Milliy-ma’naviy madaniyatni egallash malakasi. Milliy ma’naviyatni egallash o‘zbek xalqining boy tarixi, milliy qadriyatlarini, urf-odatlari va ularni o‘zida aks ettirgan qimmatli adabiy-badiiy meros bilan yaqindan tanishish, uni o‘qib o‘rganish, milliy an'analar, bayramlar, urf-odatlar asosida shakllangan milliy madaniyat, shuningdek, umuminsoniy qadriyatlarni singdirishga insonparvarlik nuqtai nazaridan yondashishni taqozo etadi. O‘zbek adabiyotining ixcham va go‘zal namunalari, xalqning tarixiy, madaniy hayotiga xos muhim lavhalar, jahon milliy madaniyatiga hissa qo‘shgan o‘zbek xalqi vakillarining ijodiy merosini o‘rganish ham ko‘zda tutiladi.
Ta’lim rus va boshqa mahalliy tillarda olib boriladigan oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek tili ta'limi mazmuni yuqoridagi uch tarkibiy qismni o‘z ichiga oladi va bakalavriat yo‘nalishining birinchi bosqichida o‘zining ifodasini topadi.
O‘zbek tilining uzluksiz ta'lim tizimida bakalavriat ta'limi o‘rta maxsus ta'limtarbiyadan keyingi bosqich sanaladi. Shunga ko‘ra, uzluksiz ta'limning oliy ta'lim bosqichlarida til ta'limining lisoniy, lingvopsixologik, sotsiopsixologik va paralingvistik xususiyatlari va, muhimi, umumdidaktik va o‘ziga xos metodik xususiyatlardan kelib chiqqan holda hosil qilinadigan nutqiy-kommunikativ, leksik-grammatik va yuksak ma'naviyatli barkamol shaxsni tarbiyalashga oid vazifalar belgilanadi.
Oliy ta’limning Davlat ta’lim standartiga ko‘ra “O‘zbek tili” fani Samarqand davlat universitetining barcha fakultetlari rus va tojik guruhlari birinchi kurs talabalariga o‘qitiladi. Ushbu fan shartli ravishda o‘zbek tilining fonetika, leksikologiya, morfologiya, sintaksis, uslubshunoslik bo‘limlarining nazariy va amaliy materiallariga tayanib o‘rgatiladi.
Yangi davr til o‘rgatish borasidagi an’anaviy usullarni inkor etmagan holda, yangicha usullardan foydalanib, til o‘rgatishning samaradorligini oshirish zarurligini talab etmoqda. Bu esa mamlakatimizda keng ko‘lamda hayotga tatbiq etilayotgan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” sifat bosqichining ham asosiy talablaridan hisolanadi.
Mazkur ishchi-o‘quv dasturini tuzishda jahonda tan olingan va ta’lim jarayonida ijobiy natijalar berayotgan kommunikativ usul yutuqlaridan, xorijiy – ingliz, fransuz, nemis, rus va boshqa tillar bo‘yicha keng qo‘llanishda bo‘lgan o‘quv usliubiy ishlar, o‘quv qo‘llanmalar va darslik mualliflarining ilg‘or tajribalaridan ijodiy foydalanildi.
“O‘zbek tili”dan tuzilgan ushbu ishchi-o‘quv dasturining mazmuni talabalarda ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilgan. Mashg‘ulotlar davomida mutaxassislikka doir matnlar tarjima qilinadi, so‘z va iboralar takrorlanadi, yangi so‘zlar yodlanishi ko‘zda tutiladi. O‘rganilgan yangi so‘zlar matnni tarjima qilish, matn bo‘yicha tayyorlangan savollarga javob qaytarish hamda o‘tilgan grammatik materialni o‘zlashtirish uchun asos bo‘ladi. Matn to‘liq o‘rganib bo‘lingach, tegishli grammatik mavzuga doir mashqlar bajariladi. Mashqlar tarjima qilish, nuqtalar o‘rniga tegishli harflar, so‘zlar, olmoshlar, egalik, kelishik, shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘yish, fe’lning ma’lum zamonlari, tasdiq, inkor, so‘roq shakllari qo‘shimchalarini qo‘yish, so‘zlarni tartib bilan qo‘yib gap tuzish kabi topshiriqlarni qamrab oladi. Har bir mashg‘ulotda og‘zaki nutqni o‘stiruvchi mashqlar bajariladi. Muloqotlar rus tilida ham, o‘zbek tilida ham berilib, ularni tarjima qilish, yodlash hamda erkin suhbat davomida qo‘llay bilish talab etiladi. Mashg‘ulot tegishli topshiriqlar bilan yakunlanadi.
Dars davomida talabalarga o‘zbek tilining grammatik qonun-qoidalari emas, balki matnlar, mashqlar, muloqotlar yordamida til materialini o‘rgatish orqali ulardan fikrlash ko‘nikmalari hosil qilinib, talabalar darsning oddiy qatnashchisidan uning faol ishtirokchisiga aylantiriladi.
Mazkur ishchi-o‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2017-yil 18-avgustdagi 4-sonli bayonnoma bilan ma’qullanib, 2017-yil 24-avgustdagi 603-sonli raqami bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbek tili” fanidan tajriba-sinov namunaviy dasturga moslashtirilgan. Bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha tuzilgan ushbu namunaviy dasturda keltirilgan “O‘zbek tilini o‘qitishning maqsad va vazifalar”, “Fan mazmuniga qo‘yiladigan malakaviy talablar”, “O‘zbek tilining boshqa fanlar bilan aloqasi”, “O‘zbek tilini o‘qitishda zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar”, “O‘zbek tili” fanidan oliy ta’lim muassasalari uchun uzviylashtirilgan o‘quv dasturi”, “Fanni o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar” “Mustaqil ta’limni tashkil etishning shakli va mazmuni”, “Dasturning informatsion-metodik ta’minoti” bo‘limlari mazkur ishchi-o‘quv dasturi uchun asos vazifasini o‘tadi.
Mazkur dastur asosida “O‘zbek tili”dan ikki qismdan iborat o‘quv qo‘llanmasi nashr etilgan va elektron darslik tayyorlanib, “ZiyoNet”ga kiritilgan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan tuzilgan uchyoqlama shartnoma asosida professor I.K.Mirzayev bilan hamkorlikda “O‘zbek tili”dan darslik yozilib, u 2004-yil Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyotida ko‘p nusxada chop etildi va bu darslik 2006-yil o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi darsligi muallifi” respublika tanlovida faxrli o‘rinni egallab, ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Shunga ko‘ra respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlarining rus va boshqa tillarda o‘qitilayotgan talabalari o‘zbek tili mashg‘ulotlarida mazkur o‘quv-ish dasturiga asoslanib yaratilgan darslik hamda uning elektron versiyasidan keng foydalanib kelishmoqda.
Oliy o‘quv yurtlarining rus va tojik guruhlari talabalariga “O‘zbek tili”dan amaliy mashg‘ulotlar 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab 84 soat, mustaqil ishlash uchun esa 60 soat ajratildi. Namunaviy dasturda tavsiya etilgan mavzular bilan bir qatorda, o‘zbek xalqi tarixi, ilm-fani, madaniyati, adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar hayoti va ijodi bo‘yicha matnlarni tarjima qilish, ular asosida mustaqil ravishda erkin matnlar tuzishga doir mavzular ishchi-o‘quv dasturidan o‘rin egalladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |