226-modda. Transfert narxni belgilashda soliqlarni to‘lamaslik yoki to‘liq to‘lamaslik
Nazorat qilinadigan bitimlarda soliq solish maqsadida mustaqil shaxslar o‘rtasidagi bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlari bilan solishtirib bo‘lmaydigan tijorat va (yoki) moliyaviy shartlar qo‘llanilishi natijasida soliq summalarini soliq to‘lovchi tomonidan to‘lamaganlik yoki to‘liq to‘lamaganlik, —
to‘lanmagan soliq summasining qirq foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
227-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foyda ulushi soliq bazasiga kiritilmaganligi natijasida soliqni to‘lamaslik yoki to‘liq to‘lamaslik
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining yuridik yoki jismoniy shaxs bo‘lgan nazorat qiluvchi shaxslari tomonidan mazkur kompaniya foydasining ulushi soliq bazasiga kiritilmaganligi natijasida soliq summalarini to‘lamaganlik yoki to‘liq to‘lamaganlik, —
nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining soliq bazasiga kiritilishi lozim bo‘lgan foydasiga nisbatan tegishincha foyda solig‘i bo‘yicha yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha to‘lanmagan soliq summasining yigirma foizi miqdorida, lekin o‘n million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
29-bob. Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun banklarning javobgarligi
228-modda. Soliq (yig‘im), bo‘nak to‘lovi, penyalar va jarimalarni o‘tkazish to‘g‘risidagi topshiriqnomalarni bajarish muddatlarini buzish
Bank tomonidan soliq (yig‘im), bo‘nak to‘lovi, penya va jarima summasini o‘tkazish to‘g‘risidagi soliq to‘lovchining topshiriqnomasini, soliq organining inkasso topshiriqnomasini bajarmaslik (bajarilishini kechiktirish) —
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining bir yuz ellikdan bir qismi miqdorida, lekin kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun o‘tkazilmagan summa bir foizining beshdan bir qismidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
229-modda. Banklar tomonidan bank hisobvaraqlari va operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) soliq organiga taqdim etmaslik
Ushbu Kodeksning 134-moddasida nazarda tutilgan ma’lumotnomani (ko‘chirmalarni) bank tomonidan soliq organiga taqdim etmaslik, shuningdek ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) belgilangan muddatni buzgan holda yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar bo‘lgan ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) taqdim etish, —
ikki million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
IX BO‘LIM.
SOLIQ ORGANLARINING HUJJATLARI VA ULAR MANSABDOR ShAXSLARINING HARAKATLARI (HARAKATSIZLIGI) USTIDAN ShIKOYAT BERISh
30-bob. Soliq organlarining hujjatlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish tartibi
Do'stlaringiz bilan baham: |