IZZATINI YAXSHIROQ ETMAK KERAK
Tarix shuni ko‘rsatadiki, xonlar bilan xonlarning, amirlar bilan amirlarning, beklar bilan beklarning farqi bor. Birlari o‘zidan yaxshi nom qoldirish uchun kurashgan va yashagan bo‘lsa, ikkinchilari ko‘p vaqt o‘z huzur-halovatini, boylik orttirishni, bor narsalarni buzishni, yo‘q qilishni o‘ylagan, yaratuvchilik g‘oyasidan yiroq yurgan.
Buxoro hokimi Mahmud Sultonning o‘g‘li Ubaydulloxon ibn Mahmud Sulton esa shayboniylar sulolasining yirik namoyandalaridan biri bo‘lishi, hokimiyat uchun kechgan jangu jadallarda faol qatnashishi bilan birga o‘z davri madaniyatining katta arbobi, XVI asr o‘zbek adabiyotining yirik vakili darajasiga erishgan edi.
Turkiston xalqlari siyosiy tarixida Ubaydulloxonning eng katta xizmatlaridan biri shundaki, u Movarounnahrni Ismoil Safaviy boshchiligidagi eroniylarning, tarixchi Hofiz Tanish Buxoriy tili bilan aytganda, «qizilboshlar»ning istibdodidan saqlab qoldi. Ubaydulloxonning harbiy mahorati va jasorati uning davlat arbobi sifatida qattiqqo‘lligi tufayli safaviylar qo‘shini orqaga chekindi. Ularning O’rta Osiyo shaharlarini qirg‘in qilishi, talashi to‘xtatildi. Ubaydullaxon Shayboniy hukmdorlardan Qo‘chkinchixon (1510—1530), uning o‘g‘li Abdusaid (1530—1533) hukmronligi davrida noib, 1533—1539 yillarda esa xon ko‘tarilib, mamlakatni boshqardi. Hofiz Tanish Buxoriy o‘zining «Abdullanoma» asarida yozishicha: «Uning davlati va xalofati zamonida Movarounnahr, ayniqsa, Buxoro viloyati gullab yashnadi». Ubaydullaxon o‘sha davrda o‘z mablag‘iga mashhur Mir Arab madrasasini qurdirdi. U 1539 yili vafot etgan bo‘lib, xoki shu madrasa xonalaridan biriga qo‘yilgan.
Ubaydullaxon ham o‘z davri hukmdorlaridan Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Bobur kabi muttasil ijod bilan shug‘ullanib «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», taxalluslarini qo‘llar edi. Ubaydiyning o‘zbek, fors va arab tilidagi she’rlaridan iborat uch devoni bir muqova ichiga joylashtirilgan. Bu uch tildagi devonning yagona qo‘lyozma nusxasi 1583 yilda Mir Husayn al-Husayniy tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, kotib uni «Kulliyot» deb atagan. Bu qo‘lyozma O’zFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
Ubaydiyning o‘zbek tilidagi devonida 306 g‘azal, 435 ruboiy, 25 qit’a, 13 tuyuq, shuningdek noma, muammo, masnaviy, hikmat, tarje’bandlaridan namunalar mavjud. Shoirning boy adabiy merosi hali mahsus o‘rganilmagan. Ubaydiy o‘zining o‘zbek tilidagi g‘azal va ruboiylari, qit’a va tuyuqlari bilan, hech shubhasiz, she’riy turlar taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Masalan, Ubaydiy asosan besh baytli g‘azallar bitgan; bu uning g‘azaliyotiga xos xususiyatlardan biri. Shoir asarlari ko‘proq an’anaviy mavzular — ishq va muhabbat, vafodorlik va do‘stlik, ayol go‘zalligi va oshiq sadoqati, saxovati talqinidan iborat. Biroq bu she’rlardagi badiiy ifodaning o‘ziga xosligi, shoir shaxsiyatining yuksak axloqiy fazilatlari bilan uniig go‘zal nafis dunyosi o‘rtasidagi uyg‘unlik har qadamda kitobxon diqqatini o‘ziga tortadi. O’zbek adabiyotida ishqiy she’rlar ko‘p. Lekin Ubaydiyning bu mavzudagi quyidagi satrlarini qaysi shoirning she’riga o‘xshatish mumkin?
Ko‘nglum bila dildorni men yod etadurmen,
Xotirni dog‘i yodi bila shod etadurmen.
Bedod etadur jonima dildor, netaykim,
Demas: «Nega bu xastag‘a bedod etadurmen!»
Ubaydiy she’riyatida o‘ziga xoslikka intilish ustun. Shoir she’riy uslubida soddalikka moyillik, o‘z fikrini mumkin qadar xalqchil bayon etishga urinish yorqin seziladi.
Ubaydiy hukmron sulola vakili bo‘lsa ham, uning hayot yo‘lini silliq, faqat zafarlardan iborat deb tasavvur etish to‘g‘ri emas. G’azallarining birida:
Bir lahza ko‘ngul o‘lmadi beg‘am zamonadin,
To‘ydi zamona mendinu men ham zamonadin, —
deb yozgan shoir doim feodal nizolarning, ichki ziddiyatlarning ichida yashagan, buning ko‘p jabrini ham tortgan. Bir g‘azalida shoir gadolig‘ni podsholikdan afzal ko‘rib, quyidagi baytni bitgan ekan, bunda katta hayotiy haqiqat va samimiyat bor:
Base farog‘ati bor, do‘stlar, gadolig‘ning,
Balou mehnati ko‘p asru podsholig‘ning.
Shuning uchun biz, Ubaydiyning o‘sha murakkabliklar va ziddiyatlarga to‘la davrdagi faoliyatida amaldorlik va hukmdorlikka nisbatan ma’naviy kamolotga, she’riyat va ijodga intilishi ustun bo‘lgan, deb xulosa chiqarsak, xato qilmaymiz. Masalan, Ubaydiyning o‘z yigitlarini bir tukeg‘ida bozordan yaxshi ot olish bilan cheklanmasdan, o‘zidan jamiyat tarixida yaxshi ot qoldirishga chaqirishida katta ma’no, axloqiy poklikka intilish belgilari yaqqol ko‘zga tashlanadi:
Ey yigitlar, yaxshi-yaxshi ot oling,
Yaxshi otlar birla yaxshi ot oling.
Ubaydiy ruboiylarida ham umuminsoniy muammolar o‘zining yorqin ifodasini topgan.
Adabiy merosiga bir yoqlama sinfiy munosabatda bo‘lish hozirga qadar Ubaydiy ijodini o‘rganishga imkon bermadi. Endi biz bu noyob she’riy iste’dod egasining uch tildagi asarlarini atroflicha va ixlos bilan o‘rganishga, targ‘ib etishga kirishmog‘imiz zarur.
Abduqodir HAYITMETOV,
filologiya fanlari doktori, professor
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.
Do'stlaringiz bilan baham: |