Zarafshon tizmasi ham sharqdan g’arbga tomon 370 km ga cho’zilgan. Tizmaning sharqiy qismi, Fandaryoga qadar, kuchli kesilgan bo’lib, ba’zi cho’qqilari 4500-5000 m ga ko’tarilgan. Eng baland nuqtasi Chimtarg’a cho’qqisi (5494 m) hisoblanadi va u tizmaning markaziy qismida joylashgan. Mag’iyondaryodan g’arb tomonga qarab tizmaning balandligi pasayib boradi. Uning Chaqilkalon (2388m), Qoratepa (2209 m) nomli tarmoqlari mavjud. Ular Zarafshon va Qashqadaryo vodiylarini ajratib turadi. Qoratepa tizmasidan shimoli-g’arbda eng baland nuqtasi 1112 m bo’lgan Ziyoviddin-Zirabuloq tizmalari joylashgan.
Zarafshon tizmasidagi Takala (4537m) cho’qqisidan janubga tomon Hisor tizmasi boshlanadi. Bu tizma sharqdan g’arbga tomon 200 kmga cho’zilgan. Tizmaning sharqiy qismida ayrim cho’qqilarning balandligi 5000 m gacha boradi, uning g’arbiy qismidagi cho’qqilar 4500 m dan oshmaydi. Balandligi 3379 m bo’lgan Anzob dovoni shu tizmadan o’tadi.
Umuman olganda, Turkiston va Hisor tog’ tizmalarining sharqiy qismlari, Zarafshon tizmasining esa Fandaryo va Kishtutdaryo vodiylari oralig’idagi qismi juda balanddir. Yuqorida qayd etilganidek, Turkiston va Zarafshon tizmalarining ayrim cho’qqilari 5000 m dan ham baland, Hisor tizmasining ba’zi cho’qqilari esa deyarli 5000 m gacha etadi. Shuning uchun ham bu tizmalar va ularning cho’qqilari juda katta maydonlarda, uzoq vaqt davomida qor bilan qoplanib yotadi va muzliklarga juda boy.
Zarafshon daryosi yuqori qismida muzliklar harakati natijasida vujudga kelgan ancha keng (o’lchamlari 4-5 km atrofidagi) vodiyga ega. Bu erlarda Zarafshon daryosi o’z o’zanini chuqurlashtirib, terassalar va qayirlar hosil qilgan.
Zarafshon daryosining sharqiy tog’li qismida 6 ta terrasa bor. Shu tufayli daryo Panjikent shahrigacha bo’lgan 300 km masofada tor va chuqur vodiyda oqadi. Bu erlarda vodiyni shimol va janubdan chegaralab turuvchi Turkiston va Zarafshon tizmalari undan tik ko’tarilib turadi. G’arbga tomon, aniqrog’i Kishtutdaryoning Zarafshonga quyiladigan erida vodiy kengaya boradi. Daryo O’zbekiston hududiga o’tgach, bu jarayon yanada sezilarli kechadi. Zarafshoning o’rta va quyi oqimlarida vodiyning kengligi ayrim joylarda , jumladan, Buxoro vohasida 60-70 km gacha etadi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Zarafshon daryosi havzasini oqim hosil bo’lishi nuqtai-nazardan bir-biridan keskin farq qiladigan ikki qismga ajratish mumkin. Ularning birinchi, ya’ni tog’li yuqori qismida Zarafshon daryosi oqimining asosiy qismi shakllanadi. Havzaning ikkinchi, ya’ni quyi qismidagi daryolar va soylar oqimi past tog’lar yonbag’irlarida hosil bo’ladi. Ularning hissasi daryoning umumiy oqimida hal qiluvchi ahamiyatga ega ega emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |