- Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review)
Shu o‘rinda oila, oilaviy munosabatlar, oilaning turmush tarzi, er-xotin va farzandlar munosabati va ziddiyatlari masalalari muammosi bilan respublikamizdagi bir qancha psixolog olimlar ham bu masalaga to‘xtalib o‘tgan. Jumladan, G‘.B.Shoumarov oila psixologiyasi, oilaviy munosabatlar, oilada er-xotin munosabatlarining o‘ziga xos etnik xususiyatlariga, V.M.Karimova o‘zbek yoshlarini oilaviy hayotga tayyorlashning ijtimoiy-psixologik xususiyatlariga, N.A.Sog‘inov esa er-xotin munosabatlari masalasiga, R.Samarovning tojik oilasida er-xotin nizolarining ijtimoiy va etnopsixologik xususiyatlariga2, Z.Rasulovaning oila, nikoh an’analari masalasiga, G.Niyozmetova o‘zbek oilalarida er-xotinlik munosabatlari dinamikasining ijtimoiy psixologik xususiyatlari kabi mavzularni ilmiy jihatdan o‘rganib, o‘zbek oilasining o‘ziga xos psixologik xususiyatlari borasidagi ilmiy ma’lumotlar bazasini boyitilishiga xizmat qilgan.
Ammo o‘zbek oilalarida ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi nizolarning ijtimoiy–psixologik xususiyatlari borasida olib borilgan ilmiy izlanishlar kamchilikni tashkil qilganligi sababli, bu boradagi tadqiqot ishlarini izchil davom ettirish zaruratini vujudga keltiradi.
Ota-ona va farzand o‘rtasidagi nizoli munosabatlarga to‘xtalar ekanmiz, bu borada nizo, ziddiyat va mojaro kabi tushunchalarini psixologik jihatdan tahlil etishni taqozo etadi. Jumladan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da nizo – (arabcha - bahs, tortishuv; janjal, to‘qnashuv; kurash) o‘zaro kelishmovchilik yoki qarama-qarshilik, dushmanlik, adovat orqasida tug‘ilgan holat, munosabat; ixtilof, nifoq3 degan ma’lumotlar keltirib o‘tilgan.
Ilmiy adabiyotlarda nizo, mojaro va ziddiyat to‘g‘risida chet el psixolog olimlari ham turli fikr va mulohazalarni bildirib o‘tganlar. Xususan, Yevropalik olim F.E.Vasilyuk “Mojaro nima – u mutlaqo ma’nosiz bo‘lib tuyuladi, nizo - bu biror narsaning biror narsa bilan to‘qnashuvi”4 deb o‘zining fikr-mulohazasini bildirib o‘tgan. Bizningcha, F.E.Vasilyuk mojaro tushunchasiga yuzaki yondashib ta’rif bergan. Mojaro esa xar qanday nizoning passiv ko‘rinishi bo‘lib, uning vujudga kelishiga sabab bo‘ladigan muhim omil hisoblanadi.
Bundan tashqari A.G.Zdravomislov “Nizo sotsiologiyasi” muammolariga bag‘ishlangan fundamental asarida “Nizo jamiyatdagi odamlarning o‘zaro ta’sirining eng muhim jihati, ijtimoiy hayotning o‘ziga xos hujayrasidir. Bu ijtimoiy harakatning potensial yoki haqiqiy sub’yektlari o‘rtasidagi munosabatlar shakli bo‘lib, uning motivi qarama-qarshi qadriyatlar va me’yorlar, manfaatlar va ehtiyojlar tomonidan boshqariladi”5- deb ta’kidlagan. Ushbu tadqiqotchi olim bunda nizoni jamiyatdagi ijtimoiy munosabat sub’yektlarining ehtiyojlari to‘qnashishi va qarama-qarshi fikrlar yuzaga kelishining natijasida vujudga keladigan omil sifatida yondashganini ko‘rish mumkin.
Psixolog olim B.I.Xasan esa bu borada quyidagi fikrni bildirib, “Nizo - bu o‘zaro ta’sirning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, unda o‘zgarmagan shaklda birga bo‘lolmaydigan harakatlar o‘zaro ta’sir qiladi va bir-birini almashtiradi, buning uchun maxsus harakatni talab qiladi. Birga muammo har qanday nizo aktuallashgan ziddiyatdir, ya’ni o‘zaro ta’sirda mujassamlangan qarama-qarshi qadriyatlar, munosabat va motivlar”6- deb ta’rifini berishga harakat qilgan. Bunda u nizoni ijtimoiy xususiyatlariga asosiy e’tiborni qaratib, qarama – qarshi harakatlar buning asosiy negizi ekanligiga to‘xtalishi ahamiyatlidir.
Bizning fikrimizcha esa, “nizo bu – shaxslar ongida, guruh yoki guruhlararo o‘zaro muloqot jarayonida biror-bir muammo, masala yoki qarashlar borasida bir – biriga to‘g‘ri kelmaydigan, qarama – qarshi fikr va qarashlarning o‘zaro to‘qnashuvi oqibatida paydo bo‘ladigan salbiy xissiy munosabatlardir” deb atash mumkin.
Nizoning oilaviy munosabatlarda paydo bo‘lishi va uning salbiy oqibatlari jamiyat ijtimoiy hayotining taraqqiyotini sekinlashishiga sabab bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, oilaga yosh avlodni barkamol inson qilib voyaga yetkazib tarbiyalashdek, o‘ta ma’suliyatli vazifa yuklangan. Unda ota – ona farzandlarning tarbiyasiga ma’sulligi hamda oilada o‘rnatilgan namunali tartib, ijobiy urf-odat va qadriyatlarni bolalar ongi va qalbiga singdirishda nizoli holatlarga olib keluvchi xatti-xarakatlardan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi kerakligini taqozo etadi.
Bizga ma’lumki, oila – tarbiya maskani hisoblanib, dunyoga kelgan farzand ota-onadan axloq-odob qoidalarini, halollik, poklik, mehnatsevarlik, insonparvarlik kabi qadriyatlarni o‘rganadi. Shu jumladan, oila boshlang‘ich tarbiyaviy jamoa sifatida keng doiradagi vositalarga ega. Bu vositalar ota-ona muxabbati, do‘stligi, talablari, obro’sining o‘ziga xos psixologik mexanizmlarga asoslangan bo‘lib, ularni favqulotda hollardagina boshqa tarbiyalovchi tashkilotlar tomonidan o‘zlashtirib olishi mumkin. Oilada bolaning uning a’zolari bilan o‘zaro muloqotda to‘plagan shaxsiy tajribasiga asoslangan xulq-atvor shakllantriladi.7
Do'stlaringiz bilan baham: |