Uilyam Shekspir
SONETLAR
Jamol Kamol tarjimalari
1
Istaymiz, go’zallar bo’lsin ziyoda,
Go’zallik barq urib, yashnasin abad.
Atirgul qovjirab, to’kilgan onda,
Nozik gulg’unchasi ochilsin faqat.
Sen esa yoshliging, yurak otashing
Husningga sarf etib, ey sohibjamol,
To’kinlik bor joyda ochlikdir ishing,
Ki senga yovdir ul, g’animdir qattol.
Latofat bormidir chiroyingdek sof?
Bahor darakchisi o’zingsan, illo.
Xasislik aylabon etasan isrof,
Kurtakni mahv aylab botining aro.
Dunyoga rahm qil, qoldir shu yerga,
Zuryodingni olib ketma qabrga….
2
Qirk qahraton qishning ayoz shamoli
Iz solsa manglaying, yuzlaringga, hay,
Qayda qolgay sening husnu jamoling,
Tengsiz latofating qaylarda qolgay?
Qani deb so’rsalar soching to’lqini,
Yonog’ing yolqini? Bugun u soya…
So’niq ko’zlarimda deysanmi uni?
Javobing qo’zg’atur kulgu, kinoya.
Va lekin javobing bo’lar munosib,
Gar desang:boqingiz bolalarimga.
Ko’rku tarovatkim, etmishdi nasib,
Baxsh etdim gullarim, lolalarimga…
Sening tomiringda soviyotgan qon
Ularning jismida gupurar bu on.
3
Ko’zguga ko’z solib, suvratingga boq,
Endi bu timsolni takrorlash lozim.
Yo’q desang, dunyoga tushadi titroq,
Ayolni baxtidan etasan mahrum.
Qaysi dilbar senga quchog’in ochmas,
Qaysi jonon ko’rmas mehrini ravo?
Shuncha xudbinmisan, o’zing bilan mast,
Avloddan o’limni ko’rasan avlo?
Onang senga boqib, ko’rar o’tmishin,
Umrining bahoriy ayyomlarini.
Sen ham keksayganda ko’rishing mumkin
Bolangda yoshliging davronlarini.
Dunyodan toq o’tsang, yolgiz befarzand,
O’larsan,timsoling ketar sen bilan….
18
Seni yoz kuniga etaymi qiyos?
Bir ajib go’zalsan, sokina, dilbar.
Shamol yulqib otar chechaklarni, bas,
Yozimiz qisqadir, hademay o’tar.
Goho ko’kda quyosh qamashtirar ko’z,
Goho bulutlardan osmon ham xira,
Bir zumda xuftondir, bir lahza kunduz,
Xullaski, tabiat tinchimas sira.
Ammo sening yozing o’zgacha, bo’lak,
Quyoshing charaqlab sochadi yog’du.
O’lim soya sololmas, malak,
Shoirning she’rida hayotsan mangu.
To tanda jon bo’lur, to ko’zlarda nur,
Yasharsan tiriklar ichra bir umr….
19
Sherning tirnog’ini sindir, ey zamon,
Tuproqqa qorishtir mavjudotlarni.
Yulbars tishlarini qo’par beomon,
Qaqnusni o’tda yoq, qoldirma parni.
Qishdami, yozdami, kuzda, bahorda
Kulguni ko’zyosh et, ko’zyoshni kulgu.
Har ne qilsang qilgil shomu nahorda,
Bir gunohdan tiyil, iltimosim shu:
Manglayiga ajin solma do’stimning,
Munis chehrasini abgor aylama.
Dilbar qiyofasi, jamoli uning
Barcha zamonlarga bo’lsin namuna.
Magar qilg’ilikni qilsang ham, zamon,
U mening sherimda qolur navqiron….
26
Ey sevgim sarvari, tavozu ila
Arzim bayon etay, eshitgil meni.
Ehtiromim bitib, yo’lladim senga
Shu qalbim sog’inchi, salomnomani.
Fazilating buyuk, qalamim ojiz,
So’zlarim tuyular yalang’och, g’arib.
Lekin sen marhamat sari burib yuz,
O’qirsan ularni, libos kiydirib.
Boshimda porlagan baxtim hulkari
Yo’limni yoritib, manzilimni ham,
Juldur choponimni itqitib nari,
Balki to’n kiydirar menga mo’htasham.
Sevgimni maqtanib aytaman unda,
O’shangacha esa yurgum panada…
30
Qachonkim xayolga erk berib, fursat,
Kechgan kunlarimni nogoh eslasam,
Bag’rimda tirnalur eski jarohat,
Alamlar qo’zg’alur yana yangidan.
Shunda ko’zlarimdan sochilar yoshim,
Do’stlarim ketdilar aytib alvido.
Qayda qoldi deyman sevgim, quyoshim,
Kimlarni yo’qotdim, nelardan judo…
Evoh, g’am ustiga yana g’am kelar,
Yig’layman, xotirga olsam ularni.
Garchi to’lagandim ilgari tugal,
Boshqatdan to’layman to’lovlarimni.
Ammo seni har gal o’ylasam, do’stim,
G’amlarim tarqaydi, topaman taskin…
39
O, seni tariflab, nechuk madh etay,
Axir,biz bittamiz, bir jonu bir tan?
Qanday qilib endi o’zimni maqtay,
O’zimni maqtayman seni maqtasam.
Shuning chun bir birdan yashaymiz ayru,
Toki ayriliqda yurib hamisha,
Madh etay ko’rkingni, latofatingni,
Chunki madh etishga loyiqdir o’sha.
O, hijron oshiqqa alamdir, azob,
Ayriliqda chekar oshiq intizor.
Lekin hijron aro, ayo mohitob,
Shirin umidlarning lazzati ham bor.
Men senga yiroqdan boqib har mahal,
Suvrating chizaman yorqin, mukammal…
46
Ko’zim bilan qalbim talashar nuqul,
Ki go’zal qiyofang yashaydi kimda?
Ko’zim deydi: mening qarog’imda ul,
Yuragim deydiki, yashaydi menda…
Ko’zim ont ichadi: kechadir kunduz,
Oyinamda erur jamoli uning.
Yurak qasam ichar: misoli yulduz
Menda charaqlaydi timsoli uning…
Fikru mulohaza hukmida bu ish
Ko’rildi oqibat, gapning xullasi,
Aytildi: nimadir yurakka tegish,
Nimadir ko’zlarning haqqi, hissasi.
Jonim, suvratingni ko’zlarim oldi,
Sevgi, muhabbating yurakda qoldi…
50
Yo’l bosib boraman mashaqqat bilan,
Horigan bedovga o’zni ortmoqlab.
Evohki, har bitta bosganda qadam,
Baxtimdan ketaman yana yiroqlab.
Otim oshiqmaydi, ayondek go’yo
Unga yuragimning qayg’usi, zori.
Yo’lda oshiqarmi yo’lovchi aslo,
Ortida qolarkan suyukli yori?
Men qamchi uraman, otim sakramas,
Faqat mungli kishnab, beradi javob.
Otim kishnar ekan mungrab, shu nafas
Mening yuragimga tushar iztirob.
Deyman o’z-o’zimga: hamrohing endi
Qayg’udir, quvonching orqada qoldi…
51
Sendan yiroq tushib, yo’llarda dilxun,
Ketganman otimning qadamin sanab.
Jonim, ayrilmoqqa oshiqay nechun?
Ammo, sen tomonga yursam, boshqa gap.
Unda tuyog’idan chaqnab chaqinlar,
Otim qo’zg’alarkan, qo’zg’alur bo’ron.
Shunda ham men uni qistardim magar,
Muncha imillaysan, deya har zamon.
Unda yo’l deganning chiqardi changi ,
Otim qanot yozib misoli duldul,
Garchi bo’lsa hamki oriq, qirg’anchi,
Uchqur xayoldanam o’zar edi ul.
Sendan ketganda gar sust edi, yalqov,
Ammo senga bursam, o’t bo’lur, olov…
54
Go’zallik go’zaldir yuz bor, agarda
Bag’rida haqiqat esa oshkor.
Atirgul so’limdir, yana har lahza
Taralib turguvchi xushbo’yi ham bor.
Xuddi atirguldek ko’rku chiroyda,
Ayni tikonlidir zaharli gullar.
Yoz kelib,chechaklar ko’kargan joyda,
Dalalar qo’ynida yashnaydi ular.
Ularning bisoti husnidir faqat,
Tugar husni bilan umri, bahori.
Ammo atirgulda bitsa tarovat,
Iforga ko’chadi umrining bori.
Demagil: bir kuni qolurman so’lib,
Sherimda yashaysan atirgul bo’lib…
85
Kamtarin muzamning tillari tugik,
O’zgalar seni madh aylab shu asno,
She’rlar bitishadi manzur bo’lgudek,
Oltin qalamlarda etishib insho.
Ularda so’z esa, menda xayol, o’y,
Besavod mullaga o’xshayman biroz.
Har gal she’r o’qilsa, yangrab misli kuy,
«Omin!» deyish kelar qo’limdan, xolos.
Xar gal «Balli!» deyman, «Aytganing to’g’ri!»
Va yana bir nima qo’shaman ba’zan.
Ammo qalbim to’la limmo-lim tuyg’u,
Aytib berolmasman uni so’z bilan.
Ularni qadrla so’zlari uchun,
Meni esa — so’zsiz tuyg’ularim-chun…
Do'stlaringiz bilan baham: |