Davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar Transport vazirligi tomonidan Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida 10 ta loyihalarni amalga oshirilmoqda.
Avtomobil transporti sohasida Respublika viloyatlaridagi davlat ulushi bo‘lgan jami 13 ta avtostansiyalardan birinchi bosqichda 9 tasini hamda 7 ta(Qoraqalpog‘iston Respublikasi Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm, Namangan xamda Toshkent viloyatlaridagi)avtotransport korxonalarini davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga berish.
Aviatsiya sohasida Respublika hududiy aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik mexanizmi doirasida xalqaro talablar asosida boshqaruvga berish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.
Mazkur loyiha bo‘yicha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan respublika aeroportlarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha ishlari olib borilmoqda.
Yo‘l xo‘jaligi sohasida “Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish” loyihasi bo‘yicha Jahon banki ishtirokida “Price water House Coopers”(Polsha) va “Over Arup and Partners”(Buyuk Britaniya) konsalting kompaniyalari konsorsiumi tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqildi.
Xorijiy maslahatchilar tomonidan loyihani 3 ta bosqichda (lot) amalga oshirish taklif qilindi. Shu bilan birga “Qamchiq” dovonida yangi pullik tonnel qurish loyihasini ushbu loyiha doirasida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar va konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlashni yakunlash 2020 yil dekabr oyida rejalashtirilgan.
“Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish” loyihasi bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Spektrum” kompaniyasi(Rossiya) tomonidan loyihani moliyaviy va iqtisodiy jihatdan amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi va tegishli hisobotlar taqdim etildi.
Hozirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun tender e’lon qilingan. Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish joriy yil yakuniga qadar rejalashtirilgan.
“Taxtaqarachi pullik avtomobil yo‘lini qurish” loyihasi bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan grant mablag‘lari evaziga loyihaning dastlabki texnik iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun hamkorlik kelishuviga erishildi.
Joriy yil may oyida loyihaning pasport va annotatsiyalari o‘rnatilgan tartibda OTBga taqdim etildi. Bugungi kunda OTB tomonidan tegishli xulosalari taqdim etilishi kutilmoqda.
“Sirdaryo-Baxt pullik avtomobil yo‘lini qurish” loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihani “Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘li qurilishi” loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarida ko‘zda tutish hamda mazkur loyiha doirasida qurish taklif qilinmoqda.
Bugungi kunda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun tender e’lon qilingan. Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish joriy yil yakuniga qadar rejalashtirilgan.