Dil – qulf, til – kalit
Uyingizdagi yoki ishxonangizdagi xonalarning eshiklariga razm soling. Qulflog‘liq eshikni ochish mushkul. Harchand kirishga urinmang, befoyda. Biroviga tushadigan kalit ikkinchisiga to‘g‘ri kelmaydi. Har birining o‘z ochqichi, “tish”lari boshqacha. Odamzot qalbi ham shunga monand. Har biri o‘z didi, saviyasi, bilimi, fikrlash va yashash tarzi va dunyoqarashi bilan ajralib turadi. Siz ana shularni bilgan holda muomalada bo‘lasiz, aks holda,”qovun tushirib qo‘yishingiz” hech gap emas. Hammaning qalbiga yo‘l har xil yo‘sinda. Did bilan dillashish mushkul. Farzandlaringiz, ota-onangiz, hatto, turmush o‘rtog‘ingiz bilan ham didingiz bir xil bo‘lavermaydi. Ba’zi masalalarda maslakdoshsiz, emak, ichmak, kiymak bobida didingiz har xil. Demak, ruslardagi “vkus i svet tovarishi net”degani bejiz emas.
Ko‘ngil qulfiga mosu xos ochqich bu so‘zingiz, nutqingizdir. U qanday bo‘lishi kerak? Buning uchun esa muomala madaniyatining ikkinchi muhim jihatiga e’tiborni qaratish zarur.
Alisher Navoiyning “ko‘ngil xazinasin qulfi til, kaliti so‘z”, deganlarida, muomala tilsimotiga ishora qilganlarini ilg‘ab olish qiyin emas. Qolaversa, til muomala odobining avvali ekanini Mahmud Qoshg‘ariy “Ardam (odob) boshi – til” deya e’tirof etgan. “Kishi so‘zlashu, yilqi yizlashu” deganida ham kishilar bir-birlarini so‘zlashib bilib olganlaridek, hayvonlar hidlashib bilishadi degan fikrni qayd etadi. Bularning barchasi muloqot jarayonida so‘zga, nutqqa ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish zaruratini anglatadi.
Biz ko‘rgan-bilgan, eshitgan, o‘qib o‘rgangan yoki shohid bo‘lgan har bir narsa-hodisaning o‘z tayanch nuqtasi bor. Bu faqat kurrai zaminimizdagi voqelikka taalluqli bo‘lib qolmasdan, galaktikadagi barcha sayyora, yulduz, samoviy jinslarga ham daxldor. Tayanch nuqtasi bor bo‘lmagan narsaning o‘zi yo‘q. Bo‘lgan taqdirda ham, u omonat. E’tibor bering hashamatli, naqshinkor, baland imorat oldida turibsiz. Qanchalik ko‘kka bo‘y cho‘zmasin, yoki qanchalik «viqor»li bo‘lmasin, uning tayanch nuqtasi-poydevori bo‘lmasa, u hech nimadir. Erta-indin qulashi, xarobaga aylanishi tayin. Hatto, erning ham tayanch nuqtasi bor. Beruniy, Arximedlar bu haqda qanchalik o‘y surib, umrini band etgan bo‘lmasin, tayanch nuqta mutloq haqiqat ekanligini anglab etishgan. Erning tayanch nuqtasi bo‘lmaganda edi, u allaqachon orbitadan chiqib ketgan bo‘lardi.
SHunday ekan, insoniyatning, ellarning, dillarning, tillarning ham o‘z tayanchi, suyanchi bor. Tinchlik, totuvlik, o‘zaro birdamlik har bir damda, har qadamda bir-birini tushunishlik xalqlar osoyishtaligi va farovonligining tayanchi bo‘lsa, har bir tilning tayanchi esa ayni xalq nutqida istifoda etiluvchi so‘zlardan iborat.
Tilning boyligi, go‘zalligi, nafosati ham undagi so‘zlarning soni va jilosi bilan bog‘liq. Uning boqiyligi esa undan foydalanuvchi millatning ma’naviyati va istiqboliga tegishli. Ta’bir joiz bo‘lsa, deylik siz me’morsiz. O‘z zahirangizda mavjud bo‘lgan so‘zlardan foydalanib, fikr etkazasiz va qabul qilasiz. Boshqacha ayttanda, tafakkur imoratini bunyod etasiz. SHunday ekan, so‘z ana shu imoratga qo‘yilgan g‘ishtdir. G‘ishtning tarkibi qum, loy kabi jinslardan iborat bo‘lgani kabi so‘zning tarkibi ham tovush, fonemalardan iborat.
G‘isht jips holda o‘z o‘rniga hafsala bilan terilsa, imorat pishiq, mustaqkam bo‘ladi. SHunday ekan, har bir so‘zning o‘z o‘rni, hajmi, o‘lchovi, ko‘rinishi, vazni, tarovati, hidi bor. Uni didi bor, nozikta’b tafakkur sohiblari anglashadi, amalda qo‘llay olishadi. So‘z sahovati va latofatini idrok etgan adiblarimiz buning qudratidan foydalangan holda nasru nazm durdonalarini yaratishgan. Tilda yuz minglab so‘z bo‘lsa ham, ularning moddiy asosini bir necha o‘nlab tovushlar tashkil qilishi haqida fikr yurita turib, muqtadir olim Alibek Rustamiy shunday yozadi: «… o‘zbek adabiy tilida 31 tovush bor. SHevadagilarni qo‘shsak, 40 dan oshmaydi. SHu qadar ozgina tovushdan milliondan ortiq so‘z yasalgan».
To‘g‘ri ta’kidlanganidek, gap so‘zning soni yoki sifatida emas, balki ularni bilish va o‘z o‘rnida qo‘llay olishdadir. Demak, so‘z – ne’mat, so‘z – rag‘bat, so‘z – tashviq, so‘z – da’vat, so‘z – davlat, so‘z – savlat, so‘z – hikmat, so‘z – himmat, so‘z – hurmat, so‘z – rahmat, so‘z – zahmat, so‘z – fazilat, so‘z – illat, so‘z – tuzuvchi, so‘z – buzuvchi, so‘z – ilm, so‘z – tilsim, so‘z – bilim, so‘z – zulm, so‘z – saboq, so‘z – tayoq, so‘z – havas, so‘z – hasad, so‘z – g‘urbat, so‘z – g‘iybat, so‘z – do‘st, so‘z – dushman, so‘z – sharofat, so‘z – ofat, so‘z – olqish, so‘z – qarg‘ish, so‘z – mehr, so‘z – qahr … xullas, so‘z – hamma narsa. Faqat uni qachon, qaerda, qanday qilib qo‘llash so‘zlovchiga bog‘liq. Bu esa so‘zlovchining ongu shuuriga, aqlu idrokiga, fahmu farosatiga daxldordir.
Demak, til, nutq odobi inson ma’naviyati va kamolotida etakchi mezon ekanini YUsuf Xos Hojibning «So‘zning o‘rni – sir» degan fikridan ham uqish mumkin. So‘zning sir-sinoatlarini idrok etib, o‘rnini topa olgan zukko suxanvarlargina so‘zning sahovatlaridan bahramand bo‘la oladi, o‘zgalarni ham bahramand qila oladi.
YUqoridagi fikrlarning o‘ziyoq, so‘zning nominativ funksiyasidan tashqari fikr etkazuvchi va qabul qiluvchi orasidagi kommunikativ jarayonni ham ta’min etishini anglatadi.
So‘zning xosiyati shular bilan cheklanmaydi. Uning imkoniyat qirralarini etuk notiqlar kashf etadilar. Har bir narsaning xususiyatlari uning to‘la ta’rifini berishi uchundir. Ma’lumki, nutqning, fikrning asosini tashkil qiladigan birlik bu so‘zdir. So‘z orqali nutq va fikr oydinlashadi. So‘zlarninig xarakterini yaxshi bilgan kishi hech qachon qiynalmaydi. Har qanday so‘zning xosiyati esa uni o‘z o‘rnida, to‘g‘ri ishlata olish bilan belgilanadi. So‘z, tovush hamda ma’noning dialektik birligidan iboratligini bilgan notiq uni ifodalashda quyidagi bosqichlarni e’tiborda tutishi lozim: 1. Topish. 2. Tanlash. 3. Qo‘llash (aytish yoki yozish). Topish so‘zlovchining so‘z boyligiga daxldor bo‘lsa, tanlash didi, saviyasiga, qo‘llash esa uning mahoratiga tegishlidir. Topish til boyliklaridan, sinonimlardan qanday foydalana olishingizga mezon bo‘lsa, tanlash psixologik, axloqiy va estetik normalarga amal qilish zaruratini bildiradi. Qo‘llash esa og‘zaki yoki yozma ravishda amalga oshiriladi.
Demak, nutqimizdagi har bir so‘z tinglovchiga yoki o‘quvchiga kontekstga muvofiq ana shu boskichlar orkali etib boradi. Har kanday ma’lumot, fikr, hissiyot ana shu bosqichli jarayonlar orqali anglashiladi.
So‘zlarning xosiyatlari haqida fikr bildira turib, A.F.Konn shunday yozadi: «So‘z insonning buyuk qurollaridan biri. O‘rnida sidqidildan aytilgan oddiygina so‘z qudratli va engilmas kuchga aylanadi. U so‘zlovchining o‘zini qiziqtirib yuborishi, uni va atrofidagilarni o‘z nafisligi bilan mahliyo etishi mumkin». Bu iqtibosda so‘z estetikasi, uning ijtimoiy aloqa vositasi ekani ta’kidlanayotgani sir emas.
So‘z nutq hosil qilishning bosh omili ekan, demak, uning xarakterini, ma’no darajasini yaxshi bilish lozim. So‘z zahirasiga, so‘z boyligiga ega bulgan nutq sohiblari nazariy va amaliy jihatdan etuk bilim, malakaga ega bo‘lishgan. So‘zlar ma’nodoshligi, shakldoshligi, zidligi, talaffuzdoshligi, dublet va variantliligi, ko‘p ma’noliligi, to‘g‘ri va ko‘chma ma’nolarda qo‘llanilishi bilan bir-biridan farklanib turadi. Bularni puxta o‘rganish faqat fikr etkazish (yoki qabul qilish) uchungina emas, balki uning ta’sirchanligi, ekspressiv va emotsionalligiga ham xizmat qiladi.
So‘zning xususiyatlaridan kelib chikqan holda eng maqbul ta’rif shunday ifodalangan: «So‘z borlikdagi hodisa va narsalarning ma’nosini ifoda etuvchi, grammatik jihatdan shakllangan va jamiyat a’zolari tomonidan bir xil tushuniladigan, tovush formasida ifodalanadigan mustaqil va markaziy til birligidir».
Har davrning o‘z so‘zi bulganidek, har bir ijodkorning ham so‘zga o‘z qarashi bor. Ana shu fikrlarni to‘ldirish, boyitishni inobatga olgan holda «So‘z haqida so‘z» ruknida adiblarning ayrim mulohazalarini keltiramiz.
«So‘zdan qudratlirok narsa yo‘q. O‘tkir dalil va yuksak fikrlar safini yorib o‘tish mumkin emas. So‘z yovuzlarni yakson etadi, qal’alarni yiqadi. U ko‘zga ko‘rinmas qurol. So‘z bo‘lmasa, dunyo dag‘al kuchlar qo‘lida qolar edi. So‘z sehridan kuchliroq sehr yo‘q». A. Frans.
«So‘z bilan ifodalangan hap qanday fikr ta’sir ko‘lami tugamaydigan kuchdir. So‘z buyuk narsa. SHuning uchun qam buyukki, so‘z bilan odamlarni birlashtirish, so‘z orqali ularni bir-birlari bilan yuz ko‘rmas qilib yuborish mumkin, so‘z bilan mehr qozonish, so‘z bilan nafrat va adovatta yo‘liqish mumkin. Odamlarni bir-biridan ajratadigan so‘zni aytishdan saqlan». L.N.Tolstoy.
Do'stlaringiz bilan baham: |