15.5.Tarbiya metodlari va vositalarining psixologik mazmuni
Tarbiya vositalari sifatida tashkil etilgan va tashkil etilmagan ta’sirlar tushinilib, ular yordamida bir guruh insonlar - tarbiyachilar boshqa guruh odamlariga – tarbiyalanuvchilarga ma’lum psixologik sifatlar va xulq- atvor hosil qilish maqsadida ta’sir o‘tkazadilar. Aniq qilib aytganda, shaxsga psixologik ta’sir vositasida tarbiyachi tomonidan tarbiyalanuvchining shaxsiyatini o‘zgartirish uchun qo‘llanilgan harakatlar tushuniladi. Ular qatoriga ta’limning barcha turlarida ishontirish, majburlash, ijtimoiy talablar, tashqi ta’sirlarni va inson harakatlari shaklini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar kiradi. Tarbiya vositalari sifatida o‘ziga xos o‘rinni kompleks, global va har taraflama o‘tkaziladigan ta’sirlar egallaydi. Ular qatoriga, masalan, psixoterapiyani, ijtimoiy-psixologik treningni va boshqa psixokorreksiya turlarini ko‘rsatish mumkin.
Tarbiya vositasi bo‘lib, tarbiyachining shaxsiy namuna bo‘lishi, atrofdagi odamlarning ko‘rsatayotgan xulq-atvori, xatti-harakati, pedagogik, badiiy, ommaviy va boshqa adabiyotlarda keltirilgan va yuqori baholangan lavhalar ham hisoblanadi. Insonga ta’sir etib, uning psixologiyasi va xulq-atvorini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan har qanday narsa tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladi.
Tarbiya vositalarini odamga ta’sir etish xarakteriga ko‘ra ikki guruhga: bevosita va bilvosita ta’sirlarga ajratish mumkin. Bulardan birinchisi bir odamning boshqasiga bevosita ta’siri, ya’ni bir-biri bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishi hisoblansa, ikkinchisi, qandaydir vositalar orqali o‘tkaziladigan ta’sir, ya’ni bunda tarbiyachi va tarbiyalanuvchi o‘zaro aloqa qilmaydi (masalan, kitob o‘qish va b.).
Tarbiyachi va tarbiyalanuvchining anglashi nuqtai nazaridan kelib chiqilsa, tarbiya jarayonida uning vositalarini aniq va mavhum turlarga bo‘lish mumkin.
Anglangan tarbiya vositasi qo‘llangan taqdirda tarbiyachi anglagan holda o‘z oldiga aniq, anglangan maqsad qo‘yadi, tarbiyalanuvchi u haqida biladi va uni qabul qiladi. Agar mavhum vositalar ta’siri qo‘llanilganda sinovdagi tarbiya ta’siri anglanmagan holda kechadi, tarbiyachi anglab nazorat olib bora olmaydi hamda oldindan o‘ylangan yanglish ta’sir kelib chiqadi.
Tarbiya ta’siri qanday tarbiya ob’ektiga qaratilganligiga ko‘ra uning vositalari quyidagicha bo‘linadi: emotsional, kognitiv va xulqiy. Tajribada ko‘proq ular kompleks tarzda uchraydi.
Har bir ko‘rsatilgan tarbiya vositalari o‘zining kuchli va ojiz tomonlariga ega. Masalan, bir odamning ikkinchi bir odamga tarbiyaviy ta’sirining o‘ziga xosligi va yutuqlari shundan iboratki bunda tarbiyaning quyidagi turlari ishlatiladi: uqtirish, taqlid qilish va majburlash, o‘z navbatida bu usullar asosida ta’limning effektiv mexanizmi yotadi. Bu usul qo‘llanilganda tarbiyachi so‘z vositalaridan foydalanmasligi ham mumkin, tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri va kerakli xulq-atvorni namuna sifatida ko‘rsatishi va o‘rnak bo‘lishi lozim.
Tarbiyachi doimo o‘zi istaganidek barcha narsani so‘z bilan ifodalab bera olmaydi. Shuning uchun ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarbiya ta’siri tarbiya imkoniyatlarini kengaytiradi. Bundan tashqari, bu vosita bola rivojlanishining ilk bosqichida mumkin bo‘lgan yagona usuldir, holbuki bola hali unga qarata aytilgan so‘zlarni tushunmaydi. Bu holat bolalarning Yoshidan qat’iy nazar katta ahamiyatga egadir. Pedagogikada bu usul shaxsiy namuna deb nomlanadi. Ushbu tarbiya vositasining kamchiligi shaxsiy va vaqt bo‘yicha qo‘llanilishining chegaralanganligidir.
Tarbiyalovchi tarbiyalanuvchiga faqat o‘zi ega bo‘lgan bilimlarni bera olishi mumkin. Bundan tashqari tarbiyachi har doim ham tarbiyalanuvchi bilan muloqatda bo‘la olmaydi.
To‘g‘ridan- to‘g‘ri bo‘lmagan yoki bilvosita tarbiya vositasida kitob orqali, ommaviy axborot vositalari va kodlashgan tizim orqali bir odamdan boshqa odamga axborot uzatiladi. Bunday axborotlarni saqlash va bir necha marotaba qo‘llash mumkin. Bunday inson takror va takror material manbaiga murojat eta oladi. Ammo bunday tarbiya odatda insonga xos bo‘lgan jonli hayotiy kuchlardan mahrumdir. Bundan tashqari ushbu vosita ta’siri Yosh bo‘yicha ham chegaralangan. Ushbu usul so‘zlab berilgan mavzuning axloqiy mazmunini anglatadigan bo‘lishi lozim.
Bevosita tarbiyaviy ta’sirning yutuqlari shundan iboratki, u boshqariladigan, avval o‘ylab rejalashtirilgan va nazorat qilib turish mumkin bo‘lgan natijalar beradi. Bilvosita tarbiya jarayonida ko‘rilgan, kuzatilgan kamchiliklar bunda ham mavjuddir. Mavhum anglanmagan tarbiya vositasi anglangan tarbiya vositalaridan ko‘ra ko‘proq uchraydi, lekin uning yutuqlari va kamchiliklarini amaliy jihatdan baholash qiyin. Bunga sabab uni ongli ravishda nazorat etib bo‘lmasligidir.
Kognitiv tarbiya ta’siri kishining bilim tizimlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, uni o‘zgartirish, mukammallashtirishni maqsad qilib qo‘yadi. Hozirgi zamon olimlarining fikriga ko‘ra, insonning dunyo haqidagi bilimlari uni shaxs sifatida namoyon etib qolmay, balki uning xulq-atvoriga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Tarbiya ta’sirining bu sohadagi yutuqlari sezilarli darajada ortib, hozirgi davrda bu soha asosiy o‘rinni egallab bormoqda.
Emotsional tarbiya ta’siri tarbiyalanuvchida ma’lum affektiv holatni vujudga keltirishga va uni saqlab turishga mo‘ljallangan bo‘lib, ularning psixologik ta’sirlarni qabul qilishini yoki engillashtiradi, yoki qiyinlashtiradi.
Ijobiy emotsiyalar tarbiyalanuvchini tarbiya ta’siri sub’ektiga nisbatan ochiq nazorat hosil qiladi. Salbiy emotsiyalar esa aksincha, tarbiyalanuvchiga ko‘rsatilayotgan tarbiya ta’sirini kamaytiradi.
Xulqiy-axloqiy tarbiya ta’siri bevosita odamning xulq-atvori, uning faoliyati va o‘zini boshqara olishiga yo‘naltirilgan. Uni turli ta’sirlar vositasida ma’lum bir yo‘nalishda yo‘naltirilsa, ular bilvosita shaxs holatiga, uning shakllanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bunday holatda tarbiyalanuvchi avval qandaydir ma’lum xatti-harakatni amalga oshiradi, so‘ngra esa shu yo‘lning foydali yoki zararliligini tushunadi. Berilgan ta’sir avval shaxsning ichki dunyosida o‘zgarishni vujudga keltirsa, bu o‘zgarish keyin uning xulq-atvorida namoyon bo‘ladi.
Bilim, emotsiya va xulq-atvor o‘zaro bog‘liq ekan, ularning har biri orqali shaxsga ta’sir ko‘rsatish mumkin. Bu holat tarbiyachining imkoniyatlari cheklanganda biror bir tanlangan tarbiya ta’siriga urg‘u berishda hamda kerakli natijaga erishishda yordam beradi. Ammo mukammal tarbiyaviy ta’sirga ular birgalikda shaxsga har taraflama ta’sir ettirilgandagina erishiladi.
So‘ngi paytlarda shaxsga psixoterapevtik va psixokorreksion ta’sir vositalari va uslublarini qo‘llash keng tarqalmoqda. Odatda, psixoterapiya pedagogik psixologiyaning bir bo‘limi emas, balki to‘la psixogen tabiatga ega bo‘lgan, insonning psixologik holatiga bog‘liq kasalliklarni davolash yoki ularni oldini olish vositasi deb tushunilgan. Hozirgi paytda dunyoning qator mamlakatlarida psixoterapiya ta’siri tibbiyot amaliyoti chegarasidan chiqib, psixokorreksion va psixoprofilaktik maqsadlar sohasida shaxsni tarbiyalashda, uni real ijtimoiy sharoitga moslashtirishda keng qo‘llanilmoqda. Bunday uslublar qatoriga ijtimiy psixologik treningni kiritish mumkin. U o‘zida ko‘pdan-ko‘p metodlarni jamlagan bo‘lib, ularning ko‘p qismi insondagi hayotiy muammolarni va ta’sirli voqealarni ziddiyatlarsiz, atrofdagi odamlar bilan qulay munosabatlar o‘rnatgan holda hal qilishga o‘rgatadi.
Psixokorreksion uslublarni qo‘llash deb, psixolog-psixoterapevt va mijoz muloqotiga aytiladi. Bunday muloqot vaqtida mijoz mutaxassisga o‘z muammolarini so‘zlab beradi, psixolog yoki psixoterapevt ularni mushohada qilib, o‘z vositalaridan foydalanib mijozga ushbu muammolarni hal qilishga yordam beradi.
Hozirgi zamon tibbiyotida va tibbiyot psixologiyasida psixoterapiyaning ancha keng tarqalgan shakli psixoanalizdir. U Z.Freyd nazariyasiga asoslangan bo‘lib, uning negizida inson shaxsi rivojlanish shartlari, turli muammolarning kelib chiqishi va ularni echish usullari yotadi. Psixoterapevtning vazifasi shundan iboratki, u psixoanalitik uslubdan foydalanib, mijozning anglab etilmagan mayllarini uning ongiga etkazish orqali ular bilan bog‘liq bo‘lgan ziddiyatlarni bartaraf etishga ko‘maklashadi. Bu oqim namoyondalarining ta’kidlashicha, faqatgina anglanmagan motiv va ichki ziddiyatlargina anglab etiladi, natijada ularni aqlan idrok etish orqali muammolarni osongina hal qilish mumkin. Psixoanalitik tomonidan mijozdagi anglab etilmagan ziddiyatlarni aniqlashda erkin assotsiatsiya metodi ham qo‘llaniladi. Bu metodning mohiyati shundan iboratki, psixolog o‘zi egallagan barcha usullardan foydalanib, mijozni jo‘shqin gapirishga undaydi, bu o‘zini xavotirga solgan axborot tariqasida bo‘ladi (odatda bu gipnoz holatida qilinadi yoki mijozning o‘ta kirishuvchan holatida o‘tkaziladi).
SHaxsga psixoterapevtik ta’sir vositalari va uslublari juda ham ko‘p, ular bilan tanishish - maxsus psixologiya kursining vazifasidir.
SHaxs odam ishtirok etadigan ijtimoiy munosabatlar sistemasining ta’siri ostida va unda o‘zi bajaradigan faoliyat ta’siri ostida tarkib topadi.Ijtimoiy muhitning, jamoaning shaxsga ta’siri to‘g‘risida gapirilar ekan, ijtimoiy psixologiya ishlab chiqayotgan referent guruh tushunchasiga asoslanish zarur. Gap shundaki, hamma odamlar ham, xatto eng yaqin tevarak-atrofdagi odamlar ham maktab o‘quvchisining shaxsiga ta’sir qilavermaydi, ko‘plarning fikrlariga u befarq qaraydi. Har bir odam uchun bo‘lganidek, har bir maktab o‘quvchisi uchun ham ayrim guruhlar (ba’zan bunday guruh bir kishidan tarkib topgan bo‘lishi ham mumkin) mavjud bo‘ladi, u shaxs sifatida bu guruhlarning fikrlari, o‘zi uchun nihoyatda ahamiyatli bo‘lgan mulohazalari bilan hisoblashadi. Oila, sinf, sinfdagi ayrim o‘quvchilar, ba’zi o‘qituvchilar, hovlidagi ulfatlar, yaqin do‘st va hokazolar muayyan maktab o‘quvchisi uchun ana shunday referent guruhlar bo‘lishi mumkin. Maktab o‘quvchisining tez-tez uchrab turadigan tarbiyaviy ta’sirlariga befarq yoki xatto salbiy munosabatda bo‘lish hollariga ko‘pincha o‘quvchining tarbiyachiga ma’lum bo‘lmagan referent guruh pozitsiyasida turishi sabab bo‘ladi. A.V.Petrovskiyning oqilona fikriga ko‘ra, agar tarbiyachi, maktab o‘quvchisiga hech narsa va hech kim ta’sir qila olmaydi, deb da’vo qiladigan bo‘lsa, bu narsa odatda tarbiyachining maktab o‘quvchisining axloqiy pozitsiyasini belgilab beradigan ta’sirli referent guruhlardan mutlaqo xabarsiz ekanligini bildiradi.
Bolalik va maktab Yoshida shaxs tarbiyaning hal qiluvchi ta’siri ostida tarkib topadi. Tarbiya maxsus faoliyat sifatida muayyan dasturning, anglab olingan maqsadning mavjudligi bilan ta’sir ko‘rsatishning maxsus ishlab chiqilgan va asoslab berilgan vositalari, shakllari
hamda metodlarining qo‘llanilishi bilan tasodifiy va stixiyali ta’sirlardan ajralib turadi.
Maktab o‘quvchisining muayyan koidalar va normalarni bilishi ma’naviy xulq-atvorning zarur shartidir. Biroq axloq normalarini shu tariqa bilish o‘z-o‘zidan axloqiy xulq-atvorni tegishli darajaga erishtirmaydi. Buning ustiga, bilimlarni ma’naviy xulq-atvorni amaliyotsiz o‘zlashtirib olish ma’naviy bilimlar bilan ma’naviy xulq-atvor o‘rtasidagi ajralishda ifodalanadigan "axloqiy rasmiyatchilik" deb ataluvchi holatning yuzaga kelishiga olib boradi. Shuning uchun maktabgacha tarbiya muassasasi tarbiyalanuvchisi, maktab o‘quvchisining hayoti va faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish, ijodiy axloqiy, ijtimoiy xulq-atvor tajribasi uning shaxsini tarkib toptirishda asosiy narsa bo‘lishi kerak. O‘quvchida bu narsa tarbiyachi rahbarligida hosil bo‘ladi. Bu narsa o‘quvchilarda tabiiy, axloqiy va g‘oyaviy-siyosiy bilimlar majmuasini (bu bilimlar muayyan darajada etakchi rol o‘ynagan paytda) tarkib toptirish bilan yuz berishi kerak.
Psixologlar (avvalo L.I.Bojovich va uning xodimlari) bola va maktab o‘quvchisining shaxsini tarkib toptirishda uning faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish, uning to‘g‘ri xulq-atvor tajribasini orttirishigina emas, balki uning xulq-atvorining (ma’lum harakatga undovchi fikrlari, his-tuyg‘ulari, maqsadlari sistemasini) to‘g‘ri motivlarini tarbiyalash ham hal kiluvchi narsa ekanligini ko‘rsatib beradilar.
Psixologlarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, birgina faoliyatning o‘zida (bu faoliyatning bola uchun nima sababdan yuz berishiga ham qarab) shaxsning har xil (va xatto bir biriga karama-karshi bo‘lgan) sifatlari tarkib topishi mumkin. Masalan, biz tarbiyalanuvchilarni boshqalarni ochiqdan-ochiq va dadil tanqid qilishga o‘rgatamiz. Ana shunday qilish bilan bolada jasurlik, sof dillik, tanqidiy ko‘z bilan qarash fazilatlari tarkib topadi deb hisoblaydilar. Ammo biz aytilganlarni hisobga olmasak, hamisha ham o‘zimiz ko‘zlagan maqsadga erishavermaymiz. CHunki xulq-atvorning ana shu to‘g‘ri shakli negizida maktab o‘quvchisi amal qiladigan motivlar yotadi. Bu xulq-atvor shaxsan o‘quvchining o‘zi uchun qanday ma’noga ega bo‘lishiga qarab, unda har xil sifatlar tarkib topishi mumkin. Agar o‘quvchi o‘z o‘rtog‘ini qat’iy motivlar asosida tanqid qiladigan bo‘lsa, bu tanqid uning o‘rtog‘ida xarakterning prinsipiallik, qat’iylik, halollik singari sifatlarini tarkib toptirishga yordam beradi; bordi-yu, o‘z aybini o‘rtog‘ining bo‘yniga qo‘yish istagi bilan tanqid qiladigan bo‘lsa, bu xudbinlik, individualizmning tarkib topishiga yordam beradi. Agar shaxsiy g‘araz bilan tanqid qilinadigan bo‘lsa, unda shu asosda qasoskorlik, makkorlik, insofsizlik hislatlari tarkib topadi. Agar bunday tanqid qilishga, nihoyat, o‘qituvchidan qo‘rqish va unga yoqish istagi yoki mag‘rurlik istagi sabab bo‘lsa, unda laganbardorlik, ikki yuzlamachilik singari hislatlar tarkib topishi mumkin. Binobarin, to‘g‘ri xulq-atvor tajribasi bu xatti-harakat muayyan motivlar asosida amalga oshirilgan vaqtdagina ko‘zlangan maqsadga olib keladi. Shuning uchun xulq-atvorning to‘g‘ri motivlarini tajribada tarbiyalash va mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Maktab o‘quvchilarida muayyan vaziyatlarda tarbiyaviy ta’sirlar vositasida yuzaga keladigan ijobiy motivlar ularning tajribasida mustahkamlanishi va barcha boshlang‘ich vaziyatlarga tarqalishi kerak.
Boshqacha qilib aytganda, shaxsning har bir sifat strukturasiga, binobarin, maktab o‘quvchisining tegishli xatti-harakatiga ijobiy munosabatda bo‘lishiga imkon beradigan motiv, ikkinchidan, xatti-harakatlarning mustahkamlangan usuli kiradi. SHunday qilib, shaxsning hislati olimlar fikriga ko‘ra, xatti-harakat motivlari va bu motivlar tegishli shakllarining o‘ziga xos birikmasidir. Xatti-harakat barqaror, xukmron (asosiy) motivlarning sistemasini ba’zi psixologlar shaxsning yo‘nalishi deb ta’riflaydilar. M.S.Neymark maktab o‘quvchilarining yo‘nalishini tadqiq qildi va bu yo‘nalishning uchta asosiy turini – jamoa, shaxsiy va ishchanlik yo‘nalishlarini (ishga, faoliyat jarayoniga bo‘lgan yo‘nalishni, ijodiy faoliyatga qiziqishni) alohida ajratib ko‘rsatdi. Yo‘nalishning jamoa, shaxsiy turlari bir xil, to‘g‘ri xarakteristikasiga ega bo‘lmasligi kerak. Haqiqiy jamoa yo‘nalishidan tashqari "xudbinlik guruhi" deb atalgan yo‘nalish – boshka jamoalarning qiziqishlarini mutlaqo mensimagan holda faqat bitta jamoaning, (guruh, sinf) qiziqishlarinigina e’tirof etadigan yo‘nalish ham bor. SHaxsiy yo‘nalish shaxsiy yutuqlarga erishishga qaratilgan yo‘nalish sifatida hamma vaqt ham jamoa yo‘nalishiga qarama-qarshi bo‘lavermaydi.
Psixologlar tarbiyaviy ish metodlarining psixologik asoslarini ishlab chiqayotganlarida, tarbiyaning har kanday metodiga abstrakt tarzda qarab va uni baholab bo‘lmaydi, degan fikrga asoslanalar. Bu metodlar qo‘llanilayotganda, birinchidan, tarbiyalanayotgan o‘quvchining Yosh va individual xususiyatlarini, ikkinchidan, shu o‘quvchi a’zo bo‘lgan bolalar jamoasining xususiyatlarini, nihoyat, tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatiladigan muayyan qonkret sharoitlarni hisobga olish zarur. SHaxsning ijobiy yo‘nalishini tarkib toptirish uchun, maktab o‘quvchisining barcha vaziyat va holatlarida to‘g‘ri yo‘l tutishi uchun uning nima qilishni bilishi,
o‘zi hurmat qiladigan kishilarning nima qilayotganlarini ko‘rishi va o‘zi ham to‘g‘ri xulq-atvorli bo‘lishni mashq qilish zarur.
Bilimlar, axloqiy tasavvurlar va tushunchalarning muayyan sistemasini egallamasdan turib haqiqiy e’tiqodlarni tarkib toptirib bo‘lmaydi. O‘z-o‘zidan bu bilimlar axloqiy xulq-atvorni belgilamasdan turib, unga muhim ta’sir ko‘rsata olmaydi. Psixologik tadqiqotlarda shu narsa aniqlanganki, axloqiy tushunchalarni o‘zlashtirish jarayoni juda murakkab jarayon bo‘lib, unga maxsus rahbarlik qilishni talab etadi. O‘quvchilarning tasodifiy hollar, ko‘chadagilarning bema’ni ta’siri, kattalarning yaramas xatti-harakatlari ta’sirida tarkib topadigan axloqiy tushunchalari tarbiyachilar va jamoa tomonidan to‘g‘ri g‘oyaviy rahbarlik qilinmasa, xato, noto‘g‘ri, buzuq tushunchalarga aylanib qolishi mumkin. Ba’zan o‘quvchi turmushdagi biror fakt yoki voqeani, adabiy asarlardagi mazmunni, kinokartinalarni o‘zi mustaqil tushuna olmay, noto‘g‘ri xulosalarga kelib qoladi. Juda og‘ir sharoitlarda o‘quvchida xato fikrlargina emas, balki ma’naviy tamoyillar va ustanovkalar ruhiga ko‘ra bizga yot bo‘lgan xatolar ham yuzaga kelishi mumkin. Ko‘pchilik noto‘g‘ri xatti-harakatlarning yuz berishiga ana shular sabab bo‘ladi.
Axloqiy ongni tarkib toptirishning eng muhim yo‘li o‘quvchilarning o‘zlarida to‘g‘ri xulq-atvorni yuzaga keltirish bilan axloqiy tajribani boyitish va umumlashtirish yo‘lidir, albatta. O‘quvchilardagi axloqiy bilimning turli-tuman shakllari, ularning ongi va his-tuyg‘ulariga jonli, yorqin, otashin so‘zning (jamoalarda uyushtiriladigan suhbatlar, ma’ruzalar, munozaralar) ta’siri bu ishni ancha to‘ldirishi mumkin.
Buning uchun muayyan tamoyillar ishlab chiqilgan bo‘lib, axloqka doir suhbatlar o‘sha tamoyillar asosida tuzilishi kerak. Bu tamoyillar quyidagilar:
Axloqqa doir suhbatlar mazmuni jihatidan tegishli Yoshdagilarga tushunarli bo‘lishi lozim. Mavhum va abstrakt tushunchalar, murakkab mulohazalar bilan toliqtirib qo‘yishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Odatda, suhbat o‘tkaziladigan jamoani, uning yo‘nalishini, bu jamoa a’zolarining o‘zaro munosabatlarini, o‘qituvchining boshqalarga munosabatini yaxshi bilish zarur.
Bunday suhbatlarni nihoyatda tez-tez o‘tkazib turmaslik darkor. Agar suhbatlar qonkret sabablar bilan, mamlakat yoki jamoa hayotidagi biror voqeaga to‘g‘rilab o‘tkazilsa, juda yaxshi natija beradi.
Suhbatni yorqin, yaxshilab tanlab olingan qonkret misollarni, hayotiy voqealar yoki adabiy asarlardagi faktlarni hamda kuzatishlarni tahlil qilishdan boshlab, umumlashtirish hamda xulosalar chiqarishga o‘tish tavsiya etiladi.
Emotsional tarzda keltirilgan, yorqin va ta’sirchan obrazga oqilona tayanish (nafis san’atdan, adabiyot asarlaridan foydalanish, kinofilmlar yoki teatr asarlariga jamoa bo‘lib borish yoxud ularni jamoa bo‘lib eslash) zarur.
6. O‘quvchilarning ongiga singdiriladigan qoidalarning yaxshilab asoslab berilishi, isbotlangan bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bu hamma narsani tushunib olishga va buning oqibatida dadil qabul qilishga, uning asoslanganligiga ishonch hosil qilishga, oqilona isbotlarga rozi bo‘lishga qodir bo‘lgan o‘smirlar va katta Yoshdagi o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazish paytida juda muhimdir. Boshqa tomondan, bu Yoshda so‘z ta’sirining samaradorligi pasayib ketishi mumkin, chunki o‘quvchida rivojlanib boradigan tanqidiy munosabatlar ko‘pincha uni kattalarning dalillariga ehtiyotkorlik bilan, ishonmasdan va noto‘g‘ri tushunib qabul etishga, ularning dalillarini rad qilishga, biror qoida bilan kelishmaslikka, kattalarning iltimoslari va talablariga qarshi chiqishga majbur etishi mumkin. Boshqa narsani ham nazarda tutish kerak: O‘quvchi ko‘pincha kattalarning o‘ziga aqlli kishi deb murojaat qilishlaridan, uning ko‘p narsani tushunishiga ishonishlaridan mag‘rurlanib yuradi. Unda bu ishonchni oqlash, ana shunday munosabatga munosib kishi bo‘lish istagi yuzaga keladi.
7. O‘quvchilarda maksimal faollik uyg‘otish, jonli ravishda fikr almashish istagini uyg‘otish, ularning fikrini avj oldirish va o‘zlarini axloq masalalari ustida o‘ylab ko‘rishga majbur qilish zarur. O‘quvchilarga tayyor haqiqatni zo‘rlab qabul qildirish yaramaydi, axloq normalari haqidagi xulosalarni ularning faol ishtirokida (ammo o‘qituvchining rahbarligida) chiqartirish kerak. Buning uchun suhbat jarayonida muhokamaga qo‘yilishi kerak bo‘lgan masalalarni oldindan tayyorlab qo‘yish tavsiya etiladi.
8. O‘quvchilarda chuqur va ta’sirchan emotsiyalarni uyg‘otishga intilish lozim. Bunda o‘qituvchi suhbatni befark va shavq-zavqsiz emas, balki emotsional tarzda jonli qilib o‘tkazganidagina erishish mumkin. O‘qituvchi o‘zining ehtirosli e’tiqodi o‘smirlarga yuqishini unutmasligi darkor. O‘smirlarning o‘zlari his etadigan tuyg‘ularni taxminan quyidagi shaklda anglab olishlariga erishish juda muhimdir: "Nima uchun bu hodisa menda shunchalik g‘azab va nafrab uyg‘otadi?", "Nima uchun men bu xatti-harakatlardan shunchalik hayratlandim?".
O‘qituvchining axloqiy ideal sifatida namoyon bo‘lishi
O‘qituvchining axloqiy ideal sifatida namoyon bo‘lishi o‘quvchi shaxsini tarkib toptirishda muhim ahamiyatga ega. Kichik maktab Yoshidagi o‘quvchi ko‘pincha o‘qituvchiga taqlid qilib, unga o‘xshashga harakat qiladi, lekin birinchidan, buni ko‘pincha tushunib etmasdan qiladi, ikkinchidan o‘qituvchining tashqi ko‘rinishi va qiliqlariga taqlid qiladi, chunki u hali shaxsning namoyon bo‘lishini tahlil qilishga va shaxsning barqaror hislatlarini anglab etishga qodir emas. O‘smir va katta maktab Yoshidagi o‘quvchi ko‘pchilik hollarda namunaga ongli ravishda taqlid qiladilar. O‘smir o‘zini katta deb hisoblay boshlagandan e’tiboran kattalarning xatti-harakatlari va ishlariga taqlid qilishga intiladi. Shuning uchun unda tevarak-atrofdagi kishilarning, ayniqsa, o‘ziga eng yaqin va o‘zi uchun eng obro‘li kishilarning xatti-harakatiga qiziqish hamda e’tibor berish yuzaga keladi. O‘qituvchi qanchalik obro‘li bo‘lsa, uning e’tiqodi, bilimlari, fikrlari, didi o‘quvchilarga shunchalik ko‘p ta’sir qiladigan bo‘ladi. O‘smir kattalarning biror hislatlariga taqlid qilayotib, ko‘pincha bu hislatlarni shunchalik ilib olish bilan birga, ularning salbiy hislatlari va xatti-harakatlarini ham o‘ziga singdirib oladi. Agar o‘qituvchi muayyan maqsadni ko‘zlaydigan va matonatli, o‘z burchini qat’iyat bilan bajaradigan bo‘lsa, xuddi shu narsalarni o‘z tarbiyalanuvchilaridan ham talab qilish unga oson bo‘ladi. Aksincha, o‘qituvchining tajangligi, qo‘polligi, o‘zini qo‘lga ola olmasligi, manmanligi o‘quvchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘quvchilar va ota-onalar ba’zan tarbiyaviy ishlarda o‘zlarining shaxsan namuna ko‘rsatishlarining ta’siriga etarlicha baho bermaydilar. Holbuki, ularning qilayotgan ishlari, o‘zlarini qanday tutishlari ularning aytgan gaplariga, o‘rgatgan narsalariga qaraganda kamroq emas, balki ko‘proq ahamiyatga ega bo‘ladi.
To‘g‘ri xatti-harakatlarda amaliy tajribani uyushtirish, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, shaxsni tarbiyalashda muhim, asosiy omildir. Tarbiyachi o‘quvchilarda xatti-harakatlarning shunday shakl va usullarini tarkib toptirmog‘i kerakki, bu shakl va usullarda tarbiyaning hal qiluvchi ta’siri ostida yuzaga keladigan o‘quvchi e’tiqodlari amalga oshsin. Xatti-harakatlarning aytib o‘tilgan shakllari motivlarni, o‘quvchining ehtiyoj va munosabatlarini "moddiylashtirish" ifodasi, vositasi, shakliga aylanib qolgandagina barqaror omilga aylanib mustahkamlanadi. A.S.Makarenko xuddi ana shu ma’noda "xulq-atvor gimnastikasi" to‘g‘ri xatti-harakatlarni mashk qilishni uyushtirish zarurligi to‘g‘risida gapirgan edi.
Axloqiy xatti-harakatlarni mashq qilish – bu turli variantlardagi xatti-harakatlarni aslida bir-biriga o‘xshash vaziyatlarda uyushgan va muayyan maqsadni ko‘zlagan holda takrorlashdir. Faqat ana shunday qilingandagina xatti-harakatlarning barqaror va ayni vaqtda umumlashgan shakllari tarkib topadi. Sun’iy mashqlar emas, balki o‘quvchi hayoti va faoliyatining tabiiy sharoitlari nazarda tutiladi, albatta.
O‘smirlik Yoshidan boshlab, tarbiyaning yangi omili – o‘z-o‘zini tarbiyalash vujudga keladi. O‘quvchilar o‘zlaridan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan shaxs hislatlarini tarkib toptirish sohasida xulq-atordagi kamchiliklarga salbiy hislat va sifatlarga barham berish sohasida ongli ravishda muntazam ishlay boshlaydilar. Odam yuksak darajada o‘z-o‘zini idora qiluvchi, o‘z-o‘zini kamol toptiruvchi birdan-bir sistemadir, - degan edi I.P.Pavlov.
Agar o‘z-o‘zini tarbiyalashga bo‘lgan intilishni kattalar, jamoa etarli darajada boshqarib va tashkil qilib turmasalar, unda o‘quvchi o‘z-o‘zini tarbiyalash mazmunida (nimani tarbiyalashda) hamda uning shaklida (qanday tarbiyalashda) jiddiy xatolar qilishi mumkin.
O‘qituvchi, tarbiyachi o‘quvchilarning o‘z-o‘zini tarbiyalashiga rahbarlik qilishda 4 ta vazifani ko‘zda tutishi kerak.
Tarbiya uch narsaga ehtiyoj sezadi: iste’dodga, ilmga va mashqqa degan edi ulug‘ olim Arastu. Ana shu g‘oyalarga asoslangan holda tarbiyachilar quyidagilarga amal qilishlari lozimdir:
- tarbiyada ulg‘ayayotgan inson shaxsini oliy ijtimoiy qadriyat deb tan olish, har bir talaba, o‘smir va Yosh yigitning betakror va o‘ziga xosligini hurmatlash, uning ijtimoiy xuquqiy va erkinligining e’tiborga tutilishi:
- milliylikning o‘ziga xos an’ana vositalariga tayanish, jahon
madaniyatining ilg‘or tajribalariga asoslanish;
- talabalar faoliyatida tarbiyaviy jarayonning asosini tashkil qilish,
qiziqarli, to‘laqonli talabalar Yosh jihatlariga mos hayot iqlimini yaratish, mehnat, xayriya, ijtimoiy foydali, ijtimoiy ko‘ngilochar va shunga o‘xshash tadbirlar tashkil etish lozimki, natijada talabalar o‘zlari xohlagan ishga qo‘l ursinlar, muvaffaqiyat hissini tushunib o‘zlariga ishonchlari ortsin, axloqan barqaror bo‘lsin.
Demak, pedagog jamiyat hayotida etakchi o‘rin tutuvchi, murakkab shaxs strukturasiga ega bo‘lgan insonning kasbiy qiyofasidir. Ijtimoiy turmushning barcha sohalarida erishilgan yutuqlarning zaminida uning mehnatini natijalari yotadi. Pedagoglarning pedagogik, psixologik tayyorgarligi va bilimlar integratsiyasi, muomala madaniyati, psixologik vaziyatlarni e’tiborga olish kabilar kuchli bo‘lishi kerak. YUksak saviyali, zo‘r mahoratli tarbiyachilargina xalk orzusidagi barkamol insonni tarbiyalaydi. Ilm insonni yuksaklik sari olib boradi. A. Avloniy aytganlaridek: "Ilm insonlarning madori, hayoti, porlok kelajagi, rahbari, najotiga aylangan". Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas fazilatdir. Shuning uchun avvalam bor ilmli, tarbiyali bo‘lmoq har bir Yosh insonning burchi.
SHu maqsadda ko‘nglida eng oliy orzularni jamlab, pedagog ter to‘kib ishlaydi. Ularning mehnatini hurmat qilib, bergan bilimlarni egallamoq kerak.
Ibn Sino ta’kidlaganidek: "Kimga qanday pandu nasihat qilsang, unga avvalo o‘zing amal qil".Pedagogning pedagogik faoliyatining samaraga ega bo‘lmog‘i uchun ko‘p jihatdan shaxs xususiyatlarining shakllanganligi, shaxs yo‘nalishini aniqlanganligini va kasbiy mahoratning tarkib topganligi bilan xarakterlanadi.
Bugungi kunda ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitning murakkab tus olishi yoki ta’lim tizimiga nisbatan yangi talablarning yuzaga kelishi pedagoglarning o‘z faoliyatlarini tubdan o‘zgartirishga hamda izchil, aql-zakovatni ishga solgan holda ish tutishni taqozo etmokda. Bu bir tomondan davr talabi ekanini, ikkinchi tomondan shart-sharoitga nisbatan tub burilish hosil qilish yoki shaxs faoliyatini yo‘naltirishda yangicha munosabatda ish tutish talab etiladi. CHunki mamlakat ravnaqini ta’minlashda kasbiy ta’lim tizimida ijobiy o‘zgarishlarning kiritilishi pedagogik xodimlarning psixologiyasida burilish yasashlik bilan belgilanadi. Pedagogning talabani ichki dunyosini tushunish boshqa odamlar bilan aloqa o‘rnatish, talabaga faol ta’sir o‘tkazish, hamma bilan til topishib ketish, vazminlik, odamlarni ishontirish qobiliyati, bosiqlik va o‘zini tuta bilish, talabchanlik, qat’iylik, g‘ayratlilik, chidamlilik, rahbarlik va tashkilotchilik, o‘zi va boshqalarning xulqini boshqarish, mustaqil va ijodiy fikrlashi muhimdir. Ko‘p hollarda talabalar shaxsini rivojlantirishda aniq bir mezon o‘lchovini belgilab olmaydilar. SHu sababli ham pedagog talabalarga kasbiy mahoratini tarkib topishida qiynaladilar. Har kanday holatda ham faoliyat yo‘nalishini aks ettiruvchi mezon bo‘lishi kerakdir. Bu mezon pedagog faoliyatini doimo o‘z-o‘zini nazorat qilish imkoniyatini to‘ldiradi va uning samaradorligini ta’minlaydi.
Pedagog shaxsiy xususiyatlaridan tashqari chuqur ilmiy saviyaga, so‘zlash madaniyatiga, yuksak odob axloqli bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, pedagog o‘zining tashqi ko‘rinishiga ham e’tibor berishi kerak, toza-ozoda, ixcham kiyinishi kerak. Bundan tashqari oliy ma’lumotli, chuqur bilim egasi o‘zining fanini puxta biladigan, yurt ravnaqi uchun jonini fido qilishga tayyor, o‘z shogirdlaridan bilimi, malakasini ayamaydigan, talabalarga aziz, do‘st, sirdosh, maktab, kollejning fidokor xodimi bo‘lmog‘i lozimdir.
15.7.Shaxsning o‘z-o‘zini tarbiyalash muammosi
O‘smirlik davri bilan bog‘liq bo‘lgan, yorqin, jihatlardan biri - bu o‘z-o‘zini tarbiyalashga bo‘lgan kuchli intilishdir.O‘z-o‘zini tarbiyalashning faol kechishi aynan shu Yoshdan boshlanib, odatda u yoki bu shaklda insonning butun umri bo‘yi davom etadi. O‘smirlik davrida o‘z-o‘zini tarbiyalash haqida gap ketganda, shuni nazarda tutish lozimki, bola 12-13 yoshga etgandan so‘ng birinchi marotaba o‘zining aqliy shaxsiy qobiliyatlarining imkoniyati haqida o‘ylab qoladi va bularni rivojlantirish uchun ongli ravishda maqsad sari intiladi.
O‘z-o‘zini tarbiyalash ma’lum bir aniq rivojlanish yo‘lini bosib o‘tadi. Agar uni asosiy Yosh pog‘onalari bo‘yicha qamrab oladigan bo‘lsak, inson ontogenezidagi rivojlanish quyidagicha namoyon bo‘ladi:
Birinchi bosqich- o‘z-o‘zini jismoniy va irodaviy tarbiyalashdir. Bu o‘smirlik davriga to‘g‘ri keladi. Insonning bu davrga xos bo‘lgan maqsadi iroda va jismoniy imkoniyatlarni rivojlantirish bo‘lib, jasurlik, chidamlilik, o‘z-o‘zini boshqara olish, matonat, o‘z-o‘ziga ishonch kabi irodaviy sifatlarni maxsus vosita va mashqlar orqali tarbiyalashdan iboratdir.Bu holat jismoniy rivojlanishga ham ta’luqli bo‘lib, shu sababli ko‘pgina bolalar bu Yoshda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni boshlaydi.
Ikkinchi bosqich- o‘zini xulqiy-axloqiy rivojlantirish bo‘lib, ilk o‘spirinlik davriga to‘g‘ri keladi. Bu davrda o‘z-o‘zini tarbiyalashning ko‘proq uchraydigan maqsadlari - ruhiy, ma’naviy rivojlanish , shaxsning to‘g‘rilik, yaxshilik, saxiylik, do‘stga sodiqlik, sadoqat, muruvvat kabi oliyjanob sifatlarni o‘zida mujassamlashga intilishi kuzatiladi.
Uchinchi pog‘ona kasbiy o‘z-o‘zini tarbiyalash o‘spirinlik davriga to‘g‘ri keladi. Inson hayotining bu davrini ishga bo‘lgan ishtiyoqni o‘stirish deb qarash mumkin, unda kishining kasbiy zarur bo‘lgan kompleks sifatlarni rivojlantirish, qobiliyat, malaka, ko‘nikma, tanlagan kasbi bo‘yicha mahorat bilan ishlash uchun zarur bo‘lgan hislatlari shakllanadi. O‘z-o‘zini kasbiy rivojlantirish maqsadi bu davrda boshlanib, ko‘pgina kishilarda mustahkamlanib boradi va uning hayoti davomida asosiy maqsadlardan biri bo‘lib qoladi.
To‘rtinchi bosqich - ijtimoiy-dunyoviy qarashlarda o‘z-o‘zini tarbiyalashdir. Bu inson hayotining 40-45 Yoshidan keyingi davri hisoblanadi. Bu erda o‘z-o‘zini rivojlantirish vazifasi ijtimoiy holat, dunyoqarash, hayotga ma’lum nazar bilan qarash hisoblanadi.
Ba’zi hollarda beshinchi pog‘ona ham uchrab turadi, bunda o‘z-o‘zini aktuallashtirish masalasi qo‘yiladi va hal etiladi.
Besh bosqichdan ikkitasi insonni o‘z-o‘zini tarbiyalashdagi rivojlanishi o‘smirlik va Yoshlikning ilk davriga to‘g‘ri keladi. Bu davrlarda o‘z-o‘zini tarbiyalash inson xarakterini belgilab beradi.
O‘smir va o‘spirinlarga ularning jismoniy, ruhiy va axloqiy o‘z-o‘zini tarbiyalashida qanday ko‘maklashish mumkin? Bu savolga quyidagicha javob bersa bo‘ladi: Birinchidan, o‘z-o‘zini tarbiyalashning birinchi belgilari paydo bo‘lishi bilan ularning intilishlarini faol qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish lozim. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, albatta, o‘smirga jismoniy o‘z-o‘zini tarbiyalashda katta yordam beradi. Bolalar uchun ayniqsa, sportning o‘yin tariqasida o‘tkaziladigan turlari foydali, Shuningdek, engil atletika, suzish, kompleks jismoniy tarbiya mashqlari organizmni har taraflama va barkamol rivojlanshiga yordam beradi. Bunday mashqlar jarayonida shaxsning iroda kuchi ham tarbiyalanadi.
Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullana borish, albatta shu sohada yuqori cho‘qqini zabt etishni maqsad qilib olish degani emas. Asosiysi ular bolaga quvonch keltirishi, sog‘lig‘ini mustahkamlashiga yordam berishidir. Ayniqsa, bu jismonan nimjon bolalar uchun foydali bo‘lib, bunday o‘smirlar bilan ota-onalar, o‘qituvchilar yoki biror katta odam shug‘ullansa samaraliroq bo‘ladi. Bu narsalar albatta kelgusida malakali mutaxassis – trener rahbarligi ostida sport bilan shug‘ullanish imkoniyatini yo‘qqa chiqarmaydi, u holatda tarbiya vazifasi o‘zgacha tus oladi, oddiy jismoniy yoki irodaviy o‘z-o‘zini tarbiyalash, rivojlantirishdan farq qilib, uning chegara doirasidan oshadi.
SHaxs kamol topishida o‘smirlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi yaxshi maktab rolini o‘taydi. Holbuki bu vosita yagona emas, u har doim ham har tomonlama iroda kuchini o‘stirishni ta’minlab bera olmaydi. Jismoniy tarbiya natijasida olingan ma’lum iroda kuchi intellektual va boshqa turdagi faoliyatlarda har doim ham o‘zini namoyon qila olmaydi. Ayniqsa, hayotning axloqiy tomonlarida avtomatik tarzda irodani ko‘rsata olmaydi. Bunda quyidagi qoida amal qiladi: shaxs iroda kuchini birinchi navbatda ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qiladigan va amaliyotda ko‘rinadigan faoliyatlarda chiniqtirib borishi zarur.
Manfaatdor, ezgu niyatli va aql-idrokli kattalarning o‘smirlardagi o‘z-o‘zini tarbiyalashda ishtiroki odatda ularga o‘z kuchiga ishonishga, shu Yoshdagi o‘smirlar xarakteriga xos bo‘lgan komplekslar va krizis holatlarini bartaraf etishga katta yordam beradi. O‘smirlar va o‘spirinlarning o‘z-o‘zini tarbiyalashda kattalarni namuna ko‘rsatishi katta rol o‘ynaydi. Bu yoshdagi insonlar ko‘pincha kattalarga taqlid qiladi, kattalarning, o‘zidan yuqori yoshdagi bolalarning va obro‘li odamlarining yaxshi sifatlarini o‘zida jam qilishga intiladi.
Yuqori sinf o‘quvchilari xulq-atvoriy o‘z-o‘zini rivojlantirish muammlari balan to‘qnashganda , o‘z-o‘zini tarbiyalash bilan bog‘liq murakkab psixologik-pedagogik vaziyat vujudga keladi. Bu jarayonda ular ko‘pdan-ko‘p muammolar va ziddiyatlar bilan to‘qnashishlariga to‘g‘ri keladi. Bulardan biri bu Yoshdagi bolalarning romantikaga va sarguzashtlarga intilishidir. Hozirgi zamon sharoitida bunday intilish ko‘pincha hayotning iqtisodiy omillari sababli paydo bo‘lgan pragmatik yo‘nalish bilan to‘qnash keladi.
Agar romantik ideal shaxsdan zohidlik va kamtarlikni talab qilsa, pragmatik dunyoqarash, aksincha, moddiy to‘kin-sochinlikka va mol-dunyoga intilishga olib keladi. Romantik yo‘nalganlik yolg‘izlikka intilishni qayd etsa, pragmatik yo‘nalganlik faol muloqotni nazarda tutadi. Birinchisiga taqdirga tan berish, bo‘ysunish xos bo‘lsa, ikkinchisiga kurashish xosdir. Romantik dunyoqarash real hayotda sof axloqiy xulqiy tomondan duch kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarni davom ettirishi mumkin. O‘z-o‘zini tarbiyalashda o‘spirinlar uchun asosiy qiyinchilik bu ikkala yo‘nalishning biridan voz kechib ikkinchisini tanlash. Ammo bu ikkisini birlashtirish mumkinmi, agar mumkin bo‘lsa, qanday qilib?
O‘spirinlik davridagi bolalar bilan tarbiyachining birinchi galdagi vazifasi shundan iboratki, ularga haqiqiy hayotda romantik va pragmatik yo‘nalishlar va boyliklar o‘zaro uyg‘unlikda kechishini, birining foydasi uchun boshqasidan butkul voz kechishi shart emasligini, romantika va pragmatikani yuqori ruhiy va iqtisodiy insoniy boyliklar sifatida birlashtirish, uyg‘unlashtirish mumkinligini tushuntirishi lozim. Masalan, etarli darajada pragmatik, kirishuvchan, ishbilarmon va hisob-kitobli inson bo‘lish bilan birga xulq-atvor bobida to‘g‘ri, yaxshilik qiluvchi, insonlarga, shu bilan birga o‘z raqobatdoshlariga ham hamdard bo‘lishi mumkin. Biznes tarixi ko‘rsatishicha, bunday sifatlar haqiqatdan ham eng yaxshi ishbilarmonlarga xosdir.
Hozirgi zamon o‘spirinlarini bunday tarbiyalash uchun romantik, qahramonlik, sarguzasht singari yo‘nalishdagi adabiyotlar bilan bir qatorda ishbilarmonlik haqidagi adabiyotlar, ayniqsa, bu sohada taniqli buyuk insonlar hayoti yoritilgan asarlar bilan tanishtirish lozim. Pragmatik tomonga yo‘nalgan o‘spirinlarga namunali xulqiy va romantik tomonlari yoritilgan va aksincha, romantiklar foydali ishbilarmonlik taraflari aks etgan adabiyotlar bilan ko‘proq tanishishlari lozim.
Xulq-atvor va odatni shakllantirish - ma’lumki, odam ongining yuksak belgilaridan biri - uning o‘zini anglashidir. Odamning o‘zini anglashi o‘z navbatida shaxsning muhim belgisi hisoblanadi. Odam o‘z tevarak-atrofidagi olamni biluvchi va shu olamga ta’sir etuvchi sub’ektdir. Odamning idrok etadigan, tasavvur qiladigan narsalari uning uchun ob’ektdir. Ana shu nuqtai-nazardan olganda, odamning o‘zini anglashi sub’ektiv ravishda o‘zini “men” deb his qilishida ifodalanadi.
Odam ijtimoiy zot bo‘lganligidan unga o‘zligini anglash qobiliyati xosdir. Faqat ijtimoiy hayotda, o‘zga kishilar bilan qiladigan har turli munosabatlarda odamning o‘zini anglashi, o‘zini «men» deb bilishi vujudga keladi va tarakqiy etadi. Odam o‘zini alohida shaxs sifatida kim deb bilishi, o‘zining o‘tmishi va kelajagini anglashi, o‘z huquq va burchini anglashi va nihoyat o‘zining fazilat hamda kamchiliklarini anglashi o‘zini anglashiga kiradi.
Insonning tabiatini o‘zgartiradigan, uning shaxsini tarkib topishiga ta’sir qiladigan kuch ijtimoiy omillar yoki boshqacha qilib aytganda, jamiyat ishlab chiqarish kuchlari hamda ishlab chiqarish munosabatlarining o‘sishi va o‘zgarishidir. Bundan tashqari yana inson shaxsining tarkib topishiga ta’sir qiluvchi kuchli omil - inson orttirgan tajribalarining tarbiya vositasi orqali bolalarga berilishidir. SHunday qilib, inson shaxsi juda murakkab psixologik kategoriya bo‘lib, u kishining individual hayoti davomida ma’lum qonkret omillarning ta’siri ostida sekin-asta tarkib topadi. Ilmiy manbalarga qaraganda inson shaxsi uchta faktorlar ta’sirida tarkib topadi. Ulardan birinchisi, odam tug‘ilib o‘sadigan tashqi ijtimoiy muhitning ta’siri bo‘lsa, ikkinchisi, odamga uzoq muddat davomida sistemali ravishda beriladigan ijtimoiy ta’lim-tarbiyaning ta’siridir va nihoyat, uchinchisi odamga nasliy yo‘l bilan beriladigan irsiy omillarning ta’siridir.
Insonning psixik taraqqiyotida va shaxsiy sifatlarining tarkib topishida tashqi, ijtimoiy muhit va tarbiyaning roli hal etuvchi ahamiyatga egadir. Lekin, inson shaxsining tarkib topishi, yuqorida aytib o‘tganimizdek, faqat shu ikkita faktorga emas, balki uchinchi bir faktorga ham bog‘liqdir. Bu faktor nasliy yo‘l bilan ayrim anatomik va biologik xususiyatlarning ta’siridir. Masalan: tanasining tuzilishi, sochi va ko‘zlarining rangi, ovozi, gapirish uslublari, ayrim harakatlari tug‘ma ravishda berilishi mumkin. Lekin, shuni hech qachon esdan chiqarmaslik kerakki, odamga hech vaqt uning psixik xususiyatlari, ya’ni uning aqliy tomonlari bilan bog‘liq bo‘lgan sifatlari nasliy yo‘l bilan berilmaydi. Nihoyat, nodir hollarda ayrim qobiliyatlar, masalan, musiqa, matematika qobiliyatlarda nasliy yo‘l bilan berilishi mumkin. Bunday imkoniyatlarning amalga oshirilishi, ya’ni ro‘yobga chiqishi uchun albatta, ma’lum sharoit bo‘lishi kerak.
Hozirgi kunda xalqimiz orasidan etishib chiqqan iste’dodli olimlar, muhandis-ixtirochilar, yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat arboblari, iste’dodli artistlar, rassomlar va boshqa kishilarimizga nasliy yo‘l bilan berilgan barcha imkoniyatlarning ro‘yobga chiqishi uchun har qanday sharoit maydonga kelganligini dalili bo‘la oladi.
SHaxsning barcha xususiyatlari, munosabatlari va xatti-harakatlari shaxsning hayoti faoliyatida ma’lum rolni bajaruvchi va har biri murakkab qurilmadan iborat bo‘lgan hamda shartli ravishda to‘rtta o‘zaro mustahkam bog‘langan funksional bosqichlarga birlashtiriladi:
SHaxsning ana shu ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan barcha sifatlari ijtimoiy taraqqiyotning yuksak ongli faoliyatchisi sifatidagi shaxsning hulq-atvori va xatti-harakatlarini belgilaydi.Birinchi tizimning hosil bo‘lishida analizatorlar o‘rtasidagi doimiy tabiiy aloqani aks ettiruvchi filogenetik mexanizmlar katta rol o‘ynaydi. Biroq, bu ilgari yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek ontogenez jarayonida filogenetik analizatorlar o‘rtasidagi aloqa vaqtli aloqalar bilan organik jihatdan qo‘shilib keladilar. Bunda mazkur tizimning ichida perseptiv tizimga o‘tib ketadigan yuksak darajada integratsiyalangan ma’lum ichki sensor komplekslarni hosil qiladi. Bunday komplekslar qatoriga nutq, eshitish, ko‘rish hamda sensomotor komplekslarni kiritish mumkin. Mana shu komplekslarning hammasi odamning hayot-faoliyati jarayonida o‘zaro bir-biri bilan doimiy aloqaga kirishib, sensor-perseptiv uyushishning yagona funksional dinamik tizimini yaratadi. Insonning sensor-perseptiv jihatlari doimo takomillashib boradi.
Ikkinchi tizim barqaror psixik holatlarni o‘z ichiga oladi. Bu holatlar bolaning aniq maqsadni ko‘zlovchi va foydali faoliyatining ongli sub’ekti sifatida boshlagan harakatlarining dastlabki yillaridayoq shakllana boshlaydi. Temperament, intellekt, bilim va munosabat ana shunday xususiyatlar jumlasiga kiradi.
Uchinchi tizim - shaxsni arbob sifatida stabilizatsiya tizimidir. Yo‘naltirilganlik, qobiliyat, mustaqillik va xarakter uning tarkibiy qismini tashkil etadi.
Yo‘naltirilganlik - shaxsning integral va generalizatsiya qilingan xususiyatidir.
Yo‘naltirilganlik bilim, munosabatlarning hamda shaxsning xulq-atvori va xatti-harakatlarida ijtimoiy ahamiyat etakchilik kilgan motivlarning bir butun ekanligida o‘z ifodasini topadi. Bu xususiyat odamning dunyoqarashi, qiziqishlari va ma’naviy ehtiyojlarida namoyon bo‘ladi.
Yo‘naltirilganlik strukturasida g‘oyaviy e’tiqod katta rol o‘ynaydi. G‘oyaviy e’tiqod - bu bilimning, o‘sha shaxsga xos bo‘lgan intellektual, emotsional va iroda sifatlarining sintezi, g‘oyalar va xatti-harakatlar bir butunligining negizidir.
To‘rtinchi tizim o‘z ichiga shunday xususiyatlar, munosabatlar va xatti-harakatlarni oladiki, ularda real shaxslarning ijtimoiy «o‘y fikrlari va his-tuyg‘ulari» aks ettiriladi. Ular bu shaxslarning siyosiy jihatdan ongli, ijtimoiy taraqqiyotning mas’ul arboblari sifatida xulq-atvorini belgilab beradi. Bunga gumanizm, optimizm va mehnatsevarlik fazilatlari kiradi.
SHaxs shakllanishida u yashayotgan muhit, kishilar, jamiyatning roli juda kattadir. Masalan, biron mahallada inson shaxsining tarkib topishiga faol ta’sir ko‘rsatuvchi yuzta o‘ziga xos ijtimoiy muhit bor degan ma’noni bildiradi. Bu erda shunday bir savol tug‘iladi: «Tashqi muhit inson shaxsining tarkib topishiga qanday ta’sir qiladi?»
Birinchidan, ijtimoiy muhitdagi turli hodisalar odamning ongiga bevosita ta’sir qilib, unda chuqur iz qoldiradi.
Ikkinchidan, tashqi ijtimoiy muhit ta’sirining chuqurroq va mustahkamroq bo‘lishiga odamning o‘zi yordam beradi. Ma’lumki, bolalar o‘z tabiatlariga ko‘ra, ilk Yoshlik chog‘laridan boshlab, nihoyat darajada taqlidchan bo‘ladilar. Bolalar katta odamlarning barcha xatti-harakatlariga bevosita taqlid qilish orqali bu xatti-harakatlarni, yaxshi-yomon fazilatlarni o‘zlariga singdirib boradilar. Bolalar oilada, ko‘cha - ko‘yda, katta odamlarning har bir harakatlarini, o‘zaro munosabatlarini zimdan kuzatib turadilar.
Inson shaxsining tarkib topishida tashqi ijtimoiy muhitning roli haqida gap borar ekan, shuni ham ta’kidlab o‘tish zarurki, ayrim g‘ayri tabiiy hodisalar inson shaxsining tarkib topishida tashqi muhit ta’sirining hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini to‘la tasdiqlaydi. Biz ayrim tasodifiy hollarda odam bolalarining yovvoyi hayvonlar muhitiga tushib qolish hodisasini nazarda tutayapmiz. Hayotda bunday hodisalar juda siyrak bo‘lsa ham har holda uchrab turadi. Masalan, Hindistonlik doktor Sing Kalkutta yaqinidagi o‘rmonzorda bo‘ri bolalari bilan birga ikkita odam bolasining ham to‘rt oyoqlab yugurib yurganini ko‘rib qoladi. Keyin ularni poylab, qarorgohlarini topib, bolalarni olib ketadi. Ulardan biriga Amala, ikkinchisiga Kamala deb nom qo‘yadi. SHu narsa xarakterliki, bolalar Yoshlikdan bo‘rilar muhitiga tushib qolganliklari tufayli, fe’l-atvorlari, xatti-harakatlari jihatidan bo‘rilardan farq qilmas edilar. Nutq yo‘q, demak tafakkur ham nihoyat darajada cheklangan edi. Juda katta qiyinchiliklar bilan qayta tarbiyalanilayotgan bo‘ri muhitidagi bolalar shamollash natijasida o‘lib qoladilar. Bu hodisa odamning shaxs sifatida rivojlanishi uchun eng avval insoniy muhit, ya’ni ijtimoiy muhit bo‘lishi kerakligini to‘la tasdiqlaydi. SHaxs va uning psixologiyasiga ta’sir etuvchi ikkinchi omil ta’lim- tarbiyaning ta’siridir. Ma’lumki, ta’lim-tarbiya inson ongini shakllantiradi, uning dunyoqarashi, e’tiqodi, hayotga bo‘lgan munosabatini tarkib toptiradi. Agar bolalarning ruhiy taraqqiyotlari va shaxsiy xususiyatlarining tarkib topishi faqat tashqi ijtimoiy muhit bilan, ta’lim-tarbiyaning o‘zigagina bog‘liq bo‘lganda edi, unday paytda biz bir xilda sun’iy va aynan bir xil ta’lim-tarbiya sistemasini tashkil qilib, har tomondan bab-baravar taraqqiy etgan va deyarli bir xil shaxsiy xususiyatlarga ega shaxslarni etishtirib chiqarar edik. Vaholanki, bunday bo‘lishi mumkin emas. SHuni aytib o‘tish kerakki, bola shaxsining tarkib topishiga ta’lim-tarbiyaning ta’siri deganda, albatta, birinchi navbatda tarbiya muassasalarida, ya’ni bog‘cha, maktab, internat, litsey va kollejlarda beriladigan ta’lim-tarbiya tushuniladi. Biroq, bundan oilada bolaga beriladigan ta’lim-tarbiya mutlaqo mustasno emas. Oiladagi umumiy ijtimoiy muhitdan tashqari, oilada beriladigan ta’lim-tarbiyaning ham roli kattadir. Bola tarbiyasi bilan sistemali shug‘ullanadigan va umuman shug‘ullanmaydigan oilalarga misollar keltirish mumkin.
YUqorida aytib o‘tilgan ikkita omildan tashqari uchinchi omil ham mavjudki - bu nasliy xususiyatlardir. Odamga nimalar nasliy beriladi? Odamga nasliy yo‘l bilan ayrim anatomik va biologik xususiyatlari beriladi. Masalan, tana tuzilishi, sochi va ko‘zlarining rangi, ovozi, gapirish uslublari, ayrim harakatlari tug‘ma berilishi mumkin. Lekin shuni hech qachon esdan chiqarmaslik kerakki, odamga hech vaqt uning psixik xususiyatlari, ya’ni uning aqliy tomonlari bilan bog‘liq bo‘lgan sifatlari nasliy yo‘l bilan, ya’ni tug‘ma ravishda berilmaydi. Nihoyatda nodir hollarda ayrim qobiliyatlar, masalan, musiqa, matematik qobiliyatlar nasliy yo‘l bilan berilishi mumkin.
Odamning ruhiy taraqqiyoti va shaxsiy xususiyatlarining tarkib
topishi haqida gapirar ekanmiz, yana bir muhim narsa ustida to‘xtab
o‘tish kerak. Hozirgi kunda tez-tez akseleratsiya terminini
ishlatayapmiz. Xo‘sh akseleratsiya bu nima? Akseleratsiya - «tezlatish»
degan ma’noni anglatadi. Hozirgi kunda bolalarni ham jismoniy,
ham ruhiy jihatdan juda jadallik bilan rivojlanayotganlik-larining guvohi bo‘lib turibmiz. Xo‘sh, buning sababi nima bo‘lishi mumkin? Albatta, bunga turli fikrlar bor. Ayrim olimlar akseleratsiyaning sababini ilmiy-texnika taraqqiyoti bilan bog‘lab tushuntirishga intilmoqdalar. Ularning fikricha, ilmiy-texnikaning juda jadal temp bilan rivojlanishi insoniyatning oldiga mislsiz ko‘p axborotlarni idrok qilish va fikrda qayta ishlash talablarini qo‘yadi. Bu talab o‘z navbatida insonni har tomonlama, ya’ni ham jismoniy, ham psixik jihatdan tez rivojlanishiga olib keldi. YUqorida aytib o‘tilgan olimlarning fikricha, akseleratsiya - bu XX asrning ikkinchi yarmiga xos bo‘lgan hodisadir.
Tarbiyali bo‘lish - bu xulq-atvorini nazorat qilishdan iboratdir. Bunday nazorat insonga yomon xatti-harakatlarni bajarmaslik imkoniyatini beradi. Agar shaxs xulq-atvorini axloqiyligi haqida qayg‘ursa, u ijtimoiylashuvga erishgan bo‘ladi.
Tarbiyalanganlik ijtimoiylashuvni o‘rganish jarayoni sifatida qaraladigan Yosh psixologiyasida olingan natijalarga asoslanadi. Bola o‘zini egotsentrik emas, balki tarbiyali tutishi uchun tarbiyalanganlik qanday rag‘batlantirilishi kerak? Tarbiya o‘z mohiyatiga ko‘ra ijtimoiy jihatdan ijobiy ehtiyojlarni hosil qilishidir. Agar ta’lim shaxsning ongini shakllantirish bo‘lsa, tarbiya uning ongsizlik sohasiga ta’sir etishdir. Bolalarga ularni tarbiyalaydiganlarga hissiy yaqinlik xos. Odatda 6 oylik bolalar unga g‘amxo‘rlik qiladigan ota-onasiga bog‘lanib qoladilar. Ota-onaning oldida, ular bilan muloqotda bo‘lish bolalarga juda yoqadi, ularning yo‘qligi bolaga yoqmaydi. Ota-onaning g‘amxo‘rligini bildiradigan so‘zlar, xatti-harakatlar bola uchun juda katta ahamiyatga ega, uni erkalamaslik, suymaslik salbiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Xulq-atvorning dastlabki ijtimoiylashuvi xuddi shu o‘rganish jarayoni orqali sodir bo‘lishi mumkin: xulq-atvorning istalgan shakllari g‘amxo‘rlik va e’tibor bilan taqdirlanadi, kutilmagan shakllari esa qo‘llab-quvvatlanmaydi. Lekin, yaxshi xulq-atvorni rag‘batlantirish va yomon xulq-atvor uchun jazolash axloqiy ijtimoiylashuvning kichik bir qismidir. Biz ko‘rib chiqkan xulq-atvor hamma bolalarga ham taalluqli emas.
Xulosa qilib aytganda, mustaqil jamiyatning baxt-saodati yo‘lida halol mehnat qilish; jamiyat boyligini saqlash va ko‘paytirish yo‘lida har bir kishining tinmay g‘amxo‘rlik qilishi, ijtimoiy burchni yaxshi anglash; jamiyat hayotida va shaxsiy hayotda halollik va rostgo‘ylik, axloqiy sofdillik, odamiylik va kamtarlik, milliy va irqiy adovatlarga aslo yo‘l qo‘ymaslik va shu kabilar tarbiya jarayonining muhim hislatlaridir.
Mavzuni mustahkkamlash uchun savollar:
1.Tarbiya tushunchasini qanday ta’riflash mumkin.?
2.Tarbiya vositalari deganda nima tushunasiz va ularga misol keltiring.
3.SHaxs shakllanishida tarbiyaning o‘rni qanday?
5.O‘z-o‘zini tarbiyalash deganda nima tushuniladi?
6. O‘z-o‘zini tarbiyalash inson ontogenezining qaysi davridan boshlanadi?
Tayanch tushunchalar:
SHaxs, guruh, axloq, tarbiya, xulq-atvor motivlari, shaxsning yo‘nalganligi, e’tikod, shaxsiy namuna, o‘z-o‘zini tarbiyalash.
Do'stlaringiz bilan baham: |