7. Transport vositasi konstruksiyasining boshqa qismlari
7.1. Orqa tomonni ko‘rsatuvchi ko‘zgular soni, joylashuvi va turi belgilangan talablarga mos kelmasa, transport vositasining konstruksiyasida ko‘zda tutilgan oynalari bo‘lmasa.
7.2. Tovush ishorasi ishlamasa.
7.3. Haydovchining joyidan tevarak-atrof ko‘rinishini cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan va qoplamalar tushirilgan bo‘lsa.
Oldingi tahrirga qarang.
7.4. Barcha turdagi transport vositalari old, yon oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 70%dan kam bo‘lsa, avtomobil tomidagi lyuk oynasi, shuningdek, ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi asosida tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) avtotransport vositalarining oynalari bundan mustasno.
Izoh. III klass M3 toifadagi avtotransport vositalarining orqa va yon oynalariga pardalar, ikki yonga orqa tomonni ko‘rish uchun tashqi ko‘zgusi mavjud bo‘lgan barcha toifadagi avtotransport vositalari orqa oynalarining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirishga (qoraytirishga), shuningdek, ushbu orqa oynalarga parda (chiy parda, darparda) o‘rnatishga ruxsat beriladi.
(7.4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-avgustdagi 646-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.08.2019-y., 09/19/646/3508-son)
7.5. Konstruksiyasida ko‘zda tutilgan yukxona yoki kabina eshiklarining qulflari, yuk platformasi bortlarining yopqichlari, sisternalar og‘zining qulflari va yonilg‘i idishining qopqoqlari, haydovchi o‘rindig‘i holatini sozlovchi qurilma, avtobusda falokat yuz bergan vaqtida eshiklarni ochish moslamasi va to‘xtatish talabi ishorasi, avtobus salonini yoritish asboblari, falokat yuz bergan vaqtda chiqish joylari va ularni harakatga keltiruvchi moslamalari, eshiklarni ochish va yopish qurilmalari, spidometr, taxograf, oynalarni isituvchi va shamollatuvchi moslamalari va haydab olib qochishga qarshi moslamalari ishlamasa.
7.6. Spidometr qurilmasi nosoz va tamg‘alanmagan (shaxsiy transport vositalari, mototsikl va mopedlardan tashqari) bo‘lsa.
7.7. Transport vositasi konstruksiyasida ko‘zda tutilgan orqa himoya vositasi, loy to‘sgich va sachratmagichlar bo‘lmasa.
7.8. Ishlab chiqargan korxona tomonidan ko‘zda tutilmagan antenna, sirena, ratsiya, tovush chiqarish moslamalari, yoritqichlar va boshqalar belgilanmagan joyda va tegishli ruxsatsiz o‘rnatilsa.
7.9. Tirkama bo‘g‘imining tortish-tirkash yoki tayanch-tirkash moslamasi nosoz bo‘lsa hamda ko‘zda tutilgan ehtiyot po‘lat arqon (zanjir) bo‘lmasa yoki nosoz bo‘lsa. Mototsikl ramasi bilan yon kajava ramasi mahkamlangan joyda lyuft bo‘lsa.
7.10. Transport vositalari quyidagilar bilan jihozlanmagan bo‘lsa:
M2, M3 toifadagi — favqulodda holatlarda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha, tibbiyot qutichasi, 2 ta o‘t o‘chirgich (bittasi haydovchining kabinasida, ikkinchisi — yo‘lovchilar salonida), majburiy to‘xtaganini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet);
M1, N1, N2, N3 toifadagi, mikroavtobus va g‘ildirakli traktorlarda tibbiyot qutichasi, o‘t o‘chirgich, majburiy to‘xtaganligini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet);
M3, N2, N3 toifadagi — o‘zi yurib ketishidan saqlovchi, g‘ildirak diametriga muvofiq (kamida ikkita) tirgak;
O toifadagi, traktorlar, aravalar va boshqa o‘ziyurar mashinalarda — tashqi nur qaytargichlar;
kajavali mototsikllarda — tibbiyot qutichasi, majburiy to‘xtaganligini bildiruvchi belgi.
7.11. Ikki g‘ildirakli mototsikl konstruksiyasida ko‘zda tutilgan xavfsizlik yoyi (duga) bo‘lmasa.
7.12. Mototsikl va mopedlarda konstruksiyasida ko‘zda tutilgan oyoq tiragich, egarida yo‘lovchi uchun ko‘ndalang tutqich bo‘lmasa.
7.13. Konstruksiyasida ko‘zda tutilgan xavfsizlik kamarlari va o‘rindiqlarning bosh suyanchiqlari bo‘lmasa.
7.14. Xavfsizlik kamarlari ishlamasa yoki ko‘rinadigan uzuq-yuluq shikastlangan bo‘lsa.
7.15. Transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari yoki ularni o‘rnatish usuli belgilangan talablarga javob bermasa.
Transport vositasida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini ko‘rinishini cheklaydigan, to‘g‘ri aniqlanishiga xalaqit beradigan har-xil buyumlar o‘rnatilgan va qoplamalar bilan qoplangan bo‘lsa.
7.16. Yarim tirkamada tayanch moslamasi, tayanchlarni transport holatida qulflovchi moslama, tayanchlarni ko‘tarish va tushirish moslamasi bo‘lmasa yoki nosoz bo‘lsa.
7.17. Ehtiyot (zaxira) g‘ildirakni ushlab turgich, lebyodka va ehtiyot g‘ildirakni ko‘tarish — tushirish qurilmasi ishlamasa. Lebyodkaning xrapli qurilmasi barabanni mahkamlash kanati bilan qulflamayotgan bo‘lsa.
7.18. Dvigatel, uzatmalar qutisi, reduktorlar, orqa ko‘prik, ilashish (ssepleniye) tishlashish qurilmasi, akkumulyator batareyasi, sovutish va konditsioner tizimlari va transport vositasiga qo‘shimcha o‘rnatiladigan gidravlik qurilmalarning (moslamalarning) birikmalari va zichlagichlarining zichligi buzilgan bo‘lsa.
7.19. Gazli ta’minlash tizimi bilan jihozlangan avtobus va avtomobil gaz ballonlarining tashqi tomonida ko‘rsatilgan texnik ko‘rsatgichlar texnik pasportdagi ma’lumotlarga mos kelmasa, oxirgi va rejalashtirilayotgan tekshiruvlarning sanasi bo‘lmasa.
7.20. Transport vositalarining tashqi yuzasiga qonun hujjatlariga mos kelmaydigan, harakat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi turli xil tasvirlar tushirilgan, oynalariga (lyukdan tashqari) reklama chizilgan (qoplangan) bo‘lsa.
Ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan ko‘zda tutilmagan hollarda kuzov (kabina) bir necha xil rangga bo‘yalgan bo‘lsa (maxsus transport vositalari bundan mustasno).
7.21. Transport vositalari o‘zboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan bo‘lsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar bo‘lsa.
7.22. DYXXX organlarining ruxsatisiz transport vositalarining konstruksiyasiga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa.
Transport vositalariga boshqa turdagi bufyerlar, moldinglar, qoplamalar, g‘ildirak qopqoqlari va h. k. ni o‘rnatilishiga ruxsat etiladi.
Ushbu ilovada Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari bo‘yicha xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentida belgilangan avtotransport vositalarini tasnifi (klassifikatsiyasi) keltirilgan:
M toifasi — kamida to‘rt g‘ildirakka ega bo‘lgan va yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan mexanik transport vositalari, shu jumladan:
M1 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari.
M2 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t gacha bo‘lgan avtotransport vositalari.
M3 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t dan ko‘p bo‘lgan avtotransport vositalari.
M2 va M3 toifalardagi avtotransport vositalari quyidagi klasslarga mansub:
a) uch klassdan (I, II, III) bittasiga yoki bir nechtasiga;
v) ikki klassdan (A,V) bittasiga.
Klass I — yo‘lovchilar salonda bemalol yurishi maqsadida konstruksiyasida turib ketadigan yo‘lovchilar uchun joylar ko‘zda tutilgan avtotransport vositalari.
Klass II — konstruksiyasi asosan o‘tirib ketadigan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan va qatorlar orasida va (yoki) ikkita birlashgan o‘rindiq uchun ajratilgan joy chegarasidan chiqmasdan joylashib, turib ketadigan yo‘lovchilarni ham tashish ko‘zda tutilgan avtotransport vositalari.
Klass III — konstruksiyasi faqat o‘tirib ketadigan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari.
Klass A — turib ketadigan yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari; bu klassdagi transport vositalari o‘rindiqlar bilan jihozlangan va ularda turib ketadigan yo‘lovchilarni tashish ko‘zda tutilgan.
Klass V — turib ketadigan yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallanmagan avtotransport vositalari.
Mikroavtobuslar yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan, haydovchidan tashqari 16 gacha o‘tiradigan yo‘lovchi uchun joy bo‘lgan V klassdagi avtotransport vositasi.
N1 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari.
N2 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 12 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari.
N3 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 12 t dan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari.
O toifasi — tirkamalar (yarim tirkamalar ham).
O1 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan oshmaydigan tirkamalar.
O2 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan ortiq, lekin 3,5 t dan oshmaydigan tirkamalar.
O3 toifasi — eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 10 t dan oshmaydigan tirkamalar.
O4 toifasi — eng katta vazni 10 t dan ortiq bo‘lgan tirkamalar.
Yo‘l harakati qoidalariga
4-ILOVA
Do'stlaringiz bilan baham: |