Mirzo Uluqbekning "Ziji jadidi Kuragoniy" asari
Samarqand munajjimlari va ularning g`amxo`r, mohir yetakchisi bo`lgan Mirzo Ulug`bek falakiyot fanining taraqqiyotga salmoqli qissa qo`shdi.
Uning "Ziji jadidi Kuragoniy" asari astronomiya ilmi tarixida alohida o`rin tutadi va u o`rta asr falakiyot fanining durdonasi hisoblanadi.
"Ziji jadidi Kuragoniy" avvalambor Mirzo Ulug`bek bosh qosh bo`lgan Samarqand rasadxonasining ko`p yillik mehnati samarasi Sharq klassik astronomiyasining nazariy va amaliy masalalarini o`zida mujassamlashtirgan, uni yangi dalilu-isbotlar bilan boyitgan shoh asardir.
"Ziji jadidi Kuragoniy" asosan ikki qismdan: katta muqaddima va 1018 ta yulduzlarning o`rni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat.
Muqaddimaning o`zi to`rtta mustaqil qismga bo`lingan. Ular:
Birinchi qismi yetti bobdan iborat. "Tarix, ya'ni xronologiyaning ma'rifati" deb nomlanadi. Astronomiyaning muhim poydevorlaridan hisoblangansanayoki yil hisobi, boshqacha so`z bilan aytganda yunonlar, arablar, eronliklar hamda uyqurlar qabul qilgan yil hisoblash usullari, ularning milliy bayramlari, shuningdek bu sanalarni kelib chiqishi masalalari bayon etiladi.
Ikkinchi qismi "Vaqtlar va unga taalluqli narsalar" deb nomlangan. Bu qism 22 bobdan iborat. Osmon burjlarining oqishi, yulduzlarning chiqishi va botish joylari, nisfan-nahor soatining rasad o`rni bo`lmish Samarqand kengligi nisbati; Shusha, Kayravon, Urmiya, Naxichevvon, Bulg`or, Madonin, Bag`dod, Basra, Kozerun, Itsahr, Qamadon, Ray, Doigon, Badqiz, Saraxs, Marv, Balx, Buxoro, O`sh, Qashqar, Chin, Beshbaliq, Qoraqurum, Samarqand, Tabriz, Usrushona, Xo`jand, Axsikat, Shosh, Tibat, Kashmir kabi shaharlarning (hammasi bo`lib 638 ta joy) kordinatalari, yetti iqlim va uning ma'rifati singari masalalar haqida gap ketadi.
Uchinchi qismi 13 bobni o`z ichiga oladi va "Yulduzlarning ravshanligi va o`rni" deb ataladi. Unda Yulduz va sayyoralarning quyosh atrofidagi harakati zo`r bilim va mahorat bilan sharqlanadi.
To`rtinchi qismi "Yulduzlarning doimiy harakati" deb nomlanadi. Bu qismda astrologiya masalalariga, ya'ni yulduzlarning holati va harakatiga qarab taqdirni belgilash masalalari haqida to`xtalgan. Undan tashqari kishi taqdirini oldindan belgilash uchun qanday qilib qur'a (goroskop) tuzish yo`llari qam ko`rsatib berilgan.
Ulug`bekningsanava sayyoralarning yillik harakatlari haqidagi hisoblari ham hozirgi hisob-kitoblarga juda yaqindir.
Ulug`bekning ilmiy merosini ingliz Sharqshunosi T.Xayd, fransuz astronomlari J.Delambr (1749-1822), L. Sediyo, nemis astronomi K.Petres keyinchalik, Brokkelman va boshqa yevropalik olimlar atroflicha o`rgandilar, Zijini esa turli tillarda va Ovropada, Amerika qit'alarining turli shaharlarida chop ettirdilar. Turkiya, Eron, Afg`oniston. Hindiston va Ovropa mamlakatlarining olimlari Ulug`bekning tadqiqot usullaridan foydalandilar, uning rasadxonasiga o`xshatib rasadxonalar qurdilar.
Ulug`bek yashagan davr, uning ilmiy va madaniy merosini rus olimlaridan V.V.Bartold o`rgandi. Arxeolog V.L.Vetkin 1908 yili Ulug`bek rasadxonasi xarobalarini topdi. 1996 yilda A.Ahmedov tomonidan o`zbek, rus va ingliz tillarida "Ziji jadidi Kuragoniy" asari tarjima qilinib, Amir Temur yubileyining 660-yilligi munosabati bilan Fransiyada katta olqishlarga sazovor bo`ldi.
Bundan tashqari Ulug`bekning hayoti va faoliyati haqida p'esa, (M.Shayxzoda "Mirzo Ulug`bek"); roman (O.Yoqubov "Ulug`bek xazinasi") va boshqalar yaratilgan. Ulug`bek hayoti va faoliyati haqida muhim ma'lumotlar Bo`riboy Ahmedovning asarlarida berilgan. Tarixchi tomonidan 1994 yilda nashr etilgan "Mirzo Ulug`bek" asari bu borada muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |