Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasi ochiqlandi
O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainada boshlagan harbiy harakatlari yuzasidan vazmin, neytral pozitsiyada. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Asadovga ko‘ra, kecha, 25 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning keng ko‘lamli kun tartibida turgan dolzarb masalalardan tashqari, Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashgan.
“Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
“Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim”, deydi Asadov.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid bildirdi”, deydi Asadov.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov Ukrainada bo‘layotgan vaziyat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Vataniga bostirib kelganga qarshi kurashish har qanday sharoitda ham to‘g‘ri! Birovning vataniga bostirib borish — sababi nima bo‘lishidan qat’i nazar, noto‘g‘ri!
O‘zbek xalqi asrlar davomida orttirgan davlatchilik tajribasi asosida doimo vazmin xulosalar, pragmatik muzokaralar tarafdori bo‘lgan va tinchlikni qadrlagan.
Ukrainadagi inqiroz bo‘yicha bildirilgan O‘zbekiston pozitsiyasini to‘g‘ri deb hisoblaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Do‘st ukrain va rus xalqlari boshidagi qonli qora bulutlarni tezroq bartaraf bo‘lishidan umidvormiz.
Jonajon O‘zbekistonimiz tinch bo‘lsin!”, – deb yozib qoldirgan Qodirov.
Ukrainadagi vaziyat
24-fevralga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “mintaqa aholisini genotsiddan himoya qilish” uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini ma’lum qildi. Murojaatdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainaning ko‘plab shaharlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko 24-fevral kuni erta tongda Kiyev, Xarkov va Dneprda harbiy infratuzilma obyektlariga raketa zarbalari berilganini ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning harakatini mamlakatni yakson qilish deya baholab, G‘arbni “Putinga qarshi koalitsiya” tuzishga chaqirdi.
24-fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Buyuk Britaniya mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llagan, xususan “Aeroflot” kompaniyasining qirollik hududiga parvozlarini taqiqlagan. AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgani va u yerda harbiy operatsiyalarni boshlagani uchun mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilgan. Shuningdek, Bayden Rossiyaning Ukrainaga hujumi uchun mas’uliyat Vladimir Putinning zimmasida ekani, Rossiya ushbu harbiy operatsiya uchun jiddiy zarbalar qabul qilib olishi haqida gapirgan.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Ukraina hududida 4300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi borligini ma’lum qilgan. Ular Polsha orqali evakuatsiya qilinadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |