Jongʻa chun derman…
Jongʻa chun dermen: „Ne erdi oʻlmakim kayfiyati?“
Derki: „Bois boʻldi jism ichra marazning shiddati“.
Jismdin soʻrsamki: „Bu zaʼfinggʻa ne erdi sabab?“
Der: „Anga boʻldi sabab oʻtluq bagʻirning hirqati“.
Chun bagʻirdin soʻrdum, aytur: „Andin oʻt tushti manga
Kim, koʻngulga shuʼla soldi ishq barqi ofati“.
Koʻngluma qilsam gʻazab, ayturki: „Koʻzdindur gunah,
Koʻrmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati“.
Koʻzga chun dermenki: „Ey, tardomani yuzi qaro,
Sendin oʻlmish telba koʻnglumning baloyu vahshati“.
Yigʻlab aytur koʻzki: „Yoʻq erdi manga ham ixtiyor
Ki, koʻrundi nogahon ul shoʻxi mahvash talʼati“.
Ey Navoiy, barcha oʻz uzrin dedi, oʻlguncha kuy
Kim, sanga ishq oʻti-oʻq ermish azalning qismati.
Do'stlaringiz bilan baham: |