O’zbek xalqining badarg’a qilingan xalqlarga g’amxo’rligi. Stalin va uning atrofidagi yugurdaklari tomonidan urush yillarida ham kichik xalqlar, etnik guruhlarga nisbatan adolatsizlik qilindi. Urushning dastlabki yillaridayoq Volgabo’yi nemislari Avtonom respublikasi tugatildi. Uning 300 mingda ortiqroq aholisi, «bosqinchilar ulardan yordam olishi mumkin» degan gumon bilan yashab turgan joylaridan Sibir va Qozog’iston viloyatlariga ko’chirib yuborildi.
1943-yil oxiri, 1944-yil boshlarida qalmoqlar, qorachaylar, chechenlar, ingushlar, bolkarlar, 1944-yil iyunda qrim tatarlari, greklar, keyinroq mesxeti turklari yashab turgan joylaridan O’rta Osiyo va Sibirga badarg’a qilindi. Ular fashistlar bilan «hamkorlik» qilishda ayblanib, ommaviy qatag’on qilindi, yashirin va Shoshilinch ravishda ko’chirildi. Ko’pchilik odamlar, bolalar yo’lda halok bo’ldilar.
O’zbekistonga 175 mingdan ortiq chechenlar, 157 ming ingushlar, 150 mingdan ortiqroq qrim tatarlari, 4500 bolkarlar, o’n minglab mesxeti turklari, greklar ko’chirilib keltirildi. O’zbek xalqi ularni beg’araz kutib oldi, ta’na toshi otmadi, ularni joylashtirishga, oziq-ovqat bilan ta’minlashga ko’maklashdi. O’zbek xalqi urush yillarida Vatanidan badarg’a qilingan xalqlarga moddiy va ma’naviy madad berdi. Respublika mahalliy hokimiyati ularga hosildor yerlardan tomorqa yer, uy qurish va xo’jalik yuritish uchun kredit mablag’lari ajratdi. Ko’chirib keltirilganlar ming mashaqqatlar bilan yangi joylarga asta-sekin moslashdilar.
Stalincha milliy siyosat ko’plab xalqlarning milliy davlatchiligini buzdi, haq-huquqlarini paymol qildi. Eng dahshatlisi shundaki, butun-butun xalqlarning milliy madaniyati, qadriyatlari va an’analari oyoq osti qilindi. Zo’rovonlikning zararli oqibatlari uzoq yillar davomida to’la bartaraf etilganicha yo’q, to’la vaqti-vaqti bilan milliy nizolar, mojarolarning kelib chiqishiga sabab bo’lmoqda.
Urushning dastlabki kunlaridayoq G’arbiy chegaralardagi harbiy qo’shilmalar tarkibida xizmat qilayotgan o’zbekistonliklar fashist bosqinchilarga qarshi jangga kirdilar. Chegarada joylashgan Brest qal’asining 50 dan ortiqroq milllatga mansub jangchilari orasida o’zbeklardan Doniyor Abdullayev, Bobohalil Kashanov, Ahmad Aliyev, Nurum Siddiqov, Uzoq O’tayev va boshqalar bor edi. Ular qal’a himoyachilari bilan yelkama-yelka turib dushmanning katta kuchlariga qarshi qariyb bir oy davomida oxirgi tomchi qonlari qolguncha jang qildilar.
O’zbekistonlik jangchilar qatnashgan Brest, Smolensk, Kiyev, Odessa, Sevastopol va Leningradning qahramonona himoyasi fashistlar Germaniyasining «Yashindek tez urush» qilish rejasiga dastlabki zarba bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |