4.5. Mamlakatlarda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashning o‘ziga xos muammolari.
Mamlakatlarda tub o‘zgarishlar yuz bermoqda, shu munosabat bilan ayrim iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, islohotlarning dastlabki yillarida ishlab chiqarishning pasayish ko‘lamlari rasmiy statistikada oshirib ko‘rsatilgan, iqtisodiyotni sog‘lomlashtirishning intensivligi esa, aksincha, kamaytirib yuborilgan bo‘lishi mumkin. Ushbu fikr quyidagi mulohazalarga asoslangan.
Xususiy ishlab chiqarish hajmining pasaytirib ko‘rsatilishi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda ishlab chiqarishning real hajmini o‘lchash borasidagi eng muhim muammo shundan iboratki, bunda an’anaviy statistika iqtisodiyotda yuz berayotgan jadal o‘zgarishlarni qamrab olishga moslashmagan. Davlat korxonalarida sanoat ishlab chiqarishi kabi imtiyozli faoliyat turlarining nisbatan qisqarishi an’anaviy statistikada ilgari inkor etilgan sohalardagi, masalan, xususiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi o‘sish bilan kuzatiladi. Buning natijasida ko‘pincha xususiy sektorning o‘sish sur’atlari pasaytirib, umumiy iqtisodiy pasayish va turmush darajasining pasayishi ko‘lamlari oshirib ko‘rsatiladi. Xususiy sektorga doir ma’lumotlarni pasaytirib ko‘rsatishning muhimligini o‘tish iqtisodiyotiga ega bo‘lgan mamlakatlarda bandlikni batafsil tahlil qilish yordamida ko‘rsatib berish mumkin.
Mavjud statistika tizimlarining kamchiliklari. Kam sonli davlat savdo tashkilotlarining faoliyatini kuzatish uchun mo‘ljallangan an’anaviy statistika tizimlari, ayniqsa islohotlarning dastlabki bosqichida, mayda xususiy savdoning misli ko‘rilmagan darajada tez rivojlanishini qayd etishni uddalay olmadi.
Indekslar miqdorlarining og‘ishi. O‘tish davrida iqtisodiy faoliyatga doir ma’lumotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri pasaytirib ko‘rsatilishi bilan bir qatorda indekslarning miqdorlarini o‘lchash bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham mavjud. Ishlab chiqarish umumiy real hajmining indeksi ishlab chiqarishning turli jismoniy hajmlarini taqqoslashni talab qiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tovarlar narxlari tovarlar solishtirma qiymatining o‘lchovi hisoblanib, ular ishlab chiqarish hajmining indekslarini tuzish uchun foydalaniladi, biroq tovarlar va xizmatlar ayrim turlarining narxlari buzib ko‘rsatilishi mumkin, chunki, masalan, subsidiyalar elementiga ega bo‘lib, solishtirma xarajatlarni tovar (xizmat)ning qiymatiga muvofiq aks ettirmaydi.
Mahsulot assortiment iva sifatining o‘zgarishi. Katta miqdordagi tovarlar va xizmatlar qiymatini qay tarzda baholash, u yoki bu tovarlarni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishning to‘xtatilishini qay tarzda hisobga olish, shuningdek, ular sifatining keskin o‘zgarishlarini qanday baholash masalalari noaniqligicha qolmoqda. Shunga o‘xshash muammolar barcha mamlakatlarda mavjud bo‘lishiga qaramay, ular o‘tish davri sharoitida o‘ta keskin xususiyat kasb etadi, chunki o‘tish davrida yangi yuqori sifatli tovarlarning paydo bo‘lishi va taqchillikning barham topishi turmush darajasining oshganligini, asosiy fondlar uchun esa investitsiyalar samaradorligining oshganligini anglatadi. Bundan tashqari, narxlarning erkinlashtirilishidan oldin mahsulotning ayrim turlari talabning mavjud emasligi tufayli sotilmay qoldi, biroq ishlab chiqarish hajmining tarkibida hisobga olindi, narxlar erkinlashtirilganidan keyin ularni ishlab chiqarish to‘xtatildi va o‘lchanadigan mahsulot hajmi kamaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |