Savol va topshiriqlar
1. O’lka yer yuzasining o’ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat?
2. Zarafshon vodiysini o’rab olgan tog`larni yozuvsizxaritaga tushiring.
3. Asosiy qazilma boyliklarini yozuvsiz xaritaga tushirib, nomlarini yozib qo’ying.
20-§. Iqlimi va suvlari
Zarafshon tabiiy-geografik o`lkasi subtropik kengliklarda joylashgan bo`lib, quyosh uzoq vaqt isitib turadi. Shu sababli quyoshning yalpi radiatsiyasi bir sm2 yuzaga bir yilda 150 kilokaloriyani tashkil qiladi. Buning ustiga bulutsiz kunlar ko`p bo`lib, quyosh yiliga 3000 soatgacha yoritib turadi. Shu sababli yoz Zarafshon vodiysida juda issiq va quruq keladi, qish esa nisbatan iliq.
51- rasm. Zarafshon vodiysining yaxlit tabiiy-geografik kesimi.
Zarafshon vodiysining shimoli - sharqiy qismi tog`lar bilan o`ralganligi sababli shimoldan, shimoli-sharqdan kirib keladigan salqin havo massalari nisbatan kam ta'sir etadi. Aksincha, vodiyning g`arbiy qismi ochiq sovuq bo`lganidan shimoli-sharqdan esuvchi sovuq shamollar bemalol yetib keladi. Shu sababli vodiyning g`arbiy qismida sharqiga qaraganda qish sovuqroq bo`ladi. Agar vodiyning sharqida (Samarqandda) yanvarning o`rtacha harorati —0,5 °C bo`lsa, g`arbida (Shofirkonda) bu ko`rsatkich —1,5°C ni tashkil etadi. Aksincha, yozda vodiyning g`arbiy qismi issiq bo`lib, iyulning o`rtacha harorati Shofirkonda 29,1°C bo`lsa, sharqida — Samarqandda 26°C. Vodiyni o`rab turgan tog`larda qish nisbatan sovuq, yoz salqin bo`ladi. O`lkada yog`inlar hudud bo`yicha notekis taqsimlangan. G`arbida yiliga 114—177 mm, sharqida 300—350 mm, atrofidagi tog`larda (Omonqo`tonda) 881 mm gacha yog`in tushadi. Eng ko`p yog`in bahorda, eng kami yozda yog`adi. Qishda yog`in ko`proq qor tarzida yog`adi. Lekin qor qoplamining qalinligi o`lkada birday emas.
Suvlari. O`lkaning asosiy suv manbayi Zarafshon daryosidir. U Zarafshon muzligidan boshlanadi. Daryoning o`rta va quyi oqimi O`zbekistonga qaraydi. Bu qismda Zarafshon daryosi keng o`zanda sekin oqadi va Samarqand shahri yaqinida ikki tarmoqqa bo`linadi. Shimoliy tarmog`i Oqdaryo (uzunligi 131 km), janubiy tarmog`i Qoradaryo Xatirchi yaqinida qo`shilib, Miyonqal'a orolini hosil qiladi.
Zarafshon muz va qorlaming erishidan to`yinadi. Shu sababli uning to`lin suvli davri iyun-iyul oylariga, eng kam suvli davri qishga to`g`ri keladi. Zarafshon daryosi suvining bir qismi Eski Tuyatortar arig`i orqali Sangzor vodiysiga, Eskianhor arig`i orqali esa Qashqadaryo viloyatiga oqizilgan. Zarafshon daryosiga o`lka hududida hech qanday irmoq qo`shilmaydi, faqat atrofidagi tog`lardan boshlanuvchi 120 ga yaqin soy bor.
Zarafshon vodiysida yerosti suvlari ancha ko`p. Ular, asosan, Samarqand botig`i, Buxoro va Qorako`l vohalarida to`plangan. Yuza grunt (sizot) suvlar sho`r, ichish uchun yaroqsiz. 100—130 m chuqurlikda joylashgan antropogen yotqiziqlaridagi suvlar esa chuchukdir.
O`lkada yana katta chuqurlikdan chiquvchi artezian suvlar, jumladan, minerallashgan issiq suvlar ham bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |