Tuganmas xazina siri
Bir kuni bir qashshoq o‘tinchi yo‘lda ketayotib allaqanday eskirib ketgan kitobni sotmoqchi bo‘lib o‘tirgan tilanchini uchratib qolibdi. O‘tinchi uning oldida to‘xtab so‘rabdi:
- Bu qanday kitob?
- Bu xazina, - debdi gadoy.
- Xazina?! Unda nega uni sotmoqchisan?- so‘rabdi yana o‘tinchi.
- Chunki men qolganlar ham undan bahramand bo‘lishini xohlayman. Ushbu kitobni sotib olgan inson tez kunlarda boyib ketadi.
O‘tinchi qarz evaziga kitobni 100 tangaga sotib olibdi. Oddiygina eski kitobni katta pul evaziga sotib olganini eshitgan odamlar uning ustidan rosa kulishibdi. Ammo tez orada o‘tinchi tilanchi kampir aytganidek boyib ketibdi. Bu sirli voqea ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘yibdi. Ular orasida bir hammol yigit ham bor edi. U o‘tinchining boyib ketganini eshitib undan buning sirini bilish uchun uyiga boribdi. O‘tinchi:
- Meni o‘sha gadoy kampir bergan kitob boy qildi, - debdi.
Hammol yigit o‘tinchidan o‘sha kitobni unga sotishini iltimos qilibdi. Ammo o‘tinchi uni hech kimga sotmasligini aytibdi. Shundan keyin hammol o‘sha tilanchi kampirni izlab yo‘lga chiqibdi va uni yana o‘sha eski ko‘prik ustida qo‘lida kitob bilan uchratibdi. Tilanchidan kitobni unga sotishini so‘rabdi. Kampir kitob evaziga 100 tanga so‘rabdi. Yigit kitobni sotib olgach kampir ungga:
- Kitob juda ham qimmatbaho. Uni asrab-avaylasang u senga sirini ochadi,- debdi.
Hammol uyiga kelib kitobni eng chiroyli yostiqlar ustiga avaylab joylab qo‘yibdi. Kechalari o‘sha yostiq ustida uxlabdi. Erta-yu kech kitobni ko‘z qorachig‘idek asrab, unga sirini ochishini kutibdi. Kunlar ketidan oylar o‘tibdi. Ammo kitobdan sado chiqmabdi. Jahl otiga mingan hammol yigit o‘sha eski ko‘prik ustiga borib, gadoy kampirga qarata debdi:
- Sen meni aldading. Mana 3 oy o‘tdi hamki kitob menga hech qanday sir ochmadi. Men sen aytganingdek uni avayladim, hattoki kechalari u bilan birga uxladim. Ammo haligacha u menga boyish sirini ochmadiku!
Kampir astagina kulib so‘rabdi:
- Kitobni biror marta ochib o‘qib ko‘rdingmi?
- Yo‘q, - debdi hammol yigit. Kampir istehzo bilan:
- Ey, ahmoq bola, kitobni o‘qib chiq, - debdi.
Yigit uyiga borib kitobni o‘qiy boshlabdi. Kitobda mohir duradgorlik sirlari yozilgan ekan. Tez orada savdogar bu hunarga oid barcha sirlarni bilib olibdi va duradgorlik qilishni boshlabdi. Shundan keyin u ham o‘tinchidek boy badavlat bo‘lib ketibdi. U bilim naqadar ulkan xazina ekanligini va nihoyat tushunib yetibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |