324-modda. Qimmatli qog‘ozlarga doir REPO operatsiyalari bo‘yicha soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Ushbu Kodeksning 52-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladigan qimmatli qog‘ozlarga doir REPO operatsiyalari ishtirokchilariga soliq solish ushbu moddada belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning qoidalari tegishli fuqarolik-huquqiy shartnomalari asosida vositachilar, ishonchli vakillar, agentlar, ishonchli boshqaruvchilar tomonidan soliq to‘lovchi hisobidan amalga oshirilgan soliq to‘lovchining REPO operatsiyalariga nisbatan ham qo‘llaniladi.
REPOning birinchi qismi bo‘yicha va REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha qimmatli qog‘ozlarni realizatsiya qilish chog‘ida soliq solish maqsadlarida moliyaviy natija aniqlanmaydi.
Soliq to‘lovchi o‘zi qabul qilgan soliq siyosatiga muvofiq soliq solish maqsadlarida REPO operatsiyasi bo‘yicha chiqib ketayotgan (qaytarilayotgan) qimmatli qog‘ozlarni hisobga olish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
Ushbu Kodeks maqsadlarida REPOning birinchi qismi bo‘yicha sotuvchi uchun REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha sotib olish narxi va REPOning birinchi qismi bo‘yicha realizatsiya qilish narxi o‘rtasidagi farq deb quyidagilar e’tirof etiladi:
1) xarajatlar tarkibiga kiritiladigan jalb etilgan mablag‘lar bo‘yicha foizlar to‘lashga doir xarajatlar o‘rtasidagi farq, agar bunday farq ijobiy bo‘lsa;
2) daromadlar tarkibiga kiritiladigan, qimmatli qog‘ozlar orqali berilgan qarz bo‘yicha foizlar tarzidagi daromadlar o‘rtasidagi farq, agar bunday farq salbiy bo‘lsa.
Ushbu Kodeks maqsadlarida REPOning birinchi qismi bo‘yicha xaridor uchun REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha realizatsiya qilish narxi va REPOning birinchi qismi bo‘yicha sotib olish narxi o‘rtasidagi farq deb quyidagilar e’tirof etiladi:
1) daromadlar tarkibiga kiritiladigan, joylashtirilgan mablag‘lar bo‘yicha foizlar tarzidagi daromadlar o‘rtasidagi farq, agar bunday farq ijobiy bo‘lsa.
2) xarajatlar tarkibiga kiritiladigan, qimmatli qog‘ozlar orqali olingan qarz bo‘yicha foizlar tarzidagi xarajatlar o‘rtasidagi farq, agar bunday farq salbiy bo‘lsa.
Agar ushbu moddaning beshinchi va (yoki) oltinchi qismlarida nazarda tutilgan daromadlar O‘zbekiston Respublikasining norezidentga to‘lansa va ushbu daromadlar bu norezidentning doimiy maussasasi bilan bog‘liq bo‘lmasa, bunday daromadlar ushbu norezidentning O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlari jumlasiga kiritiladi va unga REPOning ikkinchi qismi bajarilishi sanasida to‘lov manbaida soliq solinadi.
Ushbu modda maqsadlarida REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha ishtirokchilar majburiyatlarini ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda bajarish (tugatish) sanasi REPO operatsiyasi bo‘yicha daromadlarni (xarajatlarni) e’tirof etish sanasi deb hisoblanadi.
REPO operatsiyalarini tuzish va bajarish bilan bog‘liq xarajatlar umumiy tartibda hisobga olinadi.
Agar REPOning birinchi va ikkinchi qismlarini bajarish sanalari o‘rtasidagi davrda REPOning birinchi qismi bo‘yicha xaridorda REPOning birinchi qismi bo‘yicha sotuvchiga REPO operatsiyasining obyekti bo‘lgan (kuponli to‘lov, qimmatli qog‘ozlarning nominal qiymatini qisman to‘lash) qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni berish majburiyati yuzaga kelsa, bunday to‘lovlarning summasi daromadlarni (xarajatlarni) ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlariga muvofiq belgilangan tartibda hisob-kitob qilish davomida REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha realizatsiya qilish (sotib olish) narxiga kiritiladi. Mazkur qoida, agar repo shartnomasida REPOning birinchi qismi bo‘yicha sotuvchining REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha qimmatli qog‘ozlarni keyinchalik sotib olish chog‘ida pul mablag‘larini to‘lashga (REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha realizatsiya qilishga (sotib olish narxlariga) doir majburiyatlarini bunday to‘lovlarni amalga oshirish o‘rniga tegishli to‘lovlar summasiga kamaytirish nazarda tutilgan bo‘lsa, qo‘llaniladi.
Agar repo shartnomasiga muvofiq, bunday to‘lovlar REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha majburiyatlarni aniqlashda hisobga olinmasa, bu to‘lovlar summalari ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlariga muvofiq aniqlanadigan daromadlarni (xarajatlarni) hisob-kitob qilishda realizatsiya qilish (sotib olish) narxiga kiritilmaydi.
Agar repo shartnomasida REPO operatsiyasi obyekti bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarning narxi o‘zgargan taqdirda, REPO ishtirokchilari o‘rtasida REPOning birinchi va ikkinchi qismlarini bajarish sanalari o‘rtasidagi davrda hisob-kitoblarni (pul mablag‘larini o‘tkazish va (yoki) qimmatli qog‘ozlarni o‘tkazish) amalga oshirish nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday o‘tkazmalarning summalari ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlariga muvofiq aniqlanadigan daromadlarni (xarajatlarni) hisob-kitob qilishda REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha realizatsiya qilish (sotib olish) narxiga kiritiladi. Mazkur qoida, agar repo shartnomasida hisob-kitoblarni amalga oshirishda sotuvchining REPOning birinchi qismi bo‘yicha pul mablag‘larini to‘lashga doir majburiyatlarini REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha qimmatli qog‘ozlarni keyinchalik sotib olishdagi o‘tkazmalar summasiga kamaytirish nazarda tutilgan bo‘lsa, qo‘llaniladi.
Agar repo shartnomasiga muvofiq pul mablag‘larini va (yoki) qimmatli qog‘ozlarni bunday olish (o‘tkazish) REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha majburiyatlarni aniqlash chog‘ida hisobga olinmasa, bunday o‘tkazmalarning summalari ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlariga muvofiq aniqlanadigan daromadlarni (xarajatlarni) hisob-kitob qilishda REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha realizatsiya qilish (sotib olish) narxiga kiritilmaydi.
Agar REPO operatsiyasi norezident (REPOning birinchi qismi bo‘yicha sotuvchi) va O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs (REPOning birinchi qismi bo‘yicha xaridor) o‘rtasida amalga oshirilgan bo‘lsa va REPO operatsiyasining obyekti bo‘lgan aksiyalar (dividendlar olish huquqini beruvchi depozitar qaydlar) bo‘yicha REPOning birinchi va ikkinchi qismlarini bajarish sanalari o‘rtasidagi davrda dividendlar to‘langan bo‘lsa (dividendlar olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati tuziladi), REPOning birinchi qismi bo‘yicha xaridor dividendlarni to‘lash manbaida qaysi dividendlar bo‘yicha soliq agenti soliqni ushlab qolmagan bo‘lsa yoki soliq mazkur norezident uchun dividendlar tarzidagi daromadlardan hisoblab chiqarilgan soliq summasidan kam summada ushlab qolingan bo‘lsa, o‘sha dividendlar tarzidagi daromadlarga nisbatan soliq agenti deb e’tirof etiladi.
Agar repo shartnomasida REPO operatsiyasining birinchi qismi bo‘yicha berilgan qimmatli qog‘ozlarni ushbu Kodeksning 52-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq boshqa qimmatli qog‘ozlar bilan almashtirish imkoniyati nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday almashtirish chog‘ida soliq solish tartibi o‘zgarmaydi.
Soliq solish maqsadlarida lozim darajada bajarish chog‘ida qimmatli qog‘ozlarni REPOning ham birinchi, ham ikkinchi qismi bo‘yicha realizatsiya qilishning haqiqatdagi narxi, ushbu qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymatidan qat’i nazar, qo‘llaniladi.
REPOning ikkinchi qismi lozim darajada bajarilmagan taqdirda bunday REPO operatsiyasi bo‘yicha soliq bazasi ushbu operatsiya ishtirokchilari tomonidan quyidagi tartibda aniqlanadi:
1) REPOning birinchi qismi bo‘yicha sotuvchi REPOning ikkinchi qismi bajarilganligini soliq solish maqsadlarida e’tirof etadi. Bir vaqtning o‘zida u REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha qaytarib sotib olinmagan qimmatli qog‘ozlarning REPO operatsiyalari bo‘yicha majburiyatlarni repo shartnomasi orqali yoki REPO operatsiyasi taraflarining boshqa bitimi orqali tugatish maqsadlari uchun aniqlanadigan narxdan kelib chiqqan holda realizatsiya qilinganligini e’tirof etadi va bunda ushbu qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymatini ushbu Kodeksda belgilangan soliq solish maqsadlari uchun aniqlashga doir talablarni hisobga oladi. Qimmatli qog‘ozlarni realizatsiya qilishni bunday e’tirof etish shartnoma shartlariga muvofiq REPOning ikkinchi qismini bajarish sanasida yoxud o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish doirasida qimmatli qog‘ozning oldi-sotdisi sanasida amalga oshiriladi;
2) REPOning birinchi qismi bo‘yicha xaridor REPOning ikkinchi qismi bajarilganligini soliq solish maqsadlarida e’tirof etadi. Bir vaqtning o‘zida u REPOning ikkinchi qismi bo‘yicha sotilmagan qimmatli qog‘ozlarning REPO operatsiyalari bo‘yicha majburiyatlarni repo shartnomasi orqali yoki REPO operatsiyasi taraflarining boshqa bitimi orqali tugatish maqsadlari uchun aniqlanadigan narxdan kelib chiqqan holda sotib olinganligini e’tirof etadi va bunda ushbu qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymatini ushbu Kodeksda belgilangan soliq solish maqsadlari uchun aniqlashga doir talablarni hisobga oladi. Qimmatli qog‘ozlarni olishni bunday e’tirof etish shartnoma shartlariga muvofiq REPOning ikkinchi qismini bajarish sanasida yoxud o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish doirasida qimmatli qog‘ozning oldi-sotdisi sanasida amalga oshiriladi.
Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha qisqa pozitsiyalarni ochishda soliq bazasini aniqlash tartibining o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha vakolatli organi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |