Eslatma. Harbiy haydovchilarning yuk avtomobillarida odam tashishga yo`l qo`yish Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Odam tashish uchun mo`ljallangan yuk avtomobili yukxonasi bortining balandligidan 30 santimetr pastda joylashgan o`rindiqlar bilan jihozlanishi, ikki yon va orqa o`rindiqlar bortga mustahkamlangan bo`lishi kerak.
Suyanchiqlar yo`lovchilarga qulaylik yaratishdan tashqari, ularning xavfsizligini ham ta`minlaydi.
Tashiladigan odamlar soni jihozlangan o`rindiqdar sonidan oshmasligi kerak.
Keskin to`xtash va manyovrlar bajarishda yo`lovchi travma, tan jarohati olmasligi va harakatlanish davomida noqulayliklar sezmasligi uchun sayyoh avtobusi, shaharlararo qatnaydigan avtobus va odam tashiyotgan yuk avtomobillarida yo`lovchilar soni jihozlangan o`rindiqlar sonidan oshmasligi kerak.
Harakatni boshlashdan oldin haydovchi yo`lovchilarga avtomobilga chiqish, undan tushish va unga joylashish tartibi haqida tushuntirish berishi kerak.
Yo`lovchilarning xavfsizligi haydovchi tashishni qanday tashkil etganligiga ham bog`liq. Odam tashish uchun mo`ljallangan yuk avtomobillariga yo`lovchilarni chiqarish va tushirish, yo`l harakati xavfsizligiga asosan, transport vositasining orqa va trotuarga qaragan yon (bortlari) tomonidan tashkil etiladi. Haydovchi harakatni boshlashdan oldin yo`lovchilar xavfsiz tashish sharoiti bilan ta`minlanganligiga ishonch hosil qilishi kerak. Odam tashishga moslashtirilmagan yuk avtomobillarining yukxonasida faqat yukni olish uchun borayotgan yoki uni kuzatib borayotgan shaxslarning bo`lishiga yo`l qo`yiladi, bunda ular bortlardan pastda joylashgan o`rindiqlar bilan ta`minlanishlari kerak.
Yukni kuzatib borayotgan ekspeditor kuzatuvchi, harakat xavfsizligi talablariga asosan, o`z o`rindiqlarini yuk ortilgandan keyin yukxonaning orqa tomoniga joylashtirishlari kerak. Aks holda, keskin to`xtash natijasida oldinga suriladigan yuk kuzatuvchini kabinaga siqib qo`yishi mumkin.
Avtobuslarda yoki furgon yukxonali avtomobillarda bolalarni tashishda katta yoshli kuzatuvchi shaxs, bortli yuk avtomobilining kuzovida tashishda esa kamida ikki nafar katta yoshli kuzatib boruvchi shaxs bo`lishi shart. Bunday transport vositalarining oldi va orqa tomoniga «Bolalar guruhini tashish» taniqlik belgisi o`rnatilishi kerak. Ushbu talablarga qo`shimcha ravishda, bolalarni tashish uchun mo`ljallangan yuk avtomobillari bortining balandligi bir metrdan kam bo`lmasligi kerak. Yosh bolalar transport vositalari harakatlanishidagi xavfsizlikni to`liq anglay olmaydilar. Shu sababli bu masuliyat kuzatib boruvchilarga yuklatiladi. Haydovchi transport vositasi to`liq, to`xtagandan keyin odamlarni tushirishi va chiqarishi, eshiklar yopilgandan so`nggina harakatlanishni boshlashi va to`liq, to`xtamaguncha ularni ochmasligi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |