2.3. Makroiqtisodiy tahlilning amaliy ahamiyati, boshqaruv qarorlarini qabul qilishda iqtisodiy tahlil natijalarining o‘rni va ahmiyati.
Makroiqtisodiy tahlil davlat iqtisodiy siyosatining asosiga aylanib bormoqda. Iqtisodiy siyosat – davlat va jamoat institutlarining makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishga erishish maqsadida iqtisodiy jarayonlarga tuzatishlar kiritishga yo‘naltirilgan harakatlari tizimi. Ta’kidlash lozimki, huddi makroiqtisodiyot kabi, makrotahlil ham pozitiv va normativ tarkibiy qismlarni o‘zida mujassam etgan. Pozitiv tarkibiy qism «Nima sodir bo‘layapti?» degan savolga javob beradi va prognoz qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi (bunda muayyan faktlar, nisbatlar va raqamlardan foydalaniladi). Normativ tarkibiy qism «Qanaqa bo‘lishi kerak?» degan savolga javob beradi va iqtisodiy siyosat vositalarini ishlab chiqish orqali vaziyatni to‘g‘rilashga yordam beradi.
Ushbu ikkita tarkibiy qismning uyg‘unlashuvi siyosiy tizimdan qat’i nazar har qanday mamlakatning iqtisodiy ahvolini makroiqtisodiy tahlil qilishda namoyon bo‘ladi. Mamlakatlarning iqtisodiy siyosatidagi farqlar birinchi galda pozitiv va normativ tarkibiy qismlarning ulushi bilan belgilanadi. Davlat tomonidan tartibga solish tarafdorlarida normativ yondashuv yaqqol ifodalangan, liberallarda esa bilim orttirishga (pozitiv) yo‘naltirilganlik ustunlik qiladi, ular ko‘proq bozorning kuchiga ishonib, bozor erkinligini nazarda tutadi, quyidagi davlat tomonidan ta’sir etishning bilvosita, tuzatish kirituvchi vositalaridan foydalanishni afzal ko‘radi6:
• iqtisodiy vaziyatni monitoring qilish;
• iqtisodiyotda amal qiluvchi sababli-oqibatli mexanizmlarni tahlil qilish;
• moliyaviy oqimlarni tadqiq etish asosida iqtisodiyot sektorlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklarni o‘rganish;
• iqtisodiy siyosatni tadqiq etish va yangi iqtisodiy strategiya variantlarini ishlab chiqish (makroiqtisodiy tuzatishlar kiritish dasturlarini ishlab chiqish);
Ma’lumki, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash sharoitida bir qator institutsional tarkibiy o‘zgarishlarni, xususan, mavjud makroiqtisodiy imkoniyatlardan oqilona foydalanish, pul-kredit siyosati, byudjet-soliq siyosati hamda to‘lov balansini, real iqtisodiy sektor va makroiqtisodiy jarayonlarning prognozlash va boshqalarga bo‘lgan talabini chuqurroq o‘rganish, iqtisodiy tejamkorlikni kuchaytirish masalalarini ommaviy hal qilish lozim. Maqsadga erishish uchun avvalo, har bir sektor va bo‘lim faoliyatining atroflicha, chuqur tahliliga asoslanib, ichki imkoniyatlardan toboro unumliroq foydalanishga, kamroq xarajat qilib, yuqori natijalarga erishishga, ilg‘or tajribalarni joriy etishga, ilg‘orlarning tashabbuslarini ommalashtirishga alohida e’tibor berish, sifat ko‘rsatkichlarini muttasil yaxshilab borish kerak.
Bu makroiqtisodiy jarayonlarning ish sharoitini hisobga olib, iqtisodiy qonunlarning barcha talablari to‘liq bajarilishi ustidan nazoratni, shuningdek, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni izlab topib, ishga solishni aniqlashni taqozo qiladi. Bunda esa makroiqtisodiy tahlilning muhim ahamiyatini kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |