkin. Algoritm kompyuterda bajarilishi uchun bu algoritm dasturlash tilida yozilgan bo‘lishi lozim. Masalani yechishning bu bosqichi beshinchi bosqich bo‘lib, unda biror - bir usulda yozilgan algoritm ma’lum bir dasturlash tiliga ko‘chiriladi. Masalan, agar algoritm blok - sxema ko‘rinishida tasvirlangan bo‘lsa, uni dasturlash tiliga ko‘chirish uchun har bir blokni tilning mos buyruqlari bilan almashtirish yetarli.
Oltinchi bosqich - dastur ko‘rinishida yozilgan algoritmni kompyuter yordamida bajarish. Bu bosqich natija olish bilan tugallanadi. Bu bosqich dastur tuzuvchi uchun eng qiyin hisoblanadi. Chunki dasturni mashina xotirasiga kiritish paytida ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yish mumkin. Nihoyat, masala yechishning yettinchi bosqichi olingan natijalarni tahlil qilishdir. Bu bosqich olingan natija qanchalik haqiqatga yaqinligini aniqlash maqsadida bajariladi. Natajalarni tahlil qilish zarur bo‘lgan holda algoritm yechish usulini va modelni aniqlashtirishga yordam beradi.
Ushbu bosqichlardan kelib chiqqan holda, algoritm tuzishda quyidagi qoidalarga amal qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi:
1. Qo‘yilgan masalani to‘liq o‘rganib olish zarur va shundan kelib chiqqan holda uning matematik modelini to‘liqligini ta’minlash mumkin bo‘ladi. Aks holda olinadigan natijalar kutiladigan natijalarga mos kelmaydi.
2. Kompyuterda bajariladigan hisoblash jarayonlarini e’tiborga olish zarur bo‘ladi. Masalan, haqiqiy sonlar ustida bajariladigan arifmetik amallar natijalari taqribiy hisoblanishini e’tiborga olish zarur.
3. Algoritmlarni yaratishda uning oddiyligiga va tushunarli bo‘lishiga harakat qilish zarur. Bu yerda nofaqat mazmunan, balkim shaklan algoritmni dasturlash tilida yozish nazarda tutilgan. Ya’ni dasturni kichik bo‘laklarga ajratish, ularda qo‘llaniladigan algoritmlarni oddiy dasturiy operatorlar orqali belgilash zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |