2-bob. Bitiruvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash
3. Oltin medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10 va 11-sinflarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.
4. Kumush medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10 va 11-sinflarida yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.
5. Namunali xulq-atvorga ega hamda jamoat ishlarida faol bitiruvchilar ro‘yxati ta’lim muassasasi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va amaliyotchi psixologi tomonidan tegishli o‘quv yilining yakunida ta’lim muassasasining Pedagogik kengashiga kiritiladi.
Bitiruvchilarning namunali xulq-atvori ularning maktabning ichki tartib va odob-axloq qoidalariga doim rioya etishi, maktab formasiga rioya etishi, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo‘lishi bilan asoslanadi.
Bitiruvchilarning jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etishi ularning ta’lim muassasasi manfaati, uning sha’ni va nufuzi to‘g‘risida qayg‘urganligi, ta’lim muassasasi rivoji uchun jonkuyarlik qilganligi, turli yo‘nalishdagi tashkiliy tadbir va ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etishi bilan asoslanadi.
6. Ta’lim muassasasi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari har yili 10-iyunga qadar:
bitiruvchilarning baholarini, o‘quv-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq hujjatlarni (sinf jurnali, baholar tabeli) o‘rganadi;
oltin va kumush medallar bilan taqdirlashga munosib bo‘lgan bitiruvchilar ro‘yxatini shakllantiradi;
oltin va kumush medallar bilan taqdirlanadigan bitiruvchilar ro‘yxatini ta’lim muassasasining Pedagogik kengashiga (keyingi o‘rinlarda Pedagogik kengash deb ataladi) taqdim etadi.
7. Pedagogik kengash ushbu Nizomning 3 va 4-bandlarida belgilangan talablar asosida har yili 14-iyunga qadar bitiruvchilarni oltin yoki kumush medallar bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
8. Bitiruvchilarga oltin va kumush medallar mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida ta’lim muassasasi direktori tomonidan har yili 15-iyunga qadar tantanali ravishda topshiriladi.
9. Pedagogik kengashning bitiruvchilarni oltin yoki kumush medallar bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarori nusxasi har yili 17-iyunga qadar ta’lim muassasasi joylashgan hudud bo‘yicha tegishli tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga taqdim etiladi.
Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi har yili 20-iyunga qadar tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalariga oltin va kumush medal bilan taqdirlangan bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari oltin va kumush medal bilan taqdirlangan bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtiradi hamda har yili 25-iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etadi.
Boshqa vazirliklar va idoralar tasarrufidagi ta’lim muassasalari oltin va kumush medal bilan taqdirlangan bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har yili 25-iyunga qadar belgilangan tartibda idoraviy mansubligi bo‘yicha tegishli vazirliklar va idoralarga taqdim etadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar har yili 30-iyunga qadar o‘zining rasmiy veb-saytida oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan bitiruvchilar ro‘yxatini joylashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |